O‘zbekiston | 19:18 / 22.06.2024
21649
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim vaziri OTMlardagi forma masalasiga munosabat bildirdi

Qo‘ng‘irotboy Sharipovning aytishicha, kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydi, lekin agar forma bo‘yicha talablar bo‘lmasa, “jamiyatda har xil kiyimdagi odamlar paydo bo‘ladi”, bu esa “har xil to‘qnashuvlar va ziddiyatlar”ga olib keladi. Shuningdek, vazir o‘zbek oliygohlari 2030 yilgacha top 500 talikka kira olishiga ishonch bildirdi.

21 iyun kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirdan keyin vazir jurnalistlar savollariga javob berdi.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov Kun.uz muxbirining savoliga javoban o‘zbek oliygohlari 2030 yilgacha dunyoning top-500talik OTMlari reytingiga kira olishiga ishonch bildirdi. Uning aytishicha, hozir Irrigatsiya instituti 550-o‘rinda turibdi.

“Albatta, hali oldimizdagi strategiyaga 3-4 yil bor, shu “temp”da davom ettirsa, nafaqat 500talikka, balki 300talikka ham kirishi mumkin. Buning uchun o‘z ustida doimiy ishlash kerak. Milliy universitet ham hozir 700-o‘rinda, unda ham bu imkoniyat bor”, – dedi oliy ta’lim vaziri.

Shuningdek, Sharipovga talabalar formasi haqidagi an’anaviy savol ham berildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, OTMlardagi kiyinish bo‘yicha talablar oliygohning “o‘z brendini yaratishi” bilan bog‘liq bo‘lib, vazirlik tomonidan OTMlarga kiyim borasida hech qanday topshiriq berilmagan.

“Hech kim tomonidan unaqa topshiriq bo‘lmagan. Lekin har bir oliy ta’lim muassasasi o‘zining brendini yaratishi kerak. “OTM yuqori malakali mutaxassis tayyorlayapti” degan brend, bu nafaqat o‘qituvchilarda, talabalarda ham ko‘rinishi kerak. Chunki OTM – bu madaniyat o‘chog‘i ham.

Har bir OTMda qabul qilingan tartib bor. Shu tartibga rioya qilsa, marhamat… U OTM bilan shartnoma qilyapti… Masalan, hozir siz yaxshi kiyinibsiz, mana shunday kiyinib yursa, nimasi yomon, kelaversin darsga, nega “galstuk taqqin” deyish kerak?” – ta’kidladi OTFIV rahbari.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov kiyim ta’lim sifatiga ta’sir qiladimi, deb savolga: “Albatta, ta’sir qilmaydi ”, deya javob berdi.

“Lekin bu – jamiyat. Unday bo‘lsa, jamiyatda har xil kiyimdagi odamlar paydo bo‘ladi. Bitta bizni aytyapsizlar... Hozir men boshqa nimaga tegsam, sizlar boshqacha talqin qilasizlar uni, shuning uchun buni bitta yo‘nalishga ko‘proq e’tibor berib, boshqa yo‘nalishga e’tibor bermasak, u ham yaxshi emas. Keyin har xil to‘qnashuvlar va ziddiyatlar paydo bo‘ladi”, – dedi u.

Vazirga: “O‘zbekistonda HEMIS tizimining qolib ketgan fanlarni kredit to‘lab yopish qismigina ishlaydimi, qachon O‘zbekiston talabalari ham boshqa xorijiy universitet talabalari kabi o‘zlari xohlagan fanlarni va o‘qituvchilarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi?” degan savol bilan murojaat qilindi.

Sharipov tizim xorijiy ekspertlar bilan ishlab chiqilgani, oldinda hali qilinadigan ishlar borligi va mavjud masalalar shu jarayonda hal qilinishini aytdi.

“HEMIS ustida ishlash jarayoni hali oxirigacha yetmagan. Bu bizning aybimiz demaymiz, bu – doimiy jarayonda. Oldimizda turgan masala – oliy ta’limni raqamlashtirishimiz kerak. Buning birinchisi bosqichi HEMIS bo‘lgan. Bu tizimda talabalar bilimini baholab borish uchun, ular uchun qo‘shimcha 40 ga yaqin xizmat bor (ma’lumotlar olish nuqtayi nazaridan). Shuning uchun hali oldinda qiladigan ishlarimiz bor”, – dedi oliy ta’lim tizmi rahbari.

Mavzuga oid