O‘zbekiston | 13:45 / 22.06.2024
13422
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bir guruh shaxslar fuqaroga o‘yinchoq to‘pponcha bilan tahdid qilib, jarohat yetkazdi

Gumonlanuvchilarning ikki nafari ushlangan. Qolgan ikki gumonlanuvchilarni ushlash choralari ko‘rilmoqda. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida aniqlangan to‘pponcha ko‘rinishidagi olov yondirgich ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha fuqarolar o‘zaro janjallashayotgani aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot taqdim etdi.

Joriy yilning 20 iyun tungi soat 00:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumanida 1998 yilda tug‘ilgan Sh.B., 2001 yilda tug‘ilgan A.K., 1991 yilda tug‘ilgan O‘.Z., 2002 yilda tug‘ilgan F.A. o‘zining tanishi, 1992 yilda tug‘ilgan J.R. bilan o‘zaro janjallashib ketishgan va J.R.ni qo‘l bilan urib tan jarohati yetkazishgan. 

Jabrlanuvchi "Bosh miya chayqalishi, bosh miya yumshoq to‘qimalari lat yeyishi" jarohati bilan xususiy tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan. Holatni yashirish maqsadida J.R. tibbiyot xodimlariga o‘zi yiqilib tushganini bildirib, IIOga murojaat qilmagan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi ("Bezorilik") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilar Sh.B. va A.K. protsessual tartibda ushlangan. Qolgan gumonlanuvchilarni ushlash choralari ko‘rilmoqda.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Sh.B.ning yonida aniqlangan to‘pponcha ko‘rinishidagi olov yondirgich ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Tergov davom etmoqda, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid