Sport | 20:27 / 24.06.2024
12653
7 daqiqa o‘qiladi

Italiya yoki Xorvatiya guruhda qolib ketishi mumkin: Yevroda 24 iyun kungi o‘yinlar

Albaniyani faqat Ispaniya bilan o‘yindagi mo‘jiza pley-offga yaqinlashtirishi mumkin.

Foto: Getty Images

Bugun, 24 iyun kuni B guruhida muhim o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Ispaniya allaqachon o‘zi uchun pley-off yo‘llanmasini hal qilgan. Italiya, Xorvatiya va Albaniya esa 1/8 final uchun kurashni davom ettiradi. Quyida 3-turda qaysi jamoaga qanday natija kerakligi ko‘rib chiqiladi.

Xorvatiya – Italiya. 00:00/ Zo'rTV

2022 yilgi jahon chempionatining bronza medallari sovrindorlari Yevroda muvaffaqiyatli ishtirok eta olmayapti. 1-turda Xorvatiya Ispaniyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi — 0:3, keyin esa Albaniya bilan o‘yinda 90+5-daqiqada g‘alaba boy berildi — 2:2. Bir ochko – Zlatko Dalich jamoasi ikki o‘yinda qo‘lga kiritishni ko‘zlagan ochko emas. Italiya esa birinchi o‘yinda Albaniyani taslim etgandi — 2:1, ammo keyin Ispaniyaga kuchi yetmadi — 0:1.

Pley-offga chiqish uchun Italiyaga nima kerak?

 

Italyanlar uchun barchasi oddiy: jamoani Xorvatiya bilan o‘yinda durang ham qoniqtiradi. Shunda ular Ispaniya – Albaniya uchrashuvi natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar guruhda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Italiya baribir ispanlarni quvib o‘ta olmaydi va albanlarni oldinga o‘tkazib yubormaydi (o‘zaro uchrashuvdagi g‘alaba evaziga).Italyanlar g‘alaba qozonsa ham ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oladi.

Ammo mag‘lubiyatga uchralgan taqdirda barchasi qiziq tus oladi. U holda Luchano Spalletti jamoasi Xorvatiyani oldinga o‘tkazib yuboradi va uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Bunday ssenariyda 1/8 final yo‘llanmasi boshqa guruhlardagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi. Pley-offga olti guruhdagi uchinchi o‘rin egalaridan nisbatan yaxshiroq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan to‘rt jamoa ham chiqadi. Ammo uch ochko har doim ham pley-off yo‘llanmasini kafolatlay olmaydi. Qolaversa, Football Meets Data hisob-kitoblariga ko‘ra, V guruhining uchinchi jamoasi keyingi bosqichiga chiqishi ehtimoli – 36 foizga baholangan (barcha guruhlar orasida eng yomoni).

Agar Italiya Xorvatiyaga yutqazsa va Albaniya kutilmaganda Ispaniyani mag‘lub etsa, Yevropaning amaldagi chempionlari pley-offsiz qolishi 100 foizga aniq bo‘ladi.

Pley-offga chiqish uchun Xorvatiyaga nima kerak?

Xorvatiyani faqat g‘alaba qutqaradi. Shunda Zlatko Dalich jamoasi ochkolari sonini to‘rttaga yetkazib, Italiyani quvib o‘tadi va Albaniya Ispaniyani yenggan taqdirda ham kamida uchinchi o‘rinda bo‘ladi. Agar Albaniya Ispaniyani yenga olmasa, xorvatlar ikkinchi pog‘onaga joylashadi. Agar Xorvatiya ham, albanlar ham g‘alabaga erishsa, ikkinchi o‘rin taqdirini to‘plar nisbati hal qiladi. Hozircha bu ko‘rsatkich Albaniyada yaxshiroq:  xorvatlardagi «-3» (2:5) ga qarshi «-1» (3:4).

Agar Zlatko Dalich jamoasi Italiya bilan durang o‘ynasa, katta ehtimol bilan pley-offdan umid uzadi. Hali Yevro tarixida biror jamoa ikki ochko bilan ham guruhdan chiqishi kuzatilmagan. Mag‘lubiyat, tabiiyki, Xorvatiyani so‘nggi o‘rinda qoldiradi.

Albaniya — Ispaniya: 00:00 / Zo'rTV (yozib olingan holda)

Ispaniya pley-off masalasini hal qilgan. Dastlabki turlarda Xorvatiya (3:0) va Italiya (1:0) ustidan g‘alaba qozongan Luis de la Fuente jamoasi birinchi o‘rinni ham kafolatlagan. Shunday ekan, 3-turda ispanlar aralash tarkibda o‘ynashi kutilmoqda. Rodri diskvalifikatsiya tufayli bu o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, murabbiy sariq kartochkasi bor Karvahal va Le Normanni ayashga harakat qilib, o‘ynatmasligi mumkin.

Albaniya esa turnirdagi eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishi talab etiladi. Silvinio jamoasi oldingi o‘yinlarda ham yomon harakat qilmadi: jamoa Italiyaga ham, Xorvatiyaga ham birinchi bo‘lib gol urdi. Ammo ikki holatda ham ochko yo‘qotdi. Italiya yakunda vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi (1:2), xorvatlar bilan esa durang o‘ynaldi (2:2).

Ispanlar zaxira tarkibini o‘ynatgan taqdirda ham, g‘alaba qozonish uchun albanlarga mo‘jiza kerak bo‘ladi. Buni bosh murabbiy Silvinio ham aytib o‘tdi: «Ispaniyaning ikkinchi jamoasi ham Yevro finalida o‘ynab, unda g‘alaba qozonishi mumkin. Biz qilmoqchi bo‘lgan ishimizga butun diqqatimizni qaratishimiz kerak bo‘ladi. Ispaniyada variantlar ko‘p. Uning o‘yinchilari ishtiyoq bilan tushadi, ular o‘z o‘yinini ko‘rsatishadi. Bizga ham mo‘jiza ko‘rsatish uchun motivatsiya kerak».

Pley-offga chiqish uchun Albaniyaga nima kerak?

Albanlar uchun g‘alaba hayot-mamot masalasi. Shunda Silvinio shogirdlari hisobidagi ochkolar soni to‘rttaga yetadi va jamoa kamida uchinchi o‘rinni egallaydi. Italiya mag‘lubiyatga uchrab, Xorvatiya g‘alaba qozongan taqdirda esa ikkinchi o‘ringa ko‘tarilish va pley-offga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish imkoniyati ham bo‘ladi. Ammo buning uchun albanlarda to‘plar nisbati xorvatiyaliklarnikidan yaxshiroq bo‘lishi kerak. Ochkolar teng kelgan holatda birinchi navbatda o‘zaro uchrashuv natijasiga qaraladi (Albaniya va Xorvatiya durang o‘ynagan), keyin esa – urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbati inobatga olinadi. Albanlarda hozircha bu yaxshiroq («-1», xorvatlarda «-3»).

Agar Albaniya g‘alaba qozonsa, Italiya esa Xorvatiya bilan o‘yinda hech bo‘lmaganda bir ochko olsa, Silvinio jamoasi uchinchi pog‘onani egallashi aniq bo‘ladi. Ispaniya bilan o‘yindagi durang albanlarni qoniqtirmaydi. Bu ssenariyda ham, parallel uchrashuvda Italiya Xorvatiyani yengsa, Albaniya uchinchi o‘rinda bo‘ladi. Ammo ikki ochko bilan pley-offga chiqib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid