O‘zbekiston | 07:22 / 24.06.2024
9561
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston chiqindi gazlarni kamaytirgani uchun Jahon bankidan to‘lov qabul qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi

Energetika sektorida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida erishgan natijalari evaziga O‘zbekiston Jahon bankidan to‘lov qabul qilgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi.

Foto: Flickr

Bu Jahon bankining mamlakatga energiya samaradorligini oshirish, energiya subsidiyalarini qisqartirish va toza energiya manbalariga o‘tishga ko‘maklashuvchi “O‘zbekistonda energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi doirasida amalga oshirildi. Ushbu turdagi loyiha bank tomonidan dunyoda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida 500 ming tonnalik issiqxona gazlari emissiyasi muvaffaqiyatli kamaytirilgani natijasida Jahon bankining Transformatsion uglerod aktivlari jamg‘armasi (TCAF) O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalarni uchinchi tomon mustaqil ravishda tasdiqladi.

Yuqorida keltirilgan to‘lov O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasida iCRAFT loyihasi doirasida tuzilgan Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi bo‘yicha kutilayotgan bir nechta transhlarning birinchisidir.

Bitimga ko‘ra, mamlakat energetika sektorini isloh qilish natijasida emissiyalarni, mustaqil ravishda tasdiqlangan holda, qisqartirgani uchun 20 million dollargacha grant mablag‘lari yoki “uglerod moliyalarini” olishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid