Jahon | 17:27 / 26.06.2024
7557
13 daqiqa o‘qiladi

“KXShTdan chiqish uchun bahona” - ekspertlar Armanistonning Belarusga e’tirozlari haqida

Politico nashri 2018-2022 yillarda Belarus Ozarboyjonga ilg‘or qurol-yarog‘larni yetkazib berganini ma’lum qilishi ortidan, Armaniston Belarusdagi elchisini chaqirib oldi. Bosh vazir Nikol Pashinyan Aleksandr Lukashenko rahbarligi davrida o‘zi ham, Armanistonning boshqa birorta rasmiy vakili ham Belarusga bormasligini aytdi.

“Geosiyosat” mavzuning muhim nuqtalari haqida so‘z yuritish uchun siyosatshunoslar Oybek Sirojov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.

— Belarus va Ozarboyjon o‘rtasidagi qurol savdosi bo‘yicha qanday kelishuvlar bor?

Oybek Sirojov: — Janubiy Kavkazda urush holatlari tugaganiga 2 yildan oshyapti, 2022 yilda chegarada nizo bo‘lgandi oxirgi marta. Nega aynan 14 iyunda Politico nashrida chop etilgan ma’lumotlardan keyin Armaniston munosabati keskin o‘zgardi, degan masala bor. Bu yerda 2 ta muhim jihat bor.

Birinchisi, jahonda kechayotgan geosiyosiy jarayonlar. Rossiya o‘z ittifoqchilarini izlayapti, G‘arbda ham Rossiyani tiyib turish uchun imkoniyatlarni ishga solishga ehtiyoj ortyapti. Kavkazdagi har qanday jarayonga Rossiya befarq bo‘lolmaydi. G‘arb esa u yerda ikkinchi frontni shakllantirishdan manfaatdor. Pashinyan esa shu vaziyatdan foydalanmoqchi. Fransiyaning Armaniston bilan hamkorligi kuchayyapti, zirhli texnikalar berdi, zarur bo‘lsa harbiylarni kiritish haqida ham gaplar bo‘ldi.

Armaniston va Belarus o‘rtasidagi qurol oldi-sotdisi 2000 yillarga borib taqaladi, bu mamlakatlar o‘sha paytdan beri hamkorlik qiladi bu borada. BMTning qurollar bo‘yicha reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2002-2012 yillar davomida Ozarboyjon 153 ta T-72 tank, 11 ta S-25 samolyoti olgan; boshqa artilleriya snaryadlari, qurollari ham olgan.

Umuman, bu harbiy-texnikaviy hamkorlik 3 ta yo‘nalishda bo‘lgan: artilleriya texnikalari, havo hujumidan mudofaa tizimi, havo hujumidan mudofaa tizimi uskunalari.

Demak, harbiy hamkorlik Politico nashri ma’lumotida keltirilgan 2020-2022 yildan oldin ham bo‘lgan. Bunday savdolar bo‘lishiga sabab, SSSR tarqagach, Qorabog‘ Armanistonga o‘tib ketgan edi, Ozarboyjon esa strategik maqsad sifatida Qorabog‘ni qaytarish uchun harbiy salohiyatini kuchaytirish strategiyasini ishlab chiqdi. Shu orada Turkiya bilan yaqinlashdi, Belarus bilan ham hamkorlik qildi. Shu jihatlar ikki davlat o‘rtasidagi harbiy soha munosabatlarni rivojlantirishga turtki bo‘ldi, deyish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — 2002-2012 yillarda Ozarboyjon Belarusdan yarim mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotib olgan. Armaniston bu hamkorlikni oldindan yaxshi bilgan, bu ular uchun yangilik emas.

KXShT – harbiy blok, unga Rossiya, Armaniston, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston a’zo. Harbiy blok qoidasiga ko‘ra, ulardan birortasiga hujum bo‘lsa, bu hujumga birgalikda javob berilishi kerak. 2020 yilgi 40 kunlik urushda Armaniston tashkilotdan o‘zini himoya qilib, Ozarboyjonga javob qaytarishni kutgandi, ammo unday bo‘lmadi. Ekspertlar yillar davomida KXShTni o‘lik tashkilot deb keladi, ichkarisida fundamental ziddiyatlari bor.

Qorabog‘ – xalqaro qonunchilikka ko‘ra, rasman Ozarboyjonga tegishli. Armaniston ikkinchi Isroil bo‘lmoqchi edi, lekin unda katta iqtisodiy, demografik resurslar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Ozarboyjon esa iqtisodiy va aholi jihatdan Armanistondan bir necha barobar boy. Ozarboyjonda kapital bor edi, Belarusning maqsadi esa pul ishlash va katta mablag‘ hisobiga qurol-yarog‘ sotib keldi.

Armanistonda Rossiya bergan qurollar bilan Ozarboyjonni yenga olamiz degan tafakkur bor edi. Ammo Ozarboyjon bu harbiy operatsiyaga bir necha yillar puxta tayyorlandi. 2020 yilda aholiga minimal zarar yetkazgan harbiy operatsiyani amalga oshirdi va Qorabog‘ni qaytarib oldi.

Kavkaz geostrategiyasi keyingi davrda 180 gradusga o‘zgardi. Saakashvili davrida Gruziya G‘arbga yo‘nalish olgandi. Bugungi hukmron partiya esa Rossiyaga yuzlandi. Armanlar ham oxirgi ikki asrda Rossiyaga yuzlangan, Turkistonni bosib olishda ham qatnashgan ular. Qorabog‘ olingach esa, Armaniston G‘arbga yuzlanyapti, Rossiyadan strategik arazladi deyish mumkin. Yaqin o‘rtada Rossiyaga qayta yuzlanish ehtimoli kam.

Oybek Sirojov: — 90-yillarda Qorabog‘ning Armanistonga o‘tishida ham Rossiyaning ta’siri katta edi. 2020 yilgacha Rossiya ta’sirida bu masalaga ko‘z yumilgan. Armaniston ham ayni shu muddao bilan, ya’ni Rossiyaga yaqin bo‘lsak, Qorabog‘ bizniki bo‘ladi degan g‘oyada bo‘ldi. Qorabog‘ Ozarboyjonga o‘tgach, Armaniston Rossiyadan arazladi va ularning nazdida Armanistonni Rossiya bilan bog‘laydigan muhim geostrategik asosga darz ketdi.

2020 yilda Armaniston Rossiyadan yordam so‘radi. Lekin Putin agar Armanistonning milliy chegarasiga kirishsa, yordam beramiz, dedi. Ya’ni xalqaro huquq nuqtayi nazardan yondashildi: Qorabog‘ – Ozarboyjonniki.

— Ozarboyjon qurolli kuchlari uchun Belarusning Groza-S mobil jangovar stansiyalarini sotib olish bo‘yicha ham shartnoma bo‘lgan ekan. Shunga ham to‘xtalsak.

Oybek Sirojov: — Bu bo‘yicha izlanish olib borgan surishiruvchilar Groza-S mobil qurilmasi berilganini aytgan. Bu harbiy stansiya dronlarni, havo hududini nazorat qilish uchun ishlatiladi. Artilleriyani modernizatsiya qilish uchun ham qurollar berilgani aytilgan.

Armaniston bunga urg‘u berganiga sabab, o‘sha 40 kunlik urushda Ozarboyjonning katta yutug‘i havo hujumini oqilona tashkil etgani bo‘lgan. Bunda ayg‘oqchi qurilmalar muhim rol o‘ynagan.

— Moskva bundan qanchalik xabardor va ularning pozitsiyasi qanday bo‘ladi?

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya barchasidan boxabar bo‘lgan. Kavkaz atrofidagi geosiyosiy vaziyat 2020 yillarda to‘liq o‘zgardi. Rossiya oldida murakkab dilemma paydo bo‘ldi: Armanistonni tanlash yoki Kavkaz yo‘llarining ochilishi uchun Qorabog‘ masalasiga aralashmaslik. Qorabog‘ o‘z davlatiga qaytarilib, barqarorlik bo‘lsa, yo‘l ochiladi u yerda, bundan Xitoy ham manfaatdor. Bir tomonda Turkiya va boshqa turkiy davlatlar ham bor. Turkiya ba’zi masalalarda Rossiyaning muhim hamkorlaridan. Chunki Turkiya Erdo‘g‘an davrida G‘arbdan uzoqlashib mustaqil o‘yinchiga aylandi, Rossiya esa buni qadrlaydi. Shu fonda Armanistonni tanlasa, turkiy davlatlar bilan, Xitoy bilan munosabatlar chigallashardi. Bu masalada turkiy davlatlar o‘z vaznini ko‘rsatdi. Shu sababli Putin bu masalada Armanistonni qo‘llamadi.

Qolaversa, 90-yillar boshida Ozarboyjon AQShga yuzlangandi, lekin keyingi yillarda Ilhom Aliyev ko‘p vektorli siyosat olib boryapti. Hatto oxirgi vaqtlarda Ozarboyjon geosiyosiy, harbiy masalalarda neytral qolib, Qo‘shilmaslik harakatining yirik namoyandalaridan biriga aylandi. O‘zbekistonga ham shunday bo‘lishni maslahat berdi Ozarboyjon. Ozarboyjonning bugungi harakati Rossiya uchun qulayroq, Kavkazga kollektiv G‘arbni kiritmaslik uchun Rossiya uni qo‘llaydi. Arazlagan Pashinyan esa Fransiyaga, kollektiv G‘arbga talpinyapti, lekin mintaqa davlatlari buni qabul qilmaydi. Bu narsa Rossiyaga xam, Xitoyga ham, Eronga ham, NATO a’zosi bo‘lgan Turkiyaga ham kerakmas. Turkiya o‘zining Kavkazdagi individual ta’sirini ushlab turish uchun boshqa kuchlarni kiritmasligi kerak, shu sabab Armanistonning intilishlarini qo‘llamaydi.

Oybek Sirojov: — Moskva bundan xabardor bo‘lgan. Bir tomondan yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Belarusning iqtisodiy rivojlanishi muhim. Belarus qurollari sovet davridan qolgan yoki shu turdagi qurollar, shu tomondan ham Rossiya manfaatdor, chunki Belarus sotmasa, G‘arbdan olishi mumkin Ozarboyjon.

Bundan tashqari, Rossiya Kavkazda yaqin ittifoqchi sifatida Ozarboyjonni ko‘rib, bu masalaga ko‘z yumdi. Armaniston 2020 yildan beri Rossiyadan uzoqlashish tendensiyasida. O‘tgan yili KXShT harbiy mashg‘ulotlariga qo‘shilmadi, keyin NATO mashg‘ulotlariga qo‘shildi. 14 iyunda Politico nashridagi maqola esa Pashinyan qo‘lga keldi, Belarusni ayblashga harakat qilyapti.

— G‘arbdan Armanistonni haqiqatan ham amalda qo‘llaydigan davlatlar bormi o‘zi?

Oybek Sirojov: — Avvalo, Armaniston hali Rossiya orbitasidan chiqib ketoladimi, degan masala bor. Chunki Rossiya bilan bog‘lovchi omillar ko‘p hali. Birinchisi, energetik bog‘liqlik, Armaniston 80 foizga yaqin neft-gazni arzon narxda Rossiyadan oladi. Ikkinchidan, Armaniston siyosiy elitasining Moskva bilan bog‘liqligi kuchli, bu bog‘liqlik tarixan shakllangan. Uchinchisi, migratsiya masalasi, ko‘p armanlar Rossiyada ishlaydi. G‘arbda shu omillarga muqobil bo‘ladigan davlatlar yo‘q, deb o‘ylayman. G‘arb, AQSh Armaniston uchun mablag‘ sarflashga, yuqoridagi muammolarni bartaraf etishga moyil emas, muammolari yetarli. Shu sabab Armanistonning Rossiya orbitasidan chiqib ketishi qiyin.

— Armanistonning KXShTdan chiqish ehtimoli va uning ortida yotgan sabablarni tahlil qilishda, ushbu qurol savdosi qanday rol o‘ynadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Ozarboyjon va Belarus o‘rtasidagi qurol-yarog‘ bo‘yicha hamkorlikni Armaniston faqatgina KXShTdan chiqishni legitimlashtirish, bahona sifatida ishlatishi mumkin. Pashinyan Rossiya bilan savdolashyapti deb o‘ylamayman, Rossiyadan qattiq xafa. Armaniston – eng kichik davlatlardan biri possovet hududida, iqtisodiy bog‘liqligi 90 foiz deyish mumkin Rossiyaga, uning o‘rnini bosadigan davlat esa yo‘q.

O‘tgan yili Turkiya Respublikasining 100 yillik tadbirlariga Pashinyan ham taklif qilingandi. Shunda Erdo‘g‘an u bilan alohida gaplashib, Qorabog‘ asli sizniki emasdi, bo‘lar ish bo‘ldi, endi mintaqa davlatlari bilan yaqinlashing, hech kim armanlarga tegmaydi, repressiya qilmaydi, degan gapni aytdi. Pashinyan buni tushungandek ham, bir necha bor mintaqa davlatlari bilan yaqinlashish kerak, dedi. Yaqinlashmasa, uzoqdagi kuchlar bu mojarodan faqat o‘z manfaati uchun foydalanadi. Ozarboyjon bilan yaqinlashsa, o‘z-o‘zidan turkiy davlatlar, musulmon davlatlari bilan yaqinlashadi. Qorabog‘ sababli Armaniston bilan diplomatik aloqa o‘rnatmagan turkiy va musulmon davlatlari ko‘p.

Umuman, bu vaziyatda asosiy xafagarchilik Rossiya bilan. Lekin aytganimizdek, Rossiya bitta Armaniston uchun boshqa davlatlar bilan aloqalarni chigallashtirishi manfaatlariga to‘g‘ri kelmasdi.

— Bu mojaro Kavkazni yana to‘lqinlantiradimi?

Oybek Sirojov: — Bu endi Rasmiy Yerevanning keyingi siyosati bilan bog‘liq. Oldida ikkita yo‘l bor: G‘arb, Fransiya bilan yaqinlashib, eskalatsiyani kuchaytirish, yoki mintaqa va turkiy, musulmon davlatlar bilan yaqinlashish. Ikkinchi yo‘l bilan Rossiyaga bo‘lgan bog‘liqligini xam yillar davomida qisqartirishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari bu yerda tezroq tinchlik shartnomasi imzolanishidan manfaatdor. Bu turkiy davlatlarni bog‘lovchi Zangezur koridori ishga tushishini xizmat qiladi. Lekin Zangezur koridori ishga tushishidan Rossiya, Eron manfaatdor emas. Shu nuqtayi nazardan Armaniston mintaqa va turkiy davlatlar bilan yaqinlashsa, bizning manfaatlarga ham to‘g‘ri keladi. Agar Armaniston shu yo‘lni tanlasa, Turkiya ham, boshqa turkiy davlatlar ham tayyor bunga.

Tinchlik shartnomasi imzolansa, turkiy davlatlarning Armaniston bilan savdo, iqtisodiy, energetika sohalarida hamkorlik qilish imkoniyatlari bor. Rossiyaga muqobil tarzda Ozarboyjon, Qozog‘iston, Turkmaniston Armanistonga neft-gaz yetkazib berish imkoniyatiga ega.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid