Sport | 08:34 / 27.06.2024
33600
12 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan to‘purar, kartochkalar bo‘yicha rekord va norozi Ronaldu. Yevroda kun o‘yinlari yakunlari

Ronaldu yana gol urolmadi va sariq kartochka oldi.

Foto: Getty Images

Yevro-2024 turnirida guruh bosqichi poyoniga yetdi. So‘nggi kun kutilganidek voqealarga boy kechdi. Quyida an’anaviy dayjestda kunning asosiy voqealari keltirib o‘tiladi.

Yevro-2024. E guruhi. 3-tur

Slovakiya va Ruminiyada kutilgan durang

Slovakiya – Ruminiya 1:1
Gollar:
1:0 – 24 Duda, 1:1 – 37, penalti Marin.
Slovakiya – Dubravka, Pekarik, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska, Lobotka, Duda, Garaslin (Suslov, 70), Shrans (Dyurish, 78), Strelets (Bojyenik, 70).
Ruminiya – Nitse, Ratsiu, Burke, Dregushin, Banku, Xadji (Man, 66), Stanchu, Marin (Rus, 86), Marin, Dregush (Pushkash, 67), Koman (Soresku, 58).
Ogohlantirishlar: Burke (45+1), Banku (45+3), Pushkash (88).

Bu jamoalarning ikkisini ham pley-offga chiqish uchun durang hisob qoniqtirardi. Amalda ham ular shunday hisobni qayd etishdi. Lekin o‘yin kurashlarga boy kechdi. 24-daqiqada Ondrey Duda slovaklarni hisobda oldinga olib chiqdi, javob goli esa 13 daqiqa o‘tib urildi. Va bu gol ancha g‘alati tarzda urildi. Ko‘pchilik ruminlar nima uchun penalti tepish imkoniyatini qo‘lga kiritganini tushunmadi.

Arbitr Daniel Zibertning qarori bahsli edi: David Xanskoning Yanis Xajiga ishlatgan foli jarima maydoni tashqarisida amalga oshirilgandek ko‘rindi.

Afsonaviy futbolchining o‘g‘lining yiqilishi ham shubhali edi.

Lekin nima bo‘lganda ham Rezvan Marin penaltini aniq ijro etdi, bu ruminlarning hozirgi Yevrodagi to‘rtinchi goli bo‘ldi — ular yirik turnirlarda bundan ko‘proq golni faqat 1994 yilgi mundialda urishgan. O‘shanda jamoa chorak finalga qadar yetib borib, turnir davomida jami beshta gol urishgandi.

Ikkinchi bo‘limda ham jamoalar durang hisobni asrash haqida o‘ylashmadi. Ayniqsa slovaklar ko‘proq hujum uyushtirdi va ko‘plab xavfli vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi, 90 daqiqa davomida jami 13 bor zarba berishdi. Lekin o‘yin oxirlariga borib ikki jamoa ham o‘ziga ma’qul natijaga rozi bo‘ldi va ortiqcha tavakkalchilikka yo‘l qo‘ymadi. Ruminiya o‘z tarixida ilk bor Yevro pley-offiga birinchi o‘rin bilan chiqdi va endi keyingi bosqichda Niderlandiya bilan uchrashadi. Slovakiya to‘plagan to‘rt ochko esa faqat uchinchi o‘rinni egallashga imkon berdi — ularning keyingi raqibi Angliya bo‘ladi.

Ukraina — Belgiya: kam kuzatiladigan vaziyat

Ukraina – Belgiya 0:0
Ukraina – Trubin, Timchik, Svatok (Yarmolenko, 81), Matviyenko, Zabarniy, Mikolenko (Zinchenko, 58), Shaparenko (Vanat, 70), Sudakov, Brajko (Stepanenko, 70), Yaremchuk (Malinovskiy, 70), Dovbik.
Belgiya – Kastels, Kastan, Vertongen, Fas, Teate, de Bryuyne, Tilemans (Mangalya, 62), Onana, Trossard (Karrasko, 62), Doku (Bakayoko, 77), Lukaku.

E guruhida shunday vaziyat yuzaga kelgandiki, so‘nggi tur arafasida uchta jamoani ham durang natija qoniqtirar, faqat Ukraina g‘alaba uchun o‘ynashga majbur edi. Belgiyaliklar esa o‘yinni maksimal darajada ehtiyotkorlik bilan olib borishdi. Ushbu yulduzli jamoa birinchi bo‘lim davomida to‘pga egalik qilganiga qaramay, faqat uch bor zarba berdi va shundan faqat bittasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Ukraina esa raqib darvozasi atrofida faolroq bo‘ldi — nima bo‘lganda ham ulardan gol urish talab etilardi.

Final hushtagi chalinishiga oz vaqt qolgani sayin ukrainlar to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishdi, belgiyaliklar esa yanada sekinlashdi va umuman hujum qilishga harakat qilmadi. Ayrim vaziyatlarda to‘pni burchak bayroqchasi oldida ushlab, vaqt cho‘zishdi: E guruhi favoritlaridan hech kim pley-off yo‘llanmasini saqlab qolish uchun bunday yo‘l tutishini kutmagani aniq.

Sariq-ko‘klar jamoasi o‘yin oxirlarida yanada hujumkor sxemaga o‘tishdi va bir necha xavfli epizodlar yaratishdi: Ruslan Malinovskiy ikki marta uzoq masofadan yaxshi zarba yo‘lladi, ukrainlarning yana bir necha urinishlari jarima maydoni ichiga tig‘iz joylashgan raqib tomonidan to‘sildi. Yakunda Ukraina Yevropa chempionatida 24 jamoa ishtirokidagi formatda to‘rt ochko bilan ham pley-offga chiqa olmagan ilk jamoa bo‘ldi. Belgiya esa golsiz durang tufayli ikkinchi o‘rinda qoldi — endi jamoa 1/8 finalda Fransiya bilan o‘ynashga majbur.

F guruhi. 3-tur

Gurjiston — Portugaliya: Ronaldu yana gol urolmadi

Gruziya — Portugaliya 2:0
Gollar: Kvaratsxeliya (2), Mikautadze (57, penalti). 
Gruziya – Mamardashvili, Kakabadze, Kashiya, Gvelesiani (Kverkveliya, 76), Dvali, Lochoshvili (Tsitaishvili, 63), Kiteyshvili, Kochorashvili, Chakvetadze (Mekvabishvili, 81), Kvaratsxeliya (Davitashvili, 82), Mikautadze.
Portugaliya – Koshta, Dalot, Inasiu, Antoniu Silva (Semedu, 66), Danilu, Palinya (Ruben Nevesh, 46), Joau Nevesh (Nunesh, 75), Feliks, Konseysau, Ronaldu (Ramush, 66), Netu (Jota, 75).
Ogohlantirishlar: Ronaldu (28), Netu (44), Ruben Nevesh (53), Mekvabishvili (85).

Portugaliya ikkinchi turdan keyinoq guruhdagi birinchi o‘rinni kafolatlab qo‘ygandi, shu tufayli bosh murabbiy tarkibda jiddiy rotatsiyaga qo‘l urdi. Ammo shunda ham Gurjiston gol o‘tkazmasdan g‘alabaga erishganini — haqiqiy sensatsiya deb atash mumkin. Villi Saniol shogirdlari ikkinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi: asosiy tarkibda ilk bor o‘ynagan Antoniu Silva maydon markazida to‘pni Jorj Mikautadzega topshirdi. «Mets» forvardi qarshi hujum uyushtirdi va Xvicha Kvaratsxeliyani qulay vaziyatga chiqardi.

Mikautadze — Yevrodagi debyut uch o‘yinida ham golli harakat ijro etib, bu borada 2016 yilgi Yevroda Garet Beyl qayd etgan natijani takrorladi. Ikkinchi bo‘limda esa gurjistonlik forvard o‘zi ham gol urdi — u bosh hakam Sandro Sherer videotakrordan keyin belgilagan penaltini aniq ijro etdi. Shu tariqa, Jorj jamoasining turnirdagi barcha to‘rt golida ishtirok etdi va Yevro tarixida guruh bosqichining barcha uchrashuvlarida gol urgan to‘qqizinchi futbolchi bo‘ldi. U ayni vaqtda 3 gol bilan turnirda eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi.

Portugallar to‘pga to‘liq egalik qilganiga qaramay, Georgiy Mamardashvili darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar yaratishga qiynaldi — jami besh bor to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, ammo darvozabon barcha vaziyatlarda o‘z ishini bajardi. Guruh bosqichida u 21 seyv amalga oshirdi — bu Yevro rekordi takrorlanishi.

Yirik turnirlarda yevropalik futbolchilar uchun rekord darajadagi 50-o‘yinida qatnashgan Krishtianu Ronaldu esa 66-daqiqada zaxiraga olindi. Bu safar ham gol ura olmagan Krish maydonni erta tark etganidan norozi bo‘lganini oshkora namoyish etib, zaxira o‘rindig‘i yonidagi butilkani tepib yubordi. U faoliyatida ilk bor yirik turnirlar guruh bosqichida gol ura olmadi.

O‘yinda hisob o‘zgarmadi va Gurjiston Yevrodagi ilk ishtirokidayoq pley-offga yo‘llanma oldi. Keyingi bosqichda qiyin raqib kutmoqda — saralashdagi ikki o‘yinda ham ustun kelgan Ispaniya (3:1, 7:1). Portugaliya esa Sloveniya bilan o‘ynaydi.

Chexiya — Turkiya: kartochkalar bo‘yicha Yevro rekordi

Chexiya — Turkiya 1:2
Gollar:
Souchek (66) — Chalxono‘g‘li (51), To‘sun (90+4). 
Chexiya – Stanek (Kovarj, 55), Tsoufal, Hranak, Holesh, Kreychi, Yurasek (Yurasek, 81), Barak, Provod (Lingr, 75), Souchek, Xitil (Kuxta, 55), Glojyek (Xori, 55).
Turkiya – Gyunok, Muldur, Akaydin, Demiral, Kadio‘g‘li, Chalxono‘g‘li (Ko‘kchyu, 87), O‘zjan (Ayxan, 46), Yuksak (Yokushlu, 63), Guler (To‘sun, 75), Yilmaz, Yildiz (Akturko‘g‘li, 76).
Ogohlantirishlar: Barak (11), O‘zjan (31), Shik (34), Yildiz (37), Yuksak (49), Gyunok (64), Chalxono‘g‘li (66), Chaqir (68), Muldur (81), Yarosh (84), Cherv (85), Akaydin (85), Kreychi (90+1), Souchek (o‘yindan keyin), Guler (o‘yindan keyin). 
Chetlatishlar: Barak (20), Xori (o‘yindan keyin). 

Chexlarga pley-offga chiqish uchun g‘alaba zarur edi — ikki turdan so‘ng ular atigi ikki ochko to‘plagandi. Lekin 20-daqiqadayoq Antonin Barak jamoasining imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi — «Fiorentina» yarimhimoyachisi ikkinchi sariq kartochkani oldi va jamoasini o‘n kishi qoldirdi. Turklar darhol raqib jarima maydonini qamal qilishga kirishdi, ammo uzoq vaqtgacha ikki qavatli mudofaadan o‘ta olmadi. Chexlar himoyada qanday tartibli harakatlanishini birinchi turdayoq Portugaliyaga qarshi o‘yinda ko‘rsatib qo‘ygandi.

O‘yin 51-daqiqada Hoqon Chalxono‘g‘li tomonidan ochildi — u jarima maydonining chap qanotidan kuchli zarba bilan to‘pni pastki burchakka joylab qo‘ydi. Buning ustiga shu epizodda chexlar darvozaboni Indrjix Stanek qo‘lidan jiddiy jarohat oldi — uni Matey Kovarjga almashtirishga to‘g‘ri keldi.

Goldan keyin amalda barchasi hal bo‘lgandek ko‘rinayotgandi, ammo chexlar oxiriga qadar jang qilishga qaror qilishdi. Tomash Souchek 66-daqiqada javob golini urdi va o‘yinning qolgan qismi shiddatli kurashlar ostida kechdi va hakam birin-ketin sariq kartochkalarni cho‘ntagidan chiqarishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yin drama bilan yakunlandi. Chexiya baribir ikkinchi golni urolmadi, Turkiya esa ozchilik holatida ochilishga majbur bo‘lgan raqibni jazoladi. Jyenk Tosun qarshi hujumda hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi va turklarni pley-offga olib chiqdi. Chexiya Yevro bilan xayrlashdi. Final hushtagi chalinganidan keyin yana to‘qnashuv ro‘y berdi va hakam navbatdagi kartochkalarni cho‘ntagidan chiqardi va chexlarning yana bir futbolchisi Xoriga qizil ko‘rsatdi. O‘yin davomida u 18 kartochka ko‘rsatgan (16 tasi sariq va ikkitasi qizil) — bu Yevroda yana bir rekord.

Turklar guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi va pley-offda Avstriyaga raqib bo‘ladi. Jamoa so‘nggi yetti yirik turnirida to‘rtinchi bor pley-offga chiqmoqda.

Chexiya esa o‘tgan safargi Yevropa chempionatida chorakfinalga yetib borgandi, ammo bu safar minimum vazifani bajara olmasdan, uyga erta qaytmoqda.

Pley-off juftliklari:

Germaniyada o‘tayotgan Yevropa chempionatida guruh bahslari yakunlandi va pley-offga chiqqan 16 jamoa ma’lum bo‘ldi. Nimchorak final o‘yinlari 29 iyundan 2 iyulga qadar bo‘lib o‘tadi. Chorakfinalda esa Germaniyaning Ispaniyaga, Fransiyaning Portugaliyaga qarshi to‘qnashuvlariga guvoh bo‘lish mumkin.

29 iyun

21:00. Shveytsariya — Italiya
23:59. Germaniya — Daniya

30 iyun

21:00. Angliya — Slovakiya
23:59. Ispaniya — Gurjiston

1 iyul

21:00. Fransiya — Belgiya
23:59. Portugaliya — Sloveniya

2 iyul

21:00. Ruminiya — Niderlandiya
23:59. Avstriya — Turkiya

Mavzuga oid