O‘zbekiston | 10:07 / 28.06.2024
10436
8 daqiqa o‘qiladi

“Yangi narsani o‘rganishga o‘ch bo‘lish kerak” – oldin Uber, hozir TikTok kompaniyasida ishlayotgan o‘zbek dasturchisi

Isroil elchixonasiga o‘t qo‘yishga uringan talaba haqidagi xabarda texnik xatolik sabab surati almashib qolgan yigit aslida TikTok’ning Amerikadagi ofisida dasturchi bo‘lib ishlayotgan Darxonbek Mamataliyev bo‘lib chiqdi. U Kun.uz bilan suhbatda qanday qilib Uber’ga, keyin TikTok’ga ishga kirgani, orttirgan tajribasi haqida gapirib berdi.

Darxonbek Mamataliyev hozir 27 yoshda. U Toshkent viloyatining Angren shahrida tug‘ilib o‘sgan. 2015 yilda INHA universitetetini bitirib, 2017 yilda Amerikaning Super Dispatch kopmaniyasiga ishga kirishga muvaffaq bo‘ladi. Darxonbekning Angrendan Amerikagacha bosib o‘tgan yo‘li haqida o‘z hikoyasi bor.

O‘qish davridan faol talaba bo‘lganman”

Maktab va kollej ta’limini Angrenda olganman. 2015 yilda INHA universitetiga o‘qishga kirdim. Universitetni a’loga bitirdim. O‘qish davrida yangi narsa o‘rganishga, yangi mahoratlarni o‘zlashtirishga juda qiziqqanman. Shuning uchun 1-bosqichligimdayoq ustozim Farhod Musayev bilan Codecraft loyihasini ishga tushirganmiz. Bu orqali O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib bolalarga dasturlashni o‘rgatishni boshlaganmiz. 2 yil ichida 500dan ortiq bolani o‘qita oldik. Shu vaqt mobaynida dasturlash bo‘yicha darslik tuzishga kirishdim. Bir darsligimni Microsoft ko‘rgazmasida ham namoyish qilib, o‘qituvchilik sertifikatini qo‘lga kiritdim.

2 yillik dars berish jarayonidan keyin, o‘zimdagi bor bilimlarni bolalarga o‘rgatib bo‘lganimni va endi yangi narsa o‘rganishim kerakligini seza boshladim. Shunday qilib 2017 yilda AQShning O‘zbekistondagi Super Dispatch kompaniyasida tajriba qilish uchun ishlab ko‘rdim. Bu yerda 6 oy ish o‘rganuvchi, 1,5 yil esa dasturchi bo‘lib ishladim.

AQShdagi kompaniyalardagi ilk ishi

O‘qishni bitirgach, ko‘p kompaniyalarga ish uchun ariza topshirib ko‘rdim, lekin qabul qilinmadim. Keyin tavsiyanomalar orqali ariza topshirishni boshladim. Ya’ni siz ishga kirmoqchi bo‘lgan kompaniyada ishlaydigan odam sizga tavsiyanoma beradi. Menga Microsoft vakili tavsiyanoma bergan. Uni shu odam bilan ishlaydigan yaqin do‘stim orqali topganman. Shundan keyin EPAM’da ishlaydigan kishi men bilan bog‘lanib, suhbat qilgan va menga kompaniyadan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Suhbatlardan o‘tib, 2019 yilda EPAM’ning Pensilvaniyadagi ofisida dasturchi bo‘lib ishga kirganman.

Uber’ga ishga joylashish

EPAM’da ishlayotganimda pandemiya boshlanib qoldi. O‘shanda uyda o‘tirishga majbur bo‘lganmiz. Yaqin do‘st tanishlar ko‘p emas, zerikarli hayot tarzi boshlangan. Nima qilishni bilmay Amazon, Meta, Apple, Uber kabi katta kopmaniyalarga ishga kirishga tayyorlanishni boshladim. Bir nechta yirik kompaniyalar bilan suhbatlar bo‘ldi va oxirida 2 ta kompaniyadan ishga taklif qilishdi. Ularning bittasi Uber edi va o‘zimga yoqqani uchun uni tanladim. Bu yaxshi tanlov bo‘ldi, u yerda o‘sdim. Katta loyihalar qildik, men qatnashgan loyihalar kompaniyaga yiliga 75 mln dollar olib kelyapti.

Uber’da kommunikatsiyani o‘rgandim”

Uber’da 5 kishilik loyihani boshqardim, ishchilar orasida o‘zimdan tajribali dasturchilar ham bor edi. Bu yerda ishlash davomida shuni tushundimki, yaxshi dasturchi uchun faqat kod yozishning o‘zi yetarli emas, kommunikatsiya ham muhim ekan. Kommunikatsiyani bilmaganim sabab ko‘p dakki eshitishimga to‘g‘ri kelgan. Menga berilgan katta loyihani boshlab qo‘yib, rejalangan vaqtgacha tugatib berolmaganman. Shunda menejerimiz audit qilib, ulgurmayotgan bo‘lsang, ayt, yordam beramiz, buning uchun seni urishmaymiz, qo‘llaymiz, jamoa beramiz yoki muddatni o‘zgartiramiz, degan. Kuchim, aqlim yetmaydigan boshqa ishlarda ham yordam so‘ramasdan o‘zim qilaman deb o‘tiraverganman. Chunki o‘shanda shu narsani qilolmasam, meni kuchsiz deb o‘ylashadi, degan tafakkur bo‘lgan. Lekin bu bo‘lmag‘ur fikr. Mana shunday qilib, kommunikatsiyani o‘rganganman. Ko‘p xato qilganman, lekin bu foydali bo‘lgan.

Tor doirada qolib ketishni xohlamadim”

Uber’da dastur, ilovaning ko‘rinishi, mijozlarga ko‘rinadigan qismlar ustida ishlardim. 3 yillik ish faoliyatidan keyin butun tizim bo‘yicha ishlaydigan jamoaga ehtiyoj seza boshladim. Tor doirada ishlagim kelmay qoldi. Lekin Uber’da bunday jamoada bo‘sh o‘rin bo‘lmagan. Shundan so‘ng bunday imkoniyatni tashqaridan, boshqa kompaniyalardan izlay boshlaganman. Bir nechta kompaniyalarni ko‘rib, oxirida TikTok’da o‘zim izlagan jamoani topganman. Hozir TikTok’da butun iOS dasturining mobil arxitekturasi va infrastrukturasi ustida ishlaymiz.

Oldin kompaniyaning obro‘si, mashhurliliga qarardim, lekin Uber’da ishlab bildimki, muhimi kompaniya emas jamoa ekan. Shu bilan birga, menejer tanlash ham muhim. Menejyer xodimning kompaniyadagi o‘sishi, o‘rniga katta ta’sir qiladi. Juda yaxshi ishlasangiz ham, menejer yaxshi bo‘lmasa, kompaniya ichida o‘smay qolib ketasiz.

O‘smoqchi bo‘lgan odam ko‘p ishlashi kerak”

TikTok Xitoy kompaniyasi bo‘lgan uchun u yerda muhit boshqacharoq. Xitoyliklar qattiqroq ishlaydi, amerikaliklarga bu narsa yoqmaydi. Amerikaliklar soat 17:00da ishdan ketadi, undan ko‘p ishlansa, bu yaxshi kompaniya hisoblanmaydi. Men uchun ko‘proq ishlash ham normal holat, chunki men o‘smoqchiman, dam olmoqchi emasman. Kompaniyaning Xitoydagi bosh ofisiga borib keldim. Aholi ko‘p, raqobat kuchli. Odamlar o‘zini yaxshiroq xodim sifatida ko‘rsatish uchun ham ko‘proq ishlashar ekan. Bu samaralimi-yo‘qmi, bilmadim, lekin ularning ishlash usuli shunday.

Katta kompaniyalarga ishga kirish

Dasturchilarga katta kompaniyalarga ishga kirishga yordam beradigan loyiham bor. Birinchi shogirdim o‘tgan yili, 6 oy davomida ko‘p kompaniyalardan suhbatdan o‘tib, hozir Meta kompaniyasida ishlayapti. Bunda qayerda bo‘lish unchalik muhim emas. Suhbatlar, rezyumelar qanday bo‘lishini bilsa, katta kompaniyalarga O‘zbekistonda turib ham ishga kirish mumkin.

Ishga taklif olgan odam oylik borasida kompaniya bilan savdolashishi kerak. Masalan, o‘zim Uber bilan savdolashib, yillik daromadimni 30 ming dollarga oshirganman. TikTok’ka kirishdan oldin ham ko‘p kompaniyalar bilan suhbatlashganman. Meta ishga kirishga bir martalik bonus uchun 70 ming dollar taklif qilgan. Ya’ni boshqa kompaniyalarga ham topshirib, taklif olib turish kerak. Shunda kompaniya boshqa joyga ketib qolmasligingiz uchun ko‘proq taklif qiladi. Agar siz uchun yagona tanlov o‘zi ekanini bilsa, past mablag‘ taklif qiladi.

Yuqoriroq darajaga chiqish niyatim bor”

AQSh imkoniyatlar mamlakati deyishadi, lekin bu undan qanchalik eplay olish va foydalana olishga bog‘liq. Menimcha, odam qiyinchilik ko‘rgan, yaxshi ma’noda yangilikka, ishga och bo‘lishi kerak. Men ham Uber’dagi komfortimda o‘tiraversam bo‘lardi, lekin yana nimadir qilishim kerakligi haqida o‘ylardim. Hozir yana yuqoriroq darajaga chiqish niyatim bor.

Zuhra Abduhalimova, suhbatlashdi. 

Mavzuga oid