O‘zbekiston | 15:42 / 29.06.2024
11345
2 daqiqa o‘qiladi

“Elektroset” ogohlantirmasdan svetni o‘chirsa, javobgarlikka tortish taklif etilmoqda - biznes ombudsman

IT sohasidagi tadbirkor Abduqahhor Toshmuhamedov rasmiylar bilan ochiq muloqotda yoz boshlanganidan beri har kuni svet o‘chayotganini aytdi. “IT svet borligida boshlanadi, tugaganda tugaydi”, dedi u. Biznes ombudsman Dilmurod Qosimovning ma’lum qilishicha, avariyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda svetni ogohlantirishsiz o‘chirgani uchun HETKlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha taklif ishlab chiqilmoqda.

Dilmurod Qosimov / Foto: Xalqaro press-klub

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida, 29 iyun kuni moliyaviy, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda so‘zga chiqqan IT sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkor Abduqahhor Toshmuhamedov yoz boshlanganidan beri har kuni tok o‘chishi haqida gapirdi.

“IT svet borligida boshlanadi, tugaganda tugaydi. Elektrosetlar bilan kelishuvlar jarima tomonga o‘tkazilsami… Sababi yoz boshlanganidan beri kuniga 3-4 soat tok o‘chadi. Tijoriy narxlarga o‘tildi, lekin hali ham ularning javobgarligi yo‘q. Har kuni bir vaqtda tok o‘chadi, bu tartibga solinishi kerak. Chet ellik hamkorlarimiz oldida (10 dan ziyod davlat bilan ishlaymiz) javobgarligimiz bor, svet o‘chib qolishida, internet o‘chib qolishida”, – dedi tadbirkor.

Tadbirkor Abduqahhor Toshmuhamedov

Uning bu taklifiga javoban biznes ombudsman Dilmurod Qosimov bu muammo faqat IT sohasida emas, balki barcha biznes sohalarida borligini aytdi.

“Bu bo‘yicha taklif ishlab chiqyapmiz, haqiqatan “elektroset” ogohlantirmasdan o‘chirsa, javobgarlik masalasi [borasida]. Lekin har kuni o‘chirilyapti, ba’zilarida nosozliklar bo‘lishi mumkin. Hech kim kafolat bermaydi. Lekin ogohlantirmasdan o‘chirsa yoki boshqa holatlarda ularning javobgarligi bo‘lishi kerak. Chunki sizlar tadbirkorsizlar, ishingiz to‘xtab qolishi mumkin. Javobgarlik masalasi bo‘yicha taklif ishlab chiqyapmiz”, – dedi biznes vakil.

Avvalroq, 2026 yildan boshlab yangi tasdiqlanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari kamida 3 yil amal qilishi belgilangan edi.

Mavzuga oid