Jamiyat | 16:10 / 29.06.2024
16217
3 daqiqa o‘qiladi

“Mehmonga kelgan” o‘rindiqlar – Chilonzorda odamlar ko‘z o‘ngida ko‘zbo‘yamachilik bo‘lmoqda 

Foto: Videodan kadr

Bundan bir hafta avval Chilonzor tumanining Novza ko‘chasidan o‘tgan anhor bo‘yi obodonlashtirildi. Jadal davom etgan ish jarayonida piyodalar yo‘lagi beton qilinib, yo‘l chetidagi daraxtlar tartibga keltirildi hamda o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatildi. Ammo bugun kunning birinchi yarmidayoq negadir ularning hammasi qaytarib olib ketildi. Chiqindi qutilariga to‘plangan chiqindilar esa anhorga to‘kildi.

Bundan bir necha kun oldin Toshkent shahrining Chilonzor tumani  Novza ko‘chasidan o‘tgan anhor bo‘yida jadallik bilan obodonlashtirish ishlari boshlandi. Ikki kun ichida hududdagi piyodalar yo‘lagi beton qilindi, o‘rindiq va chiqindilar qutilari o‘rnatildi.

Biroq aholi bularning hammasi vaqtincha bo‘lganini 29 iyun tongida bilib qolishdi: negadir o‘rindiqlar va chiqindi qutilari traktorga ortilib, bitta ham qoldirmay olib ketildi. Chiqindi qutilariga to‘plangan chiqindilar esa barchaning ko‘z o‘ngida anhorga ag‘darildi.

 Kun.uz muxbiri ishchilar bilan suhbatlashdi. Ularning ma’lum qilishicha, topshiriqni Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi rahbariyati bergan. Jihozlar vaqtincha olib kelingan, ular aslida G‘ofur G‘ulom bog‘ining mulki bo‘lgan.

O‘rindiqlar va chiqindi qutilari boshqa bog‘ning mulki bo‘lgan holda nega qisqa muddatda bu hududga keltirib o‘rnatilgani hamda bir necha kun o‘tgach qaytarib olib ketilgani ma’lum emas. Kun.uz holat yuzasidan Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo buning imkoni bo‘lmadi.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Mavzuga oid