O‘zbekiston | 11:05 / 30.06.2024
12321
3 daqiqa o‘qiladi

Havosi buzilgan poytaxtga “sovg‘a” – Toshkentga yaqin joyda 22 gektar yerdagi somon qoldiqlari yoqib yuborildi

Quyi Chirchiq tumanida somon qoldiqlari yoqib yuborilishi oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar 30,3 mln so‘m hisoblangan.

Foto: Ekologiya vazirligi

2024 yil 29 iyun kuni tongda Toshkent shahri havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro miqyosda 4-o‘ringa chiqdi. O‘shanda poytaxtda havo tarkibidagi zaharli zarrachalar 160 mkg/m3’ni tashkil etgan.

Zaharli zarrachalarning asosiy qismi PM2.5 – 68mkg/m3’ni ko‘rsatgan. Bu JSST belgilagan me’yordan qariyb 14 martaga ko‘p. Ana shunday og‘ir vaziyatda poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan Quyi Chirchiq tumanida 22 gektar yer maydonidagi somon qoldiqlari yoqib yuborilgan.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda uning Quyi Chirchiq tumani bo‘limi inspektorlari bilan birgalikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir mobaynida tumanning “Mingchinor” MFY hududida “Tct Agro Cluster” MChJga qarashli g‘alladan bo‘shagan 22 gektar yer maydonidagi somon poya qoldiqlari yonib ketishi holati aniqlangan. Oqibatda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 30 mln 397 ming so‘mni tashkil qilgan.

Qayd etilishicha, hozirda to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda qonuniy qaror chiqarish maqsadida sud organiga yuborilmoqda.

“Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi ogohlantiradi: G‘alladan bo‘shagan yer maydonlarida somon poya qoldiqlarini yoqib tabiatga zarar yetkazmang, aks holda qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini unutmang”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Kun.uz’da dunyoning havosi eng ifloslangan mamlakati Hindiston haqida material berilgandi. Unda, Hindistonda havoning keskin ifloslanishiga asosan juda katta hududlarda bug‘doydan va sholidan bo‘shagan yer maydonlarida somon qoldiqlarini yoqib yuborish sabab bo‘layotgani aytilgandi.

Bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida somon qoldiqlarini yoqib yuborish holatlari O‘zbekistonda ham ko‘p uchraydi. Ayrim hollarda somon poyalarini yerga egalik qiladigan fermer yoki klasterlarning o‘zlari, boshqa holatlarda noma’lum kimsalar yoqib yuboradi.

Uzoq yillardan buyon bu holga batamom chek qo‘yish uchun hech qanday amaliy ish qilinmadi. Faqat, ayrim hollarda somon qoldiqlari yoqib yuborilgan yer maydonining egasi bo‘lgan fermerga yoki klasterga tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanadi xolos.

Bugun O‘zbekistonda havoning ifloslanishi masalasida vaziyat ancha og‘ir ekanini inobatga olib, somon qoldiqlarini yoqib yuboruvchi shaxslarga yoki tashkilotlarga jazo choralarini keskinlashtirish vaqti kelgan.

Bundan tashqari, somon qoldiqlarini yerdan yig‘ishtirib olish bo‘yicha yangi texnologiyalar joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar ham zudlik bilan qilinishi kerak. Aks holda mamlakat bo‘ylab somon qoldiqlari yonib, havoni battar ifloslantirishda davom etaveradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid