Sport | 07:40 / 30.06.2024
29754
8 daqiqa o‘qiladi

Italiyaning to‘xtashi va tarixiy momaqaldiroq. Yevro pley-offining birinchi kuni qanday o‘tdi?

1/4 finaldagi ikki jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. O‘yinlardan biri 25 daqiqa davomida to‘xtab qoldi.

Foto: Getty Images

Guruh bosqichidagi qator nursiz o‘yinlar va ikki tomon uchun ham foydali duranglardan keyin haqiqiy Yevro — pley-off o‘yinlari boshlandi. Bu bosqichning ilk o‘yinida Shveytsariya va Italiya hamda Germaniya va Daniya juftliklari turnirni kim davom ettirishini hal qilishdi. Ikki uchrashuv ham qiziqarli va hayajonli lahzalarga boy kechdi.

Italiyaning «sensatsion» chiqib ketishi

Shveytsariya — Italiya 2:0
Gollar:
Froyler (37), Vargas (46).
Shveytsariya: Zommer, Rodriges, Sher, Akanji, Ebisher (Shtefan, 90+2), Jaka, Froyler, Vargas (Tsuber, 71), Rider (Stergiu, 71), Ndoyye (Siyerro, 77), Embolo (Dua, 77).
Italiya: Donnarumma, Di Lorenso, Manchini, Bastoni, Darmian (Kambiyazo, 75), Kristante (Pellegrini, 75), Barella (Retegi, 64), Fajioli (Frattezi, 86), Al-Sha’roviy (Zakkani, 46), Kiyeza, Skamakka.
Ogohlantirishlar: Barella (35), Al-Sha’roviy (45), Manchini (57).

Italyanlar Yevroga amaldagi chempionlar maqomida kelgan — ular titulni himoya qilishi talab etilardi. Bosh murabbiy lavozimida Roberto Manchini o‘rniga kelgan Luchano Spalletti bu maqsad yo‘lida tarkibni jiddiy darajada o‘zgartirdi. 2020 yilgi Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lgan «eskilar»dan ko‘pchiligi bu safargi turnirni uyda kuzatishdi. Ularning ayrimlari faoliyatini yakunlashga ham ulgurgan.

Italiya turnirni yaxshi boshladi, ammo yakunda guruhdan katta qiyinchilik bilan chiqdi. Barchasini Xorvatiyaga qarshi kechgan uchinchi o‘yin hal qildi — unda «Skuadra adzurra» oxirgi soniyalarga qadar yutqazayotgandi. Faqat Dzakkanya hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. Aks holda jamoa turnirni guruh bosqichidayoq yakunlashi mumkin edi.

Ammo Ispaniya va Italiyaga qarshi o‘yinlardan keyin Italiyaning bu safargi turnirda uzoqqa borishiga shubhalar paydo bo‘lgandi. Luchano Spallettining so‘zlari esa jamoadagi holatni ko‘rsatib berdi. Xorvatiya bilan o‘yindan  bosh murabbiy jurnalistlarni haqoratladi va o‘z jamoasi futbolchilarini ma’lumot sizdirishda aybladi. Italiyaliklar lageridagi muhit zaharli ekani ma’lum bo‘ldi.

Jamoaning 1/8 final yo‘llanmasi uchun raqibi shveysariyaliklar edi. Shveytsariya guruh bosqichini juda yaxshi o‘tkazdi: Vengriyaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi (3:1), Shotlandiya hamda Germaniya bilan ochkolarni bo‘lishib oldi (1:1). Murat Yaqin shogirdlari pley-offga ikkinchi o‘rin bilan chiqdi, lekin nemislarga qarshi o‘yinda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan boy bermaganida birinchi bo‘lishi ham mumkin edi.

O‘yindan oldin ham futbol ekspertlari keyingi bosqichga chiqish uchun Shveytsariyada imkoniyat ko‘proq ekanini taxmin qilishayotgandi. Luchano Spalletti turnir davomida optimal tarkibga erisha olmadi. U Shveytsariyaga qarshi o‘yin uchun boshlang‘ich tarkibi bilan barchani ajablantirdi. Zaxira futbolchilari bo‘lgan Stefan Al-Sha’roviy, Nikolo Fajioli, Brian Kristante, Janluka Manchini kabilar ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi.

Bu tajriba o‘zini oqlamadi. Italiya juda kuchsiz o‘yin ko‘rsatdi, 90 daqiqa davomida atigi bir bor darvoza sohasi tomon to‘g‘ri borgan birgina zarba yo‘lladi. Italyanlar uchun eng xavfli vaziyatni esa Shveytsariya milliy jamoasi himoyachisi Fabian Sher yaratib berdi. U o‘z darvozasi to‘rini ishg‘ol etib qo‘yishiga bir baxya qoldi. Federiko Kiyeza vaziyatlar yaratishga urindi, ammo jamoadoshlari uning urinishlarini qo‘llamadi.

Shveytsariyaliklar esa ijobiy ma’noda hayron qoldirishdi. Jamoa ortiqcha nimadir ko‘rsatmadi, futbolchilar o‘z darajasida o‘ynashi Italiyani mag‘lub etish uchun yetarli bo‘ldi. Shveytsariya yuqori pressing uyushtirdi, chiroyli kombinatsiyalar amalga oshirdi, himoya vakillari italiyaliklarning hujumlarini to‘xtatdi va Froyler hamda Vargasning aniq zarbalari evaziga ishonchli g‘alabaga erishib, 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Keyingi bosqichda Shveytsariya milliy jamoasi Angliya — Slovakiya juftligi g‘olibi bilan o‘ynaydi.

Momaqaldiroq va omadsiz Andersen

Germaniya — Daniya 2:0
Gollar:
Haverts (53, penalti), Musiala (68).
Germaniya – Noyyer, Ryudiger, Shlotterbek, Raum (Henriks, 80), Kroos, Gundo‘g‘an (Fyullkrug, 65), Andrih (Jan, 64), Kimmih, Haverts, Sane (Anton, 88), Musiala (Virts, 81).
Daniya – Shmeyhel, Ba (Kristiansen, 81), Vestergor, Kristensen (Bruun Larsen, 81), Andersen, Mele, Dileyni (Nyorgor, 69), Eriksen, Hyoyberg, Olsen (Poulsen, 69), Hoylund (Vind, 81).
Ogohlantirishlar: Andersen (57), Mele (60).

Turnir mezbonlari guruh bosqichini kuchli o‘tkazdi va birinchi bo‘lib pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Nagelsmann shogirdlari ochilish o‘yinida Shotlandiyani yirik hisobda taslim etdi (5:1), Vengriyaga qarshi o‘yinda muammoga uchramadi (2:0) va Shveytsariya bilan o‘yinda xarakter ko‘rsatib, ochko oldi (1:1). 1/8 finalda nemislarni Daniyaga qarshi o‘yin kutayotgandi, bu jamoa pley-offga eng zerikarli guruhdan chiqqandi. Daniyaliklar uch o‘yinda ham durang qayd etdi: Sloveniya va Angliya bilan bir xilda — 1:1 hisobi qayd etildi, Serbiya bilan o‘yida muxlislar gol ko‘rishmadi (0:0). Shuning o‘zi durang uchun yetarli bo‘lgandi.

Daniyaliklar — hozir ham xavfli raqib, ammo 2021 yilgi kuchli ishtiyoqqa ega jamoadan asar ham qolmagan va hech kim bu jamoadan nemislarga jiddiy qarshilik ko‘rsatishini kutmayotgandi ham.

Lekin o‘yinning birinchi bo‘limida maydonda aql bovar qilmas hodisalar ro‘y berdi. Dastlabki o‘n daqiqa nemislarning kuchli bosimi ostida o‘tdi, bu vaqt oralig‘ida Niko Shlotterbekning goli jarima maydonidagi fol tufayli bekor qilindi.

Keyin vaziyat nisbatan tenglashdi, keyin esa barchasi to‘xtab qoldi — kuchli momaqaldiroq va jala quyishi tufayli.

Germaniyada bir necha kundan buyon yomg‘irli havo kuzatilmoqda — yog‘inlar o‘yin o‘tkazilgan Dortmunddagi stadionga ham yetib bordi. O‘yin vaqtida butun osmonni chaqmoq qoplab oldi, UYeFA esa bunday sharoitda o‘yin o‘tkazishga ruxsat bermagan, shuning uchun 33-daqiqada bosh hakam Maykl Oliver futbolchilarni maydondan olib ketdi.

Tanaffus 25 daqiqaga yaqin davom etdi. Stadion suv oqimidan yaxshi himoyalanmagani ma’lum bo‘ldi va tom ostida bo‘lmagan tomoshabinlar yashirinish uchun joy qidirishga majbur bo‘lishdi.

Yomg‘ir tinganidan keyin o‘yin davom ettirildi. Lekin qariyb yarim soatlik pauza o‘yin sur’atini tushirib yuborgandi — futbolchilar faqat ikkinchi bo‘limda tezlik qo‘shishdi. 

48-daqiqada daniyaliklar himoyachisi Yoakim Andersen hisobni ochdi, 50-daqiqada gol Dileynidagi ofsayd tufayli bekor qilindi.

51-daqiqada esa u o‘z jamoasi jarima maydonida qo‘li bilan o‘ynab, penalti belgilanishiga sababchi bo‘ldi — Haverts zarbani aniq ijro etdi.

Keyin esa nemislarni to‘xtatib bo‘lmadi, Nagelsman yarimhimoyachi Gundo‘g‘an o‘rniga Fyullkrugni tushirdi va jamoa uch hujumchi bilan harakat qila boshladi. 68-daqiqada bu o‘z samarasini berdi, Musiala turnirdagi uchinchi golini urib, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Hisob yanada yiriklashib ketishi ham mumkin edi, ammo Haverts va Virs qulay vaziyatlardan foydalana olmadi, Fyullkrug qo‘shimcha daqiqalarda darvozani ishg‘ol etdi ham, ammo unda ham ofsayd qayd etildi. 

Ishonchli g‘alabadan keyin Bundestim sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda. Chorakfinalda jamoa Ispaniya — Gurjiston juftligi g‘olibiga qarshi bahs olib boradi.

Mavzuga oid