O‘zbekiston | 16:00 / 01.07.2024
5069
2 daqiqa o‘qiladi

Antoniu Guterrish Tanzila Norboyeva bilan uchrashuv o‘tkazdi

Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi, munosib mehnat tamoyillari, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.  

Foto: Telegram / tanzilanarbaeva

Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Senat raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi

Qayd etilishicha, suhbat davomida BMT bilan O‘zbekistonning global hamkorligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi faol ishtirokiga to‘xtalib o‘tilgan.

Bosh kotib O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirish yo‘lidagi tashabbusi va sa’y-harakatlarini e’tirof etgan. Shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy, tashqi siyosatdagi ochiqlik, xususan, ijtimoiy himoya hamda gender tengligi masalalaridagi islohotlarni yuqori baholagan.

Suhbatda ekologiya, iqlim o‘zgarishi, munosib mehnat tamoyillari, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan. Shuningdek, BMT tomonidan ilgari surilayotgan taraqqiyot dasturlarini joriy etishda parlamentlarning faolligini oshirish borasidagi muhim vazifalar ham ko‘rib chiqilgan. 

Oldinroq Antoniu Guterrish rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgani, tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi, qator sanoat va ijtimoiy soha obektlarini ham borib ko‘rish rejalashtirilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid