Sport | 07:30 / 01.07.2024
22659
8 daqiqa o‘qiladi

Inglizlarda drama, ispanlarni finaldan oldingi final kutmoqda. Yevroda kun o‘yinlari

Jud Bellinghem qo‘shimcha daqiqalarda shedevr goli bilan Angliyani sharmandalikdan qutqardi, Ispaniya gurjistonliklarga to‘rtta gol urdi.

Foto: Getty Images

Yevropa chempionatida pley-offning ikkinchi kuni birinchisidan ham qiziqarliroq kechdi. Avvaliga muxlislar Angliyaning bu Yevrodagi zerikarli bo‘lmagan ilk o‘yiniga guvoh bo‘lishdi, chunki slovaklarga qarshi o‘yinda jamoa oxirgi daqiqalargacha hisobda ortda bordi. Ispaniya esa kutilganidek nisbatan kuchsiz raqib sanalgan gurjistonliklarni ayamadi.

Turnirda ilk overtaymlar

Angliya – Slovakiya – 2:1
Gollar:
0:1 – 25 Shrans, 1:1 – 90+5 Bellinghem, 2:1 – 91 Keyn.
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Trippiyer (Palmer, 66), Rays, Foden (Touni, 90), Bellinghem (Konsa, 105), Maynu (Eze, 84), Saka, Keyn (Gallaher, 105).
Slovakiya – Dubravka, Pekarik (Tupta, 109),, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska (Bero, 81), Lobotka, Duda (Benesh, 81), Garaslin (Suslov, 61), Shrans (Dyomber, 90), Strelets (Bojyenik, 62).
Ogohlantirishlar: Gehi (3), Maynu (7), Kutska (13), Bellinghem (17), Shkrinyar (45+1), Pekarik (77), Vavro (108), Dyomber (114), Suslov (120+2).

Hujum chizig‘i yulduzlar bilan to‘lib-toshgan, lekin guruh bosqichida atigi ikki gol bilan kifoyalangan Angliya milliy jamoasidan bu safar ham zerikarli o‘yin kutilayotgandi. Raqib ham asosan yoshi katta futbolchilardan iborat tarkibidan kelib chiqib, bu turnirdagi pragmatik jamoalardan biri edi, bu o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda 37 yoshli Pekarik va Kutska tushishdi, umuman asosiy tarkibning faqat ikki futbolchisi – Hansko va Bojyenik 28 yoshdan kichikroq.

Lekin Franchesko Kalsona shogirdlari o‘yinni hujumkor boshladi va birinchi raqam ostida harakat qildi, 5-daqiqada Garaslin boshlab bergan hujum davomida Hanskoning uzoq ustun tomon bergan uzatmasiga Shrans yeta olmadi. 12-daqiqada Garaslin yana jarima maydoniga yorib kirdi va xavfli vaziyat yaratdi. Inglizlar esa dastlabki 17 daqiqalikdayoq uchta sariq kartochka olishdi.

Ko‘p o‘tmay shok holat yuzaga keldi — Slovakiya baribir o‘z golini urdi. Strelets «Uch sherlar»ning himoyachilari kutgan bo‘shliq tomonga emas, himoyachilar orasidan oldinga tashlangan Ivan Shransga pas uzatdi va u Pikfordni ojiz qoldirib, turnirdagi uchinchi golini urdi.

Sautgeyt jamoasi turnir boshidan buyon ilk bor o‘zini qoniqtirmaydigan hisobda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi va hujumlar uyushtirishga majbur bo‘ldi. Bo‘lim oxirida slovaklar jarima maydonidan chiqa olmay qolishdi. Ikkinchi bo‘limda inglizlar bosimni yanada kuchaytirishdi va darvoza ishg‘ol ham etildi. Ammo Keynning uzatmasidan keyin to‘pni o‘zi tepishi kerak bo‘lgan Trippiyer uni ofsaydda turgan Fodenga uzatib xato qilgandi.

Keyin esa Sautgeyt kutilmagan yurishlarni amalga oshirdi. Chap qanot himoyasida o‘ynashga majbur bo‘layotgan Trippiyer jarohat olganida o‘ng qanot vingeri Bukayo Saka uning o‘rniga o‘tkazildi, uning joyini esa zaxiradan tushgan Koul Palmer egalladi. Ammo omad inglizlarga kulib boqay demasdi. Avvaliga Keyn darvozabon hududida turib to‘pni to‘rga yo‘naltira olmadi, keyin Raysning zarbasi ustundan qaytganida uni darvozaga to‘g‘rilab yubora olmadi. Faqat oxirgi daqiqalarda, qo‘shib berilgan olti daqiqaning beshinchisi o‘tib borayotganida inglizlarga omad kulib boqdi — autdan oshirilgan to‘pni Gehi jarima maydoni markaziga o‘tkazib berdi va butun o‘yin davomida soyada bo‘lgan Jud Bellinghem sahnaga chiqib, milliy qahramonga aylandi. Uning chalqancha uslubda yo‘llagan fantastik zarbasi Angliyani tarixiy sharmandalikdan qutqarib qoldi va o‘yin overtaymlarga o‘tdi. Bu inglizlar uchun o‘yin davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarba edi.

Keyn Judning golini nishonlashda sherik bo‘ldi

Overtaymlar boshlanganida ham o‘ziga kela olmagan slovaklar ikkinchi golni ham o‘tkazib yuborishdi. Zaxiradan tushgan Touni jarima maydoni ichida turib qarama-qarshi tomondagi Keynning boshiga to‘pni tashlab berdi va jamoa sardori bu safar aniq harakat qildi.

Jud g‘alaba golini nishonlashda Keynga sherik bo‘ldi 

Hisobda oldinga chiqib olgan inglizlar yana kuch tejash rejimiga o‘tdi va g‘alabani saqlab qoldi. Endi jamoani chorakfinalda bir kun oldin amaldagi chempionlarni turnirdan chiqarib yuborgan Shveytsariya kutmoqda.

Bir darvozaga o‘yin

Ispaniya – Gurjiston 4:1
Gollar:
0:1 – 18, avtogol Le Norman, 1:1 – 39 Rodri, 2:1 – 51 Fabian Ruis, 3:1 – 75 Uilyams, 4:1 – 83 Olmo.
Ispaniya – Unai Simon, Karvahal (Navas, 81), Laport, Le Norman, Kukurelya (Grimaldo, 66), Fabian Ruis (Merino, 81), Rodri, Pedri (Olmo, 52), Uilyams, Yamal, Morata (Oyarsabal, 67).
Gruziya – Mamardashvili, Kakabadze, Kashiya, Gvelesiani (Kvekveskiri, 79), Dvali, Lochoshvili (Tsitaishvili, 63), Kiteyshvili (Altunashvili, 41), Kochorashvili, Chakvetadze (Davitashvili, 63), Kvaratsxeliya, Mikautadze (Zivzivadze, 79).
Ogohlantirishlar: Morata (44), Davitashvili (71).

Hozirgi «qizil furiya» turlicha uslubda va hatto to‘pni raqibga topshirib o‘ynashi mumkin — jamoada har qanday yondashuvda ham barchasi joyida bo‘ladi. Gurjiston esa o‘z tarixidagi ilk yirik turnirda katta ilhom bilan to‘p surmoqda.

Saralash turnirida ispanlardan ikki o‘yinda o‘n gol o‘tkazgan jamoa (7:1, 3:1) ancha kuchaygan. O‘shanda Gurjiston darvozasiga hatto himoyachi Le Norman ham gol urgandi. Endi esa u o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. U qulay vaziyatdagi Kvaratsxeliyaga borayotgan uzatmani to‘sishga urinib, Yevrodagi sakkizinchi avtogol muallifiga aylandi. Endilikda avtogollar bo‘yicha Yevro-2020 turnirida o‘rnatilgan rekordni takrorlash uchun yana uchta qadam qoldi.

Ispaniya esa bo‘lim oxirlarida bahsli gol evaziga hisobni tenglashtirdi. Rodrining zarbasidan keyin to‘p burchakka borayotganida Alvaro Morata to‘p yo‘lida turib qolgandi.

Gol VAR orqali tekshirildi. Hakamlar ofsayd holatini uzoq vaqt – 107 soniya davomida qidirishdi, ammo gol urilishida qoidabuzarlik qayd etilmadi.

Morata passiv ofsaydda edi. Bu o‘rinda u darvoza sohasiga to‘g‘ri borayotgan to‘p yo‘lida turgani emas, darvozabonning ko‘rish hududini to‘smaganiga e’tibor qaratildi. U o‘z vaqtida darvozabondan uzoqlashgan va zarba berilayotganida Mamardashvili barchasini yaqqol ko‘rib turgandi.

Bu golli hujumda Gurjiston jarohat tufayli Kiteyshvilidan ham ayrildi. O‘yinning qolgan qismida ushbu havbekning yo‘qligi ham bilindi. Ispaniya maydon markazidan osongina o‘tib keta boshladi. Ikkinchi bo‘limda favoritlar mashg‘ulotdagidek erkin harakat qilishdi va uchta gol urish bilan cheklanishdi — 4:1.

Ispaniya chinakamiga yaxshi jamoa bo‘lib shakllanganini yana bir bor namoyish etdi. Gurjiston esa Yevroni munosib tarzda, olqishlar ostida tark etdi. «Qizil furiya»ni endi 5 iyul kuni Germaniyaga qarshi katta o‘yin kutmoqda. Bu finaldan oldingi final bo‘ladi.

Chorakfinalning ikki juftligi ma’lum:

Mavzuga oid