Sport | 07:42 / 03.07.2024
31061
8 daqiqa o‘qiladi

Himoyachi va darvozabon Turkiyani keyingi bosqichga olib chiqdi. Yevroda kun o‘yinlari

Guruh bosqichida sensatsiya ko‘targan ikki jamoa turnirni tark etdi. Chorakfinalning barcha juftliklari ma’lum.

Yevro-2024 1/8 final bosqichi yakunlandi. Pley-offning bu bosqichining so‘nggi kunida ham muxlislar shiddatli bahslar guvohiga aylandi. Rangnikning ertagi kutilganidan ertaroq yakunlandi, ruminlar esa Niderlandiyaga qarshi hech narsa qila olmadi.

Niderlandiya – turnir favoritlaridan biri

Ruminiya – Niderlandiya 0:3
Gollar:
0:1 – 20 Gakpo, 0:2 – 83 Malen, 0:3 – 90+3 Malen.
Ruminiya – Nitse, Ratsiu, Burke, Dregushin, Mogosh (Rakovitan, 38), Xadji (Alibek, 72), Stanchu, Marin, Marin (Chikildeu, 72), Man, Dregush (Mixeile, 72).
Niderlandiya – Verbryuggen, Dumfris, de Vrey, van Deyk, Ake (van de Ven, 69), Shauten (Verman, 69), Reynders, Simons, Bergveyn (Malen, 46), Gakpo, Depay.
Ogohlantirishlar: Marin (67), Dumfris (77), Stanchu (81).

Bu o‘yinda Ruminiyadan nima kutish mumkinligini bilib bo‘lmasdi. Bir tomondan, bu Yevroning eng arzon tarkibga ega va yaqqol autsayder maqomidagi jamoalaridan biri edi. Bosh tomondan — Eduard Yordenesku shogirdlari saralash bosqichini ishonchli o‘tkazgan va turnir guruh bosqichida ham sensatsiya ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egallagandi. 

Niderlandiya bilan o‘yinning dastlabki 10-15 daqiqasida ham jamoa dadil harakat qilib, ikkinchi raqam ostida o‘ynamoqchi emasligini namoyish etib, tashabbusni qo‘lga oldi. Sariq formali futbolchilar kuchli pressing uyushtirishdi va niderlandlar maydonning ikkinchi qismidan o‘ta olmay qolishdi.

Lekin keyin barchasi o‘z joyiga tushdi — o‘yin favoriti maydonda ustunlik qila boshladi. 20-daqiqada esa Havi Simons chiziqlar orasida ochilib, ortdan oshirilgan uzatmani o‘z vaqtida qabul qilib, o‘z vaqtida oldinroqqa, Kodi Gakpoga tashlab berdi. «Liverpul» forvardi esa chapdan markazga ko‘chib, himoyachilarni ortda qoldirdi va darvozabonning yaqin burchagini aniq nishonga oldi.

Hisobda oldinga chiqib olgach, Kuman shogirdlari bosimni yanada kuchaytirdi va tanaffusgacha 10 bor burchak zarbasini amalga oshirdi.

Tanaffusdan keyin ham niderlandlar to‘pga va hududlarga egalik qilishdi. Ruminlar hisobni tenglashtirish uchun hujumga o‘tganida ortda muammolarga uchradi va raqibning tezkor qarshi hujumlarini o‘tkazib yubordi. Futbolchilarning tezlik borasidagi farqi yaqqol ko‘rinib qoldi. Ammo niderlandlar ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi va o‘yin oxirlariga qadar qaltis hisob saqlanib turdi. Ikkinchi gol urilgan 83-daqiqaga qadar ikkinchi bo‘limdagi zarbalar ko‘rsatkichi niderlandlar foydasiga 1:14 ko‘rinishida edi (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 0:3).

83-daqiqada esa to‘p autdan tashlab berilganida Radu Dregushin xatoga yo‘l qo‘ydi, u to‘p maydonga chiqib ketishini kutib, Gakponi ta’qib etishni to‘xtatdi. Bu ruminlarning boshqa himoyachilarini ham chalg‘itdi, Gakpo esa to‘pni egallab olib, uni deyarli bo‘sh darvoza qarshisida turgan Doniell Malenga uzatdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Malen qarshi hujumda dublni rasmiylashtirdi.

Natijada Niderlandiya 1/8 final bosqichidagi eng ishonchli va oson g‘alabaga erishdi. Keyingi bosqichda qiyinroq bo‘ladi, ammo yaratilayotgan vaziyatlardan foydalanishni yaxshilasa, Kuman jamoasi kattaroq natijani orzu qilsa bo‘ladi. 

Turklarning qasosi

Avstriya — Turkiya 1:2
Gollar:
Gregorich (66) — Demiral (1, 59).
Avstriya – Pents, Posh, Linhart (Veber, 64), Danzo, Mvene (Prass, 46), Zabitser, Laymer (Grillich, 64), Baumgartner, Shmid (Gregorich, 46), Zayvald, Arnautovich.
Turkiya – Gunok, Muldur, Ayxan, Bardakchi, Demiral, Kadio‘g‘li, Ko‘kchu (Qahvachi, 83), Yuksek (O‘zjan, 58), Guler (Oqturko‘g‘li, 78), Yilmaz, Yildiz (Yokushlu, 78).
Ogohlantirishlar: Ko‘kchu (11), Shmid (38), Yuksek (42), Linhart (52).

Nimchorakfinalning nom jihatdan yaqqol favoriti bo‘lmagan ushbu juftlikdan muxlislar shiddatli to‘qnashuv kutayotgandi. Kutilma bejiz emasdi: Avstriyaning Niderlandiyaga (2:3) va Turkiyaning Gurjistonga qarshi o‘yinlari (3:1) — bu Yevrodagi eng qiziqarli o‘yinlardan bo‘lgandi. Guruh bosqichida ikki jamoa ham har bir o‘yinda himoyani o‘ylamay, hujumga o‘tdi va bu jamoalar ishtirokidagi hech bir o‘yin golsiz o‘tmadi.

Muxlislar ishonchi ilk daqiqadayoq oqlandi. Avstriya hushtak chalinishi bilan xavfli hujum uyushtirdi, bunga javoban hujumda esa Turkiya gol urdi: himoyachilar o‘rtasidagi tushunmovchilikdan Merih Demiral foydalanib qoldi. Bu vaqtda o‘yinning 57-soniyasi o‘tib borayotgandi — bu gol Yevropa chempionatlari pley-off bosqichi tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi. E’tiborli tomoni, Turkiya 2002 yilgi jahon chempionatida ham xuddi shunday rekord o‘rnatgandi.

Bunday start Avstriya futbolchilarini shok holatiga tushirdi, ammo jamoa nokdaunga tushib qolmadi. Baumgartnerda ketma-ket vaziyatlar bo‘ldi. 5-daqiqadagi burchak zarbasidan keyin to‘p faqat mo‘jiza tufayli Mert Gunok darvozasiga kirmay qoldi.

Jamoalar to‘xtash haqida o‘ylashmadi va ikki tomon ham navbatma-navbat hujumlar uyushtirdi. Himoya Vinchenso Montella jamoasining nozik tomoni ekani bu o‘yinda ham ko‘rinib qoldi.

Tanaffusda Rangnik ikki almashtirish qilib, hujum chizig‘ini kuchaytirdi — maydonda ikkinchi hujumchi Gregorich va hujumlarga qo‘shilishni xush ko‘radigan himoyachi Prass paydo bo‘ldi. Avstriya qayta saflandi va oldinga tashlandi. Arnautovich juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi: Mert Gunok yakkama-yakka vaziyatda undan ustun keldi. Ko‘p o‘tmay Laymerning reydi samarasiz yakunlandi.

Barcha Avstriyaning golini kutayotgan mahalda esa Turkiya hisobdagi farqni oshirdi. Yana burchak zarbasi, yana jarima maydonida parokandalik yuzaga keldi va yana Merih Demiral gol urdi. 

Rangnik jamoasi ruhini cho‘ktirmadi va ko‘p o‘tmay Gregorich hisobni qisqartiruvchi golni urdi, avstriyaliklarga ham burchak zarbasi yordam berdi. Bu vaqtda o‘yinning 66-daqiqasi o‘tib borayotgandi va ikkinchi gol uchun yetarli vaqt bor edi.

Turklar u qadar ishonchli bo‘lmasa-da, himoyada ham o‘ynay olishini ko‘rsatdi. Avstriyaliklarning kuchli yomg‘ir ostida uyushtirgan hujumlari esa noto‘g‘ri qarorlar tufayli yakuniga yetmay qoldi.

O‘yinning yakuniy qismida Avstriya raqib jarima maydonini qamal qildi va mahorat evaziga nimadir qilishga urindi, ammo shunday tasavvur uyg‘ondiki, Rangnikda bunday holat uchun reja bo‘lmagan. Jamoa tartibsiz ravishda jarima maydoniga pas uzataverdi va natijaga erisha olmadi. Ammo 90+4-daqiqada esa shunday uzatmalardan birida hisob tenglashishi mumkin edi — Gunok superseyv ijro etdi.

U Baumgartnerning yerga cho‘pchitib yo‘llangan o‘ta xavfli zarbasini qaytardi hamda Turkiya uchun keyingi bosqich yo‘llanmasini saqlab qoldi.

Avstriyaliklar o‘yin mobaynida turklarning 6 zarbasiga qarshi 21 bor zarba berdi (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 5:3), ammo Yevro-2024ni tark etdi. Bu Turkiyaning mart oyida o‘rtoqlik uchrashuvidagi 1:6 hisobidagi mag‘lubiyati uchun qasos olishi ham bo‘ldi.

Pley-off taqvimi

1/4 final

5 iyul
21:00. Ispaniya — Germaniya;
23:59. Portugaliya — Fransiya;

6 iyul
21:00. Angliya — Shveytsariya;
23:59. Niderlandiya — Turkiya.

1/2 final

9 iyul
23:59. Ispaniya/Germaniya — Portugaliya/Fransiya;

10 iyul
23:59. Angliya/Shveytsariya — Niderlandiya/Turkiya.

Final
14 iyul, 00.00

Mavzuga oid