O‘zbekiston | 12:00 / 04.07.2024
9566
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 9 yoshli bola sun’iy intellektning tayyor tizimlari asosida ishlovchi bot yaratdi

Bot sun’iy intellektning tayyor tizimlaridan ma’lumotlar olishga asoslangan. @GENT_GPT_UZ_bot’dan foydalanib ko‘rgan faollar u hali mukammal bo‘lmasa ham bu yaxshi natija ekanligi haqida yozmoqda.

9 yoshli bola tomonidan sun’iy intellektning tayyor tizimlari asosida ishlovchi bot yaratildi. Bu haqda bloger Nikita Makarenko ma’lum qildi.

@GENT_GPT_UZ_bot deb nomlangan bot sun’iy intellektning tayyor tizimlaridan ma’lumotlar olishga asoslangan. U foydalanuvchi bilan suhbatlashishi hamda savollarga javob berishi mumkin.

Botdan foydalanib ko‘rgan faollar u hali mukammal emasligini, ammo 9 yoshli bola uchun katta natija ekanligini yozishmoqda. Jumladan, huquqshunos bloger Xushnud Xudoyberdiyev botdan foydalanib ko‘rgani haqida yozdi.

Bot uning imtihon oldidan hayajonlanmaslik uchun nimalar qilish kerakligi haqidagi savoliga bir nechta yaxshi maslahatlar bergan.

Lekin bot hozircha ayni kunlardagi yangiliklarni o‘rganishi kerak ekan. Masalan, test qachon boshlanadi degan savolimga, “bilmayman, vazirlik saytini kuzating” deya javob berdi. Xuddi shu savolga ChatGPT to‘g‘ri javob berdi. Lekin ChatGPT ham ijodiy imtihon kunlarini bilmas ekan”, deb yozgan bloger.

Kun.uz muxbiri ham botdan foydalanib ko‘rdi. U issiqdan saqlanish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqidagi savolga bir nechta tavsiyalarni berdi. Javobda ko‘proq suv ichish, yog‘li va shirin ovqatlardan saqlanish, yengil kiyim kiyish, ko‘p harakat qilmaslik, soyada bo‘lish va issiq havoga chiqishdan oldin salqin dush qabul qilish kabi tavsiyalar bor.

Ammo bot bugun Toshkentda qanday ob-havo kuzatilishi yoki Germaniyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining yarim final bahslari qachon bo‘lishi va unda qaysi jamolar o‘ynashi haqidagi savollarga javob bera olmadi.

Mavjud kamchiliklar tuzatilib, yanada mukammallashtirilsa, mazkur bot foydalanuvchilar uchun yaxshi imkoniyatga aylanishi mumkin. 

Mavzuga oid