O‘zbekiston | 18:48 / 04.07.2024
14346
7 daqiqa o‘qiladi

«Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda» - Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston prezidenti «ShHT plyus» uchrashuvlarining tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ostona shahrida «ShHT plyus» formatining «Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash - barqaror tinchlik va taraqqiyot sari intilish» mavzusidagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda ShHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari va uning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlaridan tashqari kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida keng tarkibdagi «ShHT plyus» yig‘ilishi ayni vaqtida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

- Hozir dunyo ishonch, adolat va hamjihatlik qayta tiklanishiga har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezmoqda, - dedi O‘zbekiston prezidenti.

Bugungi global jarayonlarga baho berar ekan, davlat rahbari siyosiy va iqtisodiy «parchalanishlar», urushlar va mojarolar xalqaro munosabatlar tizimi asosi va hal qiluvchi tamoyillarining yemirilishiga olib kelayotganini qayd etdi.

- Qarama-qarshilik va proteksionizm jahon iqtisodiyoti parchalanishi va yetkazib berish zanjirlari uzilishiga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatlarning savdo, moliya, sarmoya, texnologiya va innovatsiyalar transferi sohalaridagi samarali hamkorligida to‘sqinlik qiladigan yangi ajratuvchi chegaralar vujudga kelmoqda, - dedi prezident.

«Ushbu muammolarni hal qilishning yagona yo‘li – umumiy xavfsizlik, taraqqiyot va farovonlik uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirish» ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston rahbari ShHT har doim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roliga tayanadigan ko‘p tomonlamalik asosidagi adolatli dunyo tartiboti tarafdori bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, yuzaga kelgan voqelik Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyati samarasini oshirishda yangi strategik yondashuvlarni talab etmoqda.

- Tashkilotimizning ulkan salohiyati hamda jahon siyosati va iqtisodiyotidagi ortib borayotgan roliga mos keladigan yangi maqsad va vazifalarni ishlab chiqish vaqti keldi, - dedi prezident.

Davlat rahbari ShHT ta’sis etilgan davrdan buyon zamonaviy tahdidlarning tabiati va miqyosi sezilarli darajada o‘zgargani sababli xavfsizlikni ta’minlash masalalarida uning faoliyatining konseptual asoslariga yangi nigoh bilan qarashni taklif qildi.

ShHT salohiyatini mustahkamlashda, jumladan, Xavfsizlikka xatar va tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha universal markazni tashkil etishda ushbu omillarni hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston prezidenti vakolatli organlar rahbarlari va ekspertlar ishtirokida har yili «Xavfsizlik masalalari bo‘yicha ShHT plyus muloqoti»ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Prezident ShHT makonida savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil «qayta ishga tushirish», ko‘p tomonlama savdo va tarmoqlararo sheriklikning mustahkam asoslarini yaratish muhimligini ta’kidladi.

Sammit davomida tomonlar savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron savdoni rivojlantirish, texnologik kooperatsiyani, shu jumladan kelajak sanoati tarmoqlarini rag‘batlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olgani ta’kidlandi.

Biznes muloqoti uchun samarali platformani shakllantirish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi barcha sheriklarni jalb qilgan holda har yili «ShHT EKSPO» xalqaro sanoat ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi, YeOII, ASeAN va boshqalar bilan iqtisodiy hamkorlikni faol ilgari surish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini izlash muhimligi qayd etildi.

Bugungi geosiyosiy vaziyatda hududlararo o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish uchun inklyuziv va integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti ekologik muammolar kuchayib borayotgan bir sharoitda iqlim sohasidagi hamkorlik ShHT yangi kun tartibining eng muhim qismiga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan «yashil» taraqqiyot sohasidagi umumiy maqsad va vazifalarga erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Toshkentda ekologik barqarorlik va «yashil» o‘sish sohasida tadqiqotlar olib boradigan ShHTning Iqlim muammolari bo‘yicha innovatsion yechimlar markazini tashkil etish taklif qilindi.

Aholining hayot sifatini yaxshilash va ijtimoiy himoya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o‘rinni egallashi lozim, dedi davlatimiz rahbari. Shu ma’noda, kelgusi yili Samarqand shahrida Kelajak sammiti maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shish uchun BMT shafeligida barqaror ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha global konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Mamlakat yetakchisi sivilizatsiyalararo muloqotning noyob modelini ilgari surish va birgalikda mustahkamlashga chaqirdi.

«Xalqlarimizning boy madaniy-tarixiy va ma’naviy merosi, an’analari, urf-odatlari va turmush tarzi – bu o‘zaro ishonch ko‘prigini, yaxshi qo‘shnichilik va yaqin do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan qudratli va hayotbaxsh kuchligi» ta’kidlandi.

Yaqinda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining «Xalqaro sivilizatsiyalar o‘rtasida muloqot kuni» rezolyutsiyasida aynan shu yo‘nalish aks etgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik bo‘yicha Samarqand tashabbusining dolzarbligi yana bir bor qayd etildi. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi barqaror rivojlanish yo‘lidagi ziddiyatlarni yengib o‘tishda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Madaniyat, ta’lim, yoshlar va sayyohlik almashuvlar sohasidagi dasturlarni amalga oshirishga ham e’tibor qaratildi. Xususan, ushbu yo‘nalishlardagi loyihalarni tizimlashtirish va birgalikda amalga oshirish imkonini beradigan ShHT gumanitar tashabbus va dasturlari yagona bankini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlat rahbari so‘zining yakunida «ShHT plyus» formatidagi ushbu uchrashuv yakunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p qirrali sheriklik rivojiga kuchli turtki berishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid