“Mahsulotlar qayta laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda” – Sanepidqo‘mita anor ta’mli ichimlik bo‘yicha ma’lumot berdi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ko‘ra, Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli Golden life ichimligining O‘zbekistonga keltirilgan partiyalaridan zaharli yoki inson salomatligiga zarar keltiruvchi moddalar aniqlanmagan. Hozirda ushbu mahsulotdan qayta namunalar olinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli ichimlik tarkibida zaharli moddalar aniqlanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mahsulot O‘zbekistonga ham olib kirilgan. Har bir partiya tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, keltirilgan mahsulot partiyasiga sanitariya-epidemiologik xulosalar berilgan.
“Keltirilgan mahsulotlar tarkibida zaharli yoki inson salomatligiga zarar keltiruvchi moddalar aniqlanmagan. Hozirda Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli mahsulotlardan qayta namunalar olinib, nazorat tartibida laboratoriya tekshiruvlari olib borilmoqda”, deyiladi Sanepidqo‘mita rasmiy munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunga qadar aholi tomonidan aynan ushbu mahsulotning sifatsizligi va iste’mol qilish oqibatida zaharlanganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushmagan.
Avvalroq Qirg‘iziston hukumati Golden life anor ta’mli gazlangan ichimlik sotuvini taqiqlagani, laboratoriya tekshiruvlarida ushbu mahsulot tarkibida bolalar salomatligiga zarar beradigan azorubin E-122 bo‘yog‘i aniqlangani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
20:23 / 10.12.2024
Yog‘-moy mahsulotlari eksportiga ruxsat berilishi mumkin
17:30 / 26.11.2024
O‘zbekistonga yangi virus kirib kelgani yo‘q, grippning A turi ko‘paygan – SSV
11:31 / 18.11.2024