O‘zbekiston | 16:48 / 06.07.2024
13613
3 daqiqa o‘qiladi

577 so‘mdan 998 so‘mgacha - IESlarda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining tannarxi qancha?

Iqtisodchi Otabek Bakirov elektrning tannarxi qariyb 1000 so‘m ekani haqidagi bayonotlarni qayta taftish qilishga, yangi va doimiy ishlaydigan shaffof hisobdorlik tizimini yaratishga chaqirdi.

Foto: Energetika vazirligi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idoralararo tarif komissiyasining 2024 yil 15 maydagi 20-sonli yig‘ilish bayoniga asosan, issiqlik elektr stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish tariflari belgilangan. Bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

Qayd etilishicha, tariflar quyidagicha:

  • Talimarjon IES uchun 577 so‘m;
  • Navoiy IES uchun 630 so‘m;
  • Yangi Angren IES uchun 645 so‘m;
  • “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi Sirdaryo va To‘raqo‘rg‘on IESlari, Muborak, Toshkent, Farg‘ona IEMlar uchun 721 so‘m;
  • Taxiatosh IES uchun 726 so‘m;
  • Angren IES uchun 871 so‘m;
  • Toshkent IES uchun 998 so‘m.

“Ushbu tariflar issiqlik elektr stansiyalarining foyda normasi bilan ishlashini hisobga olib o‘rnatilgan va elektr energiyasini yagona xarid qiluvchisi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotish uchun belgilangan (1 iyuldan “O‘zenergosotish AJ” yagona xarid qiluvchi).

Qoida bo‘yicha yagona xarid qiluvchi avvalo arzonroq tarifdagi ishlab chiqaruvchidan elektr energiyasini sotib olishi kerak.

Qayta tiklanuvchi quyosh va shamol stansiyalaridan kafolatlangan xaridlar, shuningdek, gidrostansiyalardan sotib olinayotgan elektr energiyasi tariflari bundan ham ko‘ra arzonroq va ularning generatsiyadagi hajmi hamda ulushi faqat oshib bormoqda”, deya qayd etgan Otabek Bakirov.

Iqtisodchining fikricha, yuqoridagi raqamlardan kelib chiqib, elektrning tannarxi qariyb 1 000 so‘m ekani haqidagi bayonotlar transport va taqsimlash xarajatlarini hisobga olgan holda qayta taftish qilinishi, yangi va doimiy ishlaydigan shaffof hisobdorlik tizimi yaratilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil may oyida berilgan rasmiy ma’lumotda 1 kWh elektr energiyasining tannarxi 800 so‘m, 1 kub metr tabiiy gazning tannarxi 1400 so‘m ekani aytilgan edi. 2024 yilda bu miqdor mos ravishda 990 so‘m va 1961 so‘mgacha oshgan.

Energetika vazirligi ham, Iqtisodiyot va moliya vazorligi ham tannarx qanday shakllangani bo‘yicha jamoatchilikka ochiq va shaffof hisobot taqdim qilmagan.

Mavzuga oid