O‘zbekiston | 16:22 / 09.07.2024
6642
4 daqiqa o‘qiladi

Islohotlar agentligi ma’muriy jarimalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar bildirdi

Strategik islohotlar agentligi ma’muriy jarimalar miqdorining sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirishga chaqirdi. Masalan, mashina oynalarini beruxsat qoraytirganlar 8,5 mln so‘m, piyodalar yo‘lagida mashina haydaganlar esa 170 ming so‘m jarimaga tortiladi.

Foto: Kun.uz

Strategik islohotlar agentligi tomonidan ma’muriy choralar va ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligi o‘rganildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda ma’muriy jarimalar miqdorini belgilash mexanizmlarining yo‘qligi sodir etilgan huquqbuzarlikka nomutanosib bo‘lgan jarima solinishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu yo‘nalish tartibga solinmaganligi bois manfaatdor davlat organlari tomonidan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqishga doir qonun loyihalarini tashabbuskorlik bilan ishlab chiqish holatlari ko‘payib ketgan.

“Masalan, avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirganlik uchun nazarda tutilgan 8,5 mln so‘mlik jarima belgilanganda, ruxsatnomaning narxi 11-13 mln so‘m bo‘lgan. Bugungi kunda ruxsatnoma 2,7 mln so‘m etib belgilangan, ammo jarima miqdori esa o‘zgarishsiz qolmoqda.

Qozog‘istonda avtomobil oynasini qoraytirganlik uchun o‘rnatilgan jarima 468 ming so‘mni, Rossiyada – 60 ming so‘mni, Belarusda – 138 ming so‘mni tashkil qiladi.

Ta’kidlash joizki, fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar avtomobil oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirish uchun belgilangan jarimalardan ustuvorlik jihatidan muhimroq hisoblanadi”, deyiladi agenlik xabarida.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarni buzish oqibatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, shu jumladan, inson o‘limiga olib kelayotgan YTHlar soni ko‘payib bormoqda. 2023 yilda 9 839 ta YTH sodir bo‘lgan, shulardan 9 209 tasida fuqarolar jabr ko‘rgan bo‘lib, 2 282 tasi odam o‘limiga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonda piyodalar yo‘laklarida transport vositalarida harakatlanish uchun jarima 170 ming so‘m, piyodalar yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish uchun esa 113 ming so‘m. Germaniyada piyodani o‘tkazib yubormaganlik uchun belgilangan jarima miqdori 1,1 mln so‘mni, Buyuk Britaniyada 1,6 mln so‘mni, Fransiyada 1,85 mln so‘mni hamda BAAda 1,7 mln so‘mni tashkil etadi.

Agentlik fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida inson hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor bo‘lgan YTHlar uchun belgilangan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish va og‘irlashtirish zarur, deb hisoblamoqda. Shuningdek, agentlik huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingani, biroq O‘zbekistonda ma’muriy jazo turi sifatida “ogohlantirish” qo‘llanmasligiga e’tibor qaratgan.

Strategik islohotlar agentligi tomonidan joriy ma’muriy jarimalar miqdorini ularning sodir etilgan huquqbuzarlikka mutanosibligini tekshirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish masalasini ko‘rib chiqish, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalarining korrupsiyaga qarshi kompleks ekspertizasini o‘tkazish, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” institutini kiritish taklif etilgan.

Mavzuga oid