O‘zbekiston | 16:00 / 09.07.2024
5121
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroportida yo‘lovchi tashish hajmi 2024 yilning birinchi yarmida qariyb 50 foizga oshgan

2023 yilda Samarqand aeroporti tarixida birinchi marta 1 010 938 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan va bu 2022 yildagi rekord ko‘rsatkichdan 104,9 foizga yoki 517 521 yo‘lovchiga ko‘paygan edi.

“Kompaniyaning asosiy maqsadi - Samarqand va O‘zbekistonni aviatashuv xizmati bo‘yicha jahon standartlariga mos ravishda sayyohlar uchun yanada qiziqarli qilishdir. Yo‘lovchilar oqimining o‘sishi ushbu maqsad muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Air Marakanda barqaror xizmat ko‘rsatish sifati va noyob ish uslubini saqlab qolishga intiladi, bu esa Samarqand aeroportini qadimiy va navqiron Samarqandga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan barcha sayohatchilar uchun a’lo tanlovga aylantiradi”, deydi Air Marakanda aksiyadori Baxtiyor Fozilov.

2024 yil boshidan Samarqand xalqaro aeroporti o‘z yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirdi va yilning birinchi yarmida Samarqanddan parvozlar 2 ta ichki va 24 ta xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirildi.

Loong Air xorijiy aviakompaniyasi birinchi marta Tsian (Xitoy) shahriga parvozlarni amalga oshirishni boshladi. Ural Airlines, Qazaq Air, Utair, Uzbekistan Airways kabi aviakompaniyalar tomonidan Yekaterinburg, Moskva, Turkiston, Tyumen, Nijniy Novgorod va Irkutskka reyslar ochilgan edi.

Joriy yilning 21 mart kuni Air Samarkand asosiy aviatashuvchisi tomonidan Istanbulga (Turkiya) muntazam reyslar yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, aviakompaniya Nyachang (Vetnam) va Sharm-al-Shayx (Misr) ga bir nechta charter reyslarini amalga oshirdi.

Yo‘lovchilar oqimining o‘sishi tahlilidan kelib chiqadiki, asosiy e’tibor xalqaro yo‘nalishlarga qaratilgan. Samarqanddan Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Abu-Dabi, Jidda va Dubayga parvozlar 2024 yilning birinchi yarmida ommalashdi. Umuman olganda, ushbu reyslarda taxminan 613 ming yo‘lovchiga (+56%) xizmat ko‘rsatilgan. Yilning birinchi yarmida ichki havo liniyalarida tashish hajmi 34 ming yo‘lovchini tashkil etdi.

Qo‘shimcha ma’lumot:

Air Marakanda - davlat-xususiy sheriklik asosida O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya sohasidagi birinchi loyiha doirasida Samarqand xalqaro aeroportining yer ustida xizmat ko‘rsatish va yangi terminalini boshqarish bo‘yicha operator-kompaniya. Samarqand aeroportining yangi xalqaro terminali ikki yil davomida World Airport Awards (SKYTRAX) xalqaro aeroportlar reytingida Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi o‘ntalikka kirdi. 2023 yil yakunlariga ko‘ra, Samarqand aeroporti ACI EUROPE talqini bo‘yicha o‘z toifasida yo‘lovchi tashishning o‘sishi sur’ati bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.

Mavzuga oid