Sport | 09:57 / 10.07.2024
39491
9 daqiqa o‘qiladi

Yamal Peledan o‘zdi, Mbappe finalsiz qoldi

O‘yindan keyin styuard Moratani tepib yiqitdi.

Foto: Getty Images

Yevro-2024. Yarimfinal

Ispaniya — Fransiya 2:1
Gollar: Yamal (21), Olmo (25) — Kolo-Muani (9).
Ispaniya – Simon, Navas (Vivian, 58), Nacho, Laport, Kukurelya, Ruis, Rodri, Olmo (Merino, 76), Uilyams (Subimendi, 90+4), Yamal (Ferran Torres, 90+4), Morata (Oyarsabal, 76).
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Kante (Grizmann, 62), Rabio (Kamavinga, 62), Chuameni, Dembele (Jiru, 79), Mbappe, Kolo-Muani (Barkolya, 63).
Ogohlantirishlar: Navas (14), Chuameni (60), Kamavinga (89), Yamal (90+1).

9 iyul, seshanba oqshomida Yevro-2024 turnirida Ispaniya — Fransiya jamoalari o‘rtasida ilk yarimfinal uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu shunchaki finalga o‘tish bahsi emas, g‘oyalar qarama-qarshiligi edi. Ispaniya milliy jamoasi favoritlar orasidagi eng yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan jamoa bo‘lmoqda, Luis de la Fuente shogirdlari turnirdagi har bir o‘yinda faqat g‘alaba uchun o‘ynamoqda. Fransuzlar esa turnirlarga xos uslub tanlagan va kerakli vaqtda kuch tejab harakat qildi, ammo bu ko‘proq antifutbolga aylanib ketdi. «Uchranglilar» umuman o‘yindan gol urmasdan, avtogol va penaltilar yordamida chempion bo‘lmoqchidek ko‘rina boshlagandi. 

Ispaniya oldingi bosqichda Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabaga qurbonliklar evaziga erishgandi: Pedri jarohat oldi va bir necha haftaga safdan chiqdi, Karvahal va Le Norman diskvalifikatsiya tufayli yarimfinalda yordam bera olmaydigan bo‘ldi. Natijada maydon markazida Pedri o‘rniga ilk daqiqalardan oldingi o‘yin qahramoni Olmo harakat qildi, himoya markaziga Le Norman o‘rniga — Nacho, o‘ng qanotga Karvahal o‘rniga — Navas joylashtirildi. Va bu ispaniyalik muxlislarda xavotir uyg‘otgandi: 38 yoshli faxriy futbolchi Mbappening reaktiv tezligiga dosh berolmadi? Desham esa bu safar ham Grizmanni startda tushirmadi va ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi. Fransuzlar 2014 yilgi mundialdan buyon ilk bor katta turnir pley-offida Antuansiz o‘yinni boshladi. Desham Grizmanning ijodkorligidan ko‘ra Dembele va Kolo Muanining tezligiga tayanishni afzal ko‘rdi.

Fransuzlar tezkor gol urishdi. Niqobini yechib chiqqan Mbappe chap qanotdan yorib kirib, uzoq ustun tomondagi Kolo Muanini golli pas bilan ta’minladi. Fransuzlar Yevroda o‘yindan urilgan ilk golini nishonlashdi. Navas uchun esa o‘yin dahshatli boshlandi — Kilian aynan undan o‘tib ketib, to‘pni sherigining boshiga yetkazib bergandi, bir necha daqiqa o‘tib esa maydondagi eng tajribali futbolchi sariq kartochka oldi.

Maydondagi eng yosh futbolchida esa — barchasi joyida edi. O‘yin fransuzlar ssenariysi bo‘yicha ketayotgandek edi: ular to‘pni raqibga topshirishdi va imkon tug‘ilishi bilanoq qarshi hujumlarga o‘tishdi. Ammo kutilmagan pallada Yamal katta sahnaga chiqdi va 25 metr masofadan turib to‘pni aylantirib, uzoq burchakka joyladi. Turnirning eng chiroyli gollari ro‘yxati yangilandi. Shu kunlarda Germaniyada turib imtihonni topshirgan va maktabni tamomlagan Lamin 16 yosh 362 kunligida Yevro tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi.

Bungacha bu yutuqqa shveysariyalik Yohan Fonlanten egalik qilardi, u ham 2004 yilda 18 yoshu 141 kunligida Fransiya darvozasini ishg‘ol etgandi.

Bundan tashqari, Opta e’tibor qaratishicha, ispaniyalik o‘smir Peleni ortda qoldirgan holda, Yevro va JCh chempionatlari tarixidagi eng yosh gol muallifi bo‘lib oldi. Buyuk braziliyalik 1958 yilda 17 yoshu 239 kunligida jahon chempionatida gol urgan. 

Qo‘shimchasiga, Yamal seshanba oqshomida Yevro yarimfinallarida o‘ynagan eng yosh futbolchi bo‘lib ulgurgan, guruh bosqichining 1-turida esa Xorvatiyaga qarshi o‘yinda golli pas bergan eng yosh futbolchiga aylangandi.

Ispaniyalik muxlislar uning golini nishonlashda davom etayotgan chog‘da ispanlar hisobda oldinga ham chiqib olishdi. Bu safar barchasini Olmoning o‘zi bajardi: u jarima maydoni ichida to‘pga ikki bor teginishda Tshuamenini ortda qoldirib, Menyanni ojiz qoldirdi. Kunde darvozabonga yordam berishga harakat qildi, ammo to‘p uning oyog‘idan baribir darvoza to‘riga borib tushdi. Ispanlar tez o‘tkazib yuborilgan golga undanda tezkor gollar bilan javob qaytarishdi.

Bu Yevroda fransuzlar hech bir o‘yinda hisobda ortda bormagandi va maydondagi futbolchilar qanday yo‘l tutishni bilmay qolishdi. Ispanlar ularga to‘pni topshirdi va pozitsion hujumlarda raqibdan ko‘ra kuchliroq ekanini namoyish etishdi. Bo‘limning qolgan qismida fransuzlar hech narsa yarata olishmadi.

Tanaffusdan keyin vaziyat sezilarli darajada o‘zgarmadi. Ispanlar mudofaaga yotib olishmadi va o‘z futbolini o‘ynashda davom etdi. Tanaffusdan 15 daqiqa o‘tib Desham uchtalik almashtirish qilib, Grizmann, Barkol va Kamavingani maydonga tashladi.

Vaqt o‘tgan sayin fransuzlar asabiylasha boshladi va muxlislar uchun tomoshabop o‘yin namoyish eta olishmadi. O‘yin yakuniga 10 daqiqa qolganida fransuzlarning so‘nggi umidi sifatida Jiru maydonga tashlandi — ammo so‘nggi daqiqalarda kutilgan shturm ham ro‘y bermadi. Fransuzlar umuman turnirni tark etishdan qayg‘urayotgan jamoaga o‘xshamasdi. Mbappe yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo juda noaniq zarba yo‘lladi. U bu turnirni rosmanasiga muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi. Grizmann ham jamoa o‘yinini kuchaytira olmadi — u ham muxlislar ishonchini oqlamadi. Fransiya mag‘lubiyatini jimgina qabul qildi.

Fransuzlar bosh murabbiyi matbuot anjumanlaridan birida jamoasining zerikarli o‘yini haqida savol bergan jurnalistga «boshqa jamoalarning o‘yinini tomosha qilish»ni tavsiya etgandi. U aynan Ispaniyani nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas, bu jamoa har bir o‘yinda o‘z uslubiga sodiq qolmoqda va natijaga ham erishmoqda. Endi Ispaniya 14 iyul kungi finalda Angliya — Niderlandiya juftligi g‘olibi bilan o‘ynaydi. 

Morataning antiqa holatdagi jarohati

O‘yindan keyin ispaniyalik futbolchilar g‘alabani tribuna qarshisiga borib nishonlashdi. Shu vaqtda maydonga Turkiya milliy jamoasi libosidagi muxlis yugurib chiqdi.

Styuardlar uni tutib olish uchun tashlanishdi va ulardan biri toyib ketib, Moratani yiqitdi.

Forvard avvaliga styuardga g‘azab bilan qaradi, keyin esa og‘riqdan yuzini bujmaytirdi. So‘ng oqsoqlangancha qo‘rqib ketgan jamoadoshlari tomon yo‘l oldi.

Styuard darhol futbolchidan uzr so‘radi. Morata esa maydonni tark etayotganida endi u qadar qattiq oqsoqlanmayotgandi.

Ispan nashrlari Morata jarohat olgan bo‘lishi mumkinligini istisno etishmayapti. Marca nashri yozishicha, milliy jamoa tibbiy shtabi Alvaroni tekshirgan, ammo uning holati haqida aniq javob bermagan. Bosh murabbiy esa bu hodisa yuzasidan to‘xtalib o‘tdi:

«Umid qilamizki, barchasi yaxshi. Ammo ertagacha kutish kerak. Bu kuchli zarba edi. Morata — barchaga namuna bo‘ladigan, bizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi sardor. U juda tirishqoq va foyda keltiruvchi futbolchi. Uning ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi va u bizga maydonda ham, uning tashqarisida ham kerak. Qo‘shimchasiga, Alvaro — ajoyib inson. U ispan futboli tarixiga kiradi va uni biz bilan hali ko‘p turnirlar kutib turibdi».

E’tiborli jihati, Germaniya bilan o‘yindan keyin OAV Morata diskvalifikatsiya tufayli Fransiya bilan o‘yinda qatnasha olmasligi haqida yozgandi. Go‘yoki Alvaro zaxira o‘rindig‘ida ekanida sariq kartochka olgani aytilgandi. Ammo bu noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lib chiqdi. Endi Ispaniya milliy jamoasi muxlislari yana Morataning navbatdagi o‘yinda tushish-tushmasligi borasida tashvishlanishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid