O‘zbekiston | 15:06 / 11.07.2024
9925
1 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Qo‘qon aeroportiga parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Bugun, 11 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi. Shu yil mart oyida yangidan ochilgan Qo‘qon aeroportiga ilk marta yirik havo kemasi – davlat rahbarining samolyoti qo‘ndi. Prezident bu yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Aeroport 1977 yilda qurilgan bo‘lib, yaqin yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilgan. Keyinchalik faqat harbiy havo kuchlari tomonidan foydalanilgan. Modernizatsiya natijasida ushbu aeroport orqali yana fuqaro aviatsiyasi parvozlari yo‘lga qo‘yildi.

Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev endi bu aeroport xalqimizga manfaat keltirishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ichki turizm imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi samara berishi, xalqaro reyslarni ham yo‘lga qo‘yish mumkinligi qayd etildi.

Mavzuga oid