O‘zbekiston | 17:35 / 14.07.2024
13214
4 daqiqa o‘qiladi

Talabalar yana testga keldi – imtihonning ilk kunidan reportaj

“Bir yil kontraktda o‘qidim, grant bo‘lib qolarmi deb yana testga keldim”, “Qizim 2-kursda o‘qiydi, lekin yo‘nalishi o‘ziga yoqmaydi”. Bu yilgi test imtihonlari o‘ziga ikkinchi imkoniyat berishga qaror qilgan talabalar bilan to‘la. Kun.uz imtihonning ilk kuni taassurotlarini bilish uchun test yechib chiqqan abituriyentlar va ularning yaqinlariga mikrofon tutdi.

Bugun, 14 iyul davlat oliygohlariga kirish imtihonlarining ilk kuni. Bu yil testlar odatdagidan 15 kun oldin boshlandi. Birinchi smena imtihonlar 8:00-11:00, ikkinchi smena esa 15:00-18:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.

Bu yil nafaqat test kunlarida o‘zgarish bo‘ldi, balki testga kelgan abituriyentlarda ham o‘zgarish bor. Ularning aksari testni hayajonsiz o‘tkazgan. Chunki testga kelganlar orasida o‘ziga ikkinchi imkoniyatni berishga qaror qilgan talabalar talaygina. Kun.uz Toshkent shahrining “Yoshlik” sport majmuasi binosiga borib, abituriyentlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi. Aksar abituriyentlar o‘zini abituriyent emas, talaba deb tanishtirdi.

Qizimni olib keldim. U sirtqiga o‘qishga kirgan. Lekin undan qoniqmay, kunduzgi ta’limda o‘qishni xohlayapti”, – dedi Qashqadaryodan kelgan ota-onalardan biri.

Yana bir boshqa ona ham qizi pedagogika yo‘nalishida o‘qishini, lekin tibbiyot mutaxassisi bo‘lishni xohlashini aytadi.

Qizim O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetida o‘qiydi. Lekin u SamPIda o‘qishni xohlagan edi. Balli yetmagani uchun kirolmagandi. Bu yil yana omadini sinab ko‘ryapti”, – dedi onalardan biri.

Xuddi shunday javoblarni Kun.uz muxbiri duch kelgan o‘ndan ortiq abituriyentlar ham aytdi. Lekin ularning testni ikkinchi marta qayta topshirishga qaror qilish sabablari bir-biridan farq qiladi. Kimdir oldingi yillari kontraktga kirgani sabab, bu yil grantga ilinishga umid qilsa, kimdir o‘tgan yili majbur bo‘lib qolganidan o‘zi istamagan yo‘nalishni tanlab qo‘ygani, bu yil esa o‘zi qiziqqan sohasi bo‘yicha o‘qish istagi borligini ma’lum qildi.

O‘zim irrigatsiya yo‘nalishida o‘qiyman. Lekin yaxshiroq o‘qishda o‘qishni xohlayman. TATUning kiberxavfsizlik yo‘nalishini mo‘ljal qilib, imtihonga kirdim”, – dedi talabgorlardan biri.

Shuningdek, testni yechib chiqqan abituriyentlar testlar qiyin emasligi, o‘zlari xohlagan yo‘nalishga o‘qishga kirishga umid qilayotganlarini ham aytishdi. 

Bir yildan beri Nizomiy nomidagi pedagogika yo‘nalishida o‘qib kelaman. O‘tgan yili o‘zim istagan sohaga kirolmaslikdan qo‘rqqanim sabab topshirmagandim. Endi bu yil shuni tuzatmoqchiman. To‘g‘ri, o‘tgan yili grantga kirgandim. Shuning uchun bemalolman, agar hozir o‘qishga kirolmay qolsam ham, eski o‘qishimda o‘qiyveraman”, – dedi yana bir talaba.

Oldinroq abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yangi tartib e’lon qilingan edi. Unga ko‘ra, abituriyentlarga test yechib, ballarini ko‘rganidan keyin oliygoh tanlash imkoniyati beriladigan bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, 2024/2025 o‘quv yili uchun test imtihonlari 25 iyulgacha davom etadi. Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida 1 yarim soat oldin belgilangan hududda kelish talab etiladi. Ular testga pasport (ID) va abituriyent ruxsatnomasi olib kelishlari talab qilinadi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov 

Mavzuga oid