O‘zbekiston | 14:10 / 15.07.2024
11315
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz zapravkalar uchun qo‘shimcha talablar belgilandi 

Yangi AGTKSh qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining "Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi

Hujjat tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda siqilgan gazni avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali (AGTKSh) sotishni to‘liq raqamlashtirgan holda ulardan noqonuniy foydalanish va baxtsiz hodisalarning oldini olish  chora-tadbirlarini nazarda tutadi.

2024 yil 1 sentabrdan neft, gaz (shu jumladan siqilgan tabiiy va suyultirilgan uglevodorod gazi) va gaz kondensatini qazib olish va qayta ishlash uchun litsenziya olishda ko‘rsatiladigan texnologik jarayonlar va texnologik uskunalarning holati texnik jihatdan tartibga solinadi.

Yangi AGTKSh qurish uchun tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar va litsenziya faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda Energetika vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi.

Lisenziya yoki ruxsatnoma olish uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilishi kerak:

AGTKSh orqali sotiladigan siqilgan gaz sarfi hisobini bevosita gaz tarqatish ustunlaridagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yuritish imkonini beruvchi Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator UZINFOCOM MChJ tomonidan ishlab chiqilgan tizim o‘rnatilganligini tasdiqlovchi hujjat;
Energetika vazirligining AGTKSh orqali siqilgan gaz sotish bo‘yicha yangi litsenziya olish  Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvini tasdiqlovchi taqdimnomasi.

Amaldagi lisenziatlar uchun UZINFOCOM avtomatlashtirilgan tizimlariga ulanish talabi 2025 yil 1 yanvardan boshlab majburiy hisoblanadi.

Mavzuga oid