Surxondaryoda Qizil kitobga kiritilgan sirtlon o‘ldirilgani aniqlandi
Bir bosh noma’lum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvonga tegishli ekanligi borasida ilmiy xulosa olish uchun tegishli tashkilotlarga jo‘natilgan. Agar fuqaro sirtlonni o‘ldirganligi to‘liq isbotlansa, tabiatga yetkazilgan 1 mlrd 60 ming so‘m miqdordagi zararni to‘lashi kerak bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda sirtlon o‘ldirilgani aks etgan suratlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ekologiya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish jarayonida voqea 2023 yilning oktyabr oyi oxirlarida Sho‘rchi tumanining Obodon mahallasi Takatosh massivida fuqaro Sh.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. Holat oqibatida tabiatga 1 mlrd 60 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
O‘rganish natijasida bir bosh noma’lum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish uchun tegishli tashkilotlarga jo‘natilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, xulosa olingach, hujjatlar chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi.
Vazirlik hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish qat’iyan taqiqlanishi, bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni yo‘q qilganlik uchun undiriladigan jarimalar miqdori 10 baravarga oshirilgandi. Ro‘yxatga ko‘ra, qoplon, targ‘il sirtlon, ilvirs kabi hayvonlarni noqonuniy ovlagani uchun O‘zbekiston fuqarolari 3 mlrd 150 mln so‘m, chet el fuqarolari esa 400 ming dollar tabiatga yetkazilgan zararni to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Mavzuga oid
10:40 / 13.12.2024
Sariosiyoda ko‘chada yo‘lbars yurgani rad qilindi
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
23:00 / 04.11.2024