Sport | 11:34 / 15.07.2024
26889
8 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya - mutlaq chempion! Yevroda eng munosib jamoa g‘olib chiqdi

Sautgeyt shogirdlari esa yana hal qiluvchi bahsda yutqazdi. Omadsiz Keyn faoliyatidagi oltinchi finalni boy berdi.

Foto: OGUZ YETER/ANADOLU VIA GETTY IMAGES

Yevro-2024. Final
Ispaniya – Angliya 2:1
Gollar
: 1:0 – 47 Uilyams, 1:1 – 73 Palmer, 2:1 – 86 Oyarsabal.
Ispaniya – Unai Simon, Karvaxal, Laport, Le Norman (Nacho, 83), Kukurelya, Fabian Ruis, Rodri (Subimendi, 46), Olmo, Uilyams, Yamal (Merino, 89), Morata (Oyarsabal, 68).
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gehi, Shou, Rays, Foden (Touni, 89), Bellinghem, Maynu (Palmer, 70), Saka, Keyn (Uotkins, 61).
Ogohlantirishlar: Keyn (25), Olmo (31), Stounz (53), Uotkins (90+2).

Yevropa chempionatiga o‘yin uslubi butunlay bir-biriga zid jamoalar yetib kelgandi. Bir tomonda — hujumkor va yorqin, romantik futbolga sodiq qolgan Ispaniya, ikkinchi tomonda — zerikarli va haddan tashqari pragmatik, tarkibidagi ijrochilari darajasiga mos kelmaydigan o‘yin ko‘rsatayotgan Angliya. Buni final uchun ideal juftlik deyish mumkin edi.

Ispanlar tarkibidagi asosiy o‘zgarish sifatida — Yamal endi 16 yoshli vunderkind bo‘lib emas, voyaga yetgan futbolchi sifatida maydonga tushganini qayd etish mumkin; u final arafasida 17 yoshini nishonladi. Tarkib bo‘yicha barchasi oldindan ma’lum edi, de la Fuente — finalda tajriba qiladigan darajada tavakkalchi emas. Karvahal va Le Norman diskvalifikatsiyani o‘tab maydonga qaytdi — ular oldindan asosiy tarkib futbolchilari edi.

Sautgeyt ham ish berib turgan tizimni buzishni istamadi. Yana uch markaziy himoyachidan iborat sxema tanlandi, Saka o‘ng qanot laterali rolida tushdi, qarama-qarshi qanotda esa Shou harakat qildi, bu uning uchun fevral oyidan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibda o‘ynashi edi. U bu pozitsiyaga ko‘nikib keta olmagan, asosiy oyog‘i o‘ng oyoq bo‘lgan Trippiyerni almashtirdi. 

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik 70:30 nisbatida ispanlar tomonida edi. Ular butun vaqtini inglizlar mudofaasida bo‘sh joy topishga urinish bilan o‘tkazishdi. Ammo bundan naf chiqmadi — ikki jamoa ham nafaqat himoyada, balki o‘tish fazalarida ham xatosiz harakat qildi. Ikki jamoada ham tezkor qarshi hujumlarga o‘tib ketish imkoni yuzaga kelmadi. Ispaniya ilojsizlikdan qanotlardan uzatma berishga o‘tdi va bu ham mutlaqo foydsiz edi.

Birinchi bo‘lim Sautgeytning ssenariysi bo‘yicha kechdi deyish mumkin, qanotlarda Uoker Niko Uilyamsga, Shou Lamin Yamalga o‘yin bermadi. Jamoalar sifatli futbol namoyish etishdi, ammo yaqqol vaziyatlar yaratilmadi. 45 daqiqa davomida tomonlar darvoza sohasi tomon bittadan aniq zarba yo‘llashdi, kutilgan gollar bo‘yicha birgalikda xG 0,37 ko‘rsatkichini qayd etishdi. 

Ikkinchi bo‘lim Ispaniya muxlislari uchun noxush xabar bilan boshlandi — Rodri o‘yinni davom ettira olmasligi ma’lum bo‘lgandi. U birinchi bo‘lim oxirida Keynning zarbasini to‘sishga uringanida jamoadoshi Lyaport bilan to‘qnashib ketgandi.

Foto: ALEX GRIMM/GETTY IMAGES

Vingerlarning o‘yini chiqmayotgandi, Yamal birinchi bo‘lim davomida biror marta raqibni aldab o‘ta olmadi, endi esa markaz ham kuchsizlanayotgandi.

Foto: OGUZ YETER/ANADOLU VIA GETTY IMAGES

Ammo raqibning asosiy futbolchisi chiqib ketishidan keyin inglizlar sergaklikni yo‘qotdi va ispanlarning o‘yindagi eng yaxshi hujumi o‘tkazib yuborildi: ikkinchi bo‘limning ikkinchi daqiqasidayoq «Qizil furiya» Angliya mudofaasini yorib o‘tdi. Hujumni ortdan Karvahal maydonning uchinchi qismidagi Yamalga to‘p yetkazib berish bilan boshlab berdi, «Barsa» vingeri esa narigi qanotda Uoker tomonidan bo‘sh qoldirilgan Uilyamsni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi va hisob ochildi. Inglizlar o‘ziga kelishiga ulgurmasidan ikkinchi golni o‘tkazishi ham mumkin edi, ammo Olmo juda yaxshi pozitsiyadan gol urolmadi. U, Morata yoki Uilyams o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, ikkinchi golni urishganida, o‘yin masalasi ancha erta hal bo‘lgan bo‘lardi. 

Ketma-ket hujumlar bir amallab qaytarib olingach, Sautgeyt o‘z yurishini boshladi — jamoa sardori Keyn 60-daqiqadayoq Uotkinsga almashtirib yuborildi. 64-daqiqada esa inglizlar ikkinchi bo‘limdagi ilk zarbasini yo‘lladi. Bellinghem to‘pni qabul qilishda Zidanning mashhur fintini ishlatib, ikki raqibdan qutuldi va Martin Subimendining oyoqlari orasidan kuchli zarba berdi, to‘p ustun yonginasidan o‘tib ketdi.

Keyin tashabbus yana ispanlarga o‘tdi va jamoa Rodrining yo‘qligini sezdirmay o‘ynashda davom etdi. Yamal masalani hal qilishga yaqin keldi, ammo burchakka borayotgan to‘pni Pikford to‘xtatib qoldi.

Angliya uchun esa bir to‘p farqini yo‘qqa chiqarish — muammo emasdi. Yevrodagi bu qonun finalda ham ishladi. Sautgeyt yana omadli almashtirish amalga oshirdi: Palmer maydonga tushishidan bir necha daqiqa o‘tib, Bellinghem tashlab bergan to‘pni barchaning oyoqlari orasidan o‘tkazib darvozaning olis burchagiga joyladi — 1:1!

Ispanlar esa ehtiyotkorlik qilib, qo‘shimcha bo‘limlarni kutadigan jamoa emasdi. Bu jamoa o‘yin borasida g‘alabaga haqliroq ko‘rinayotgandi. De la Fuente shogirdlari zarbalar soni bo‘yicha qariyb ikki barobar ustunlik qildi – 16:9 (jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 12:4, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 6:4). 

Ular barchasini 90 daqiqa ichida hal qilishga intilishdi. Yamalda yana bir qulay vaziyat bo‘ldi, ammo bu duelda ham Pikford ustun keldi. Ammo «Qizil furiya» baribir o‘z maqsadiga erishdi. 86-daqiqada Kukurelya ispanlarga «oltin» gol taqdim etdi. Uning qanotdan bergan uzatmasidan keyin Oyyarsabal Gehidan ildamroq harakat qilib, to‘pga bir teginishda hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Ofsaydga gumon bor edi, ammo zamonaviy texnikalar barchasi to‘g‘ri bajarilganini ko‘rsatdi.

Va bu hali hammasi emasdi. Asosiy vaqtning so‘nggi daqiqasidagi shturm chog‘ida to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qolgan Olmo kechaning yana bir qahramoniga aylandi.

U bu o‘yinda turnirning yaqqol to‘purariga aylana olmadi, ammo bunday qutqarish har qanday goldan qadrliroq. Qolgan daqiqalarda Ispaniya darvozasi qarshisida boshqa golli vaziyat bo‘lmadi. Angliya qatorasiga ikkinchi bor Yevro finalini boy berdi va endi ingliz matbuoti Sautgeytni yakson etishni boshlashi mumkin.

Ispaniyaning chempionligi — haqli va adolatli bo‘ldi. Jamoa turnirdagi barcha o‘yinda g‘alaba qozondi. Qolaversa, ispanlar o‘z yo‘lida deyarli barcha favoritlar bilan o‘ynab chiqdi va ularning barchasini yo‘lidan oldi. Bu ro‘yxat chindan ham dahshatli ko‘rinishda: Xorvatiya, Italiya, Germaniya Fransiya, Angliya. Ispanlar shubhasiz turnirning eng yaxshi jamoasi edi. Jamoaning hujumga urg‘u qaratilgan va muvozanatli o‘yini muxlislarni ham xursand qildi, natija ham keltirdi.

Bundan tashqari, Ispaniya to‘rtinchi chempionlik bilan Yevropa chempionatlari tarixidagi eng sovrindor jamoaga aylanib oldi. Bir so‘z bilan aytganda, ular endi bu turnirda ham, butun tarixda ham mutlaq chempionlar!

Mavzuga oid