Sport | 16:42 / 16.07.2024
8575
3 daqiqa o‘qiladi

Sautgeyt Yevro-2024 finalidagi mag‘lubiyatdan keyin iste’foga chiqdi

So‘nggi turnir vaqtida tinimsiz tanqid qilinganiga qaramay, u Angliya milliy jamoasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli ishlagan mutaxassis bo‘ldi.

Foto: PA MEDIA

Futbol bo‘yicha Angliya milliy jamoasi bosh murabbiyining iste’fosi o‘zini ko‘p kuttirmadi. Yevropa chempionati finallarida qatorasiga ikkinchi bor mag‘lub bo‘lganidan keyin ikki kun o‘tib Garet Sautgeyt bu lavozimdan ketishini e’lon qildi.

Inglizlar yakshanba kuni Berlinda o‘tkazilgan final bahsida Ispaniyaga oxirgi daqiqalarda o‘tkazilgan gol tufayli 1:2 hisobida yutqazdi, uch yil oldin esa Londonda o‘tgan Yevro-2020 finalida Italiyaga mag‘lub bo‘lingandi.

«Men — angliyalikman va bundan faxrlanaman. Angliya uchun o‘ynash va milliy jamoani shug‘ullantirish mening hayotimning sharafli qismi edi, — deya murojaat qilgan Sautgeyt fanatlar va futbolchilarga. — Ammo o‘zgarishlar vaqti keldi».

Sautgeyt jamoa boshqaruvida 102 o‘yin o‘tkazib, 61 uchrashuvda g‘alabaga erishdi va 17 bor mag‘lub bo‘ldi.

So‘nggi Yevrodan keyin u chempionat o‘yinlarida qatorasiga 13 uchrashuvda asosiy vaqtda (penaltilar seriyasi bundan mustasno) yutqazmagan ilk mutaxassisga aylandi.

Ammo turnir davomida uni pragmatik futbol namoyish etgani va o‘z qo‘li ostida jamlangan yulduzli futbolchilarning salohiyatini ro‘yobga chiqara olmagani uchun tanqid qilishdi.

Shunga qaramay Sautgeyt boshini tik ko‘targan holda iste’foga chiqmoqda — uning boshqaruvi davrida Angliya o‘z tarixidagi eng yaxshi yillarni o‘tkazdi, uni qanchalik tanqid qilishmasin, uning milliy jamoa oldidagi xizmatlari katta bo‘ldi.

«So‘nggi sakkiz yil mobaynida u Angliya erkaklar milliy jamoasini qaytadan shakllantirdi. Uning bu ishdagi hissasi beqiyos, ko‘rsatgan natijalari ro‘yxati — ajoyib», — degan xayrlashuv marosimida Angliya futbol assotsiatsiyasi rahbari Mark Bullinghem va statistik raqamlarni keltirgan.

Angliya milliy jamoasi so‘nggi bor yirik turnirda — jahon chempionatida g‘olib chiqqan 1966 yildan keyin jamoa biror marta yirik turnirlar finaliga chiqmagandi — jamoa tarixi ikki bosqichga bo‘linadi: Sautgeytgacha va uning davri.

U boshqaruvga kelguniga qadar inglizlar 25 ta xalqaro turnir pley-offlarida faqat 7 marta g‘alaba qozongan. Uning boshqaruvida o‘tgan 4 turnirda esa — 9 marta. Uning davrida ikki marta Yevropa chempionati finallari chiqildi, bir marta Jahon chempionatining eng yaxshi to‘rt jamoasi safidan joy olindi, bir marta Millatlar ligasi yarimfinaliga chiqildi.

«Ya’ni u 8 yil ichida oldingi 50 yildagidan ko‘ra ko‘proq marta hal qiluvchi o‘yinlarda g‘olib chiqqan», — degan Bullinghem.

Mavzuga oid