«Bu maxfiy xizmatning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng jiddiy muvaffaqiyatsizligi». WSJ - Trampga suiqasd haqida
13 iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi mitingi chog‘ida Donald Trampni o‘ldirishga urinish AQSh Maxfiy xizmatining so‘nggi o‘n yilliklardagi — aynan aytilsa, 1981 yilda prezident Ronald Reyganga uyushtirilgan suiqasddan beri kuzatilgan eng yirik muvaffaqiyatsizligi bo‘ldi, deb yozadi The Wall Street Journal gazetasi.
AQSh Kongressining bir necha qo‘mitasi maxsus xizmatlar faoliyatini tekshirmoqchi. Xususan, vakillar palatasining nazorat bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jyeyms Komer allaqachon 22 iyul kuni Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl ishtirokida tinglov o‘tkazilishi rejasini ma’lum qilgan.
Jurnalistlar surishtiruv davomida maxsus xizmatlarning Batlerdagi miting o‘tkaziladigan hududdagi xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tayyorgarlik ishlari tahliliga katta e’tibor qaratilishini taxmin qilishgan: 20 yoshli, yolg‘iz harakatlangan o‘qotar qanday qilib Tramp chiqish qiladigan joy yaqinidagi tomda o‘t ochish pozitsiyasini egallashga muvaffaq bo‘lgani haqidagi savolga javob topish uchun.
«Reallik shundaki, Maxfiy xizmat voqea joyidan 100 yard masofadagi ochiq tomni kuzatish uchun yetarli resurs ajrata olmagani uchun hech qanday oqlov yo‘q», — degan Maxfiy xizmatning sobiq xodimi Bill Pikl.
U agar maxsus xizmatlar xavfsizlikni yetarli darajada ta’minlay olganida, o‘qotar birorta o‘q uzishga ulgurmasligi kerak edi deb hisoblaydi. Shu bilan birga, nashr Maxfiy xizmat mergani jinoyatchini mitingda otishma boshlanishidan «zum o‘tmay» otib o‘ldirganini qayd etgan.
Maxsus xizmatlar Batlerdagi miting oldidan qanday xavfsizlik choralarini ko‘rgani haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Maxfiy xizmatning sobiq xodimlari jurnalistlarga aytishicha, odatda bunday tadbirlardan oldin maxsus xizmatlar yaqin atrofdagi binolar va korxonalarni tekshiradi, shuningdek tadbir doirasidan tashqaridagi kuzatuv va xavfsizlik masalalarida mahalliy huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik o‘rnatadi.
Maxfiy xizmatning iste’fodagi yuqori martabali agenti Donald Mihalek Trampning Batlerdagi mitingi kabi ochiq osmon ostida o‘tuvchi tadbirlar maxsus xizmatlarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishini ta’kidlaydi. «Siz butun shaharni yopib qo‘ya olmaysiz», — deydi u.
Saylov mavsumida maxsus xizmatlar ishi yanada qiyinlashadi, chunki qoidaga ko‘ra prezidentlikka nomzodlarning grafigi tartibsiz bo‘ladi va unda rejadan tashqari tadbirlar paydo bo‘lib qolishi mumkin, natijada Maxfiy xizmatda unga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yetarli bo‘lmaydi, deydi Mixalek. WSJ nashri yozishicha, Trampning shtabi Pensilvaniyadagi miting haqida 3 iyul kuni, uning o‘tkazilishiga o‘n kun qolganida e’lon qilgan. Maxsus xizmatlar bunday tadbir rejalashtirilayotgani haqida undan oldinroq boxabar bo‘lgani ma’lum emas.
Bill Piklning so‘zlariga ko‘ra, surishtiruv doirasida Maxfiy xizmat mahalliy politsiya bilan qanchalik hamkorlik qilgani va ehtimoliy tahdidlarni aniqlash uchun texnologiyalardan, jumladan pilotsiz uchish apparatlaridan foydalanganiga baho beriladi. Bundan tashqari, maxsus xizmatlar mahalliy huquq-tartibot organlari qo‘lloviga qanchalik tayangani va federal darajadagi yoki mahalliy rasmiylar otishmaga bir necha soat yoki daqiqalar qolganida yaqinlashib kelayotgan tahdid haqida xabardor bo‘lgan-bo‘lmagani to‘g‘risidagi savollarga duch kelishi mumkin.
Maxfiy xizmat vakili jurnalistlarga Trampning mitingida merganlarning to‘rt guruhi ishlaganini aytgan: ikkitasi maxsus xizmatlar xodimlaridan, yana ikkitasi — mahalliy huquq-tartibot organlari xodimlaridan tarkib topgan.
Mitingga oddiy tomoshabin sifatida kelgan politsiyachi Robert Pugar merganlar otishma boshlanishidan ancha oldinroq durbin bilan atrofni kuzatayotganini payqaganini aytib bergan. «Men o‘zimga aytib turdim: qiziq, ular nimanidir ko‘rishdimi. Bu shunchaki mening e’tiborimni tortgandi», — deya eslaydi Pugar.
Mitingdagi otishmadan bir kun o‘tib Pugar nimalar ro‘y berganini haligacha anglay olmayotganini tan olgan: «Qanday qilib kimdir sezdirmasdan [sahnaga] yaqinlasha oldi? Biz hatto bir milya radiusga mashinani qo‘ya olmagandik. Unda qanday qilib kimdir sahnaga eng yaqin joylashgan bino tomiga chiqib olishi mumkin?»
AQSh Maxfiy xizmati direktori Kimberli Chitl 15 iyul kuni maxsus xizmatlar saylov kampaniyasi oxiriga qadar Donald Trampni qo‘riqlashni kuchaytirgani haqida ma’lum qildi. «Maxfiy xizmat demokratiyamizning hozirgi va sobiq rahbarlarini himoya qilishdek ulkan mas’uliyatni zimmasiga olgan. Va men bu mas’uliyatga juda jiddiy qarayman», — degan Chitl.
13 iyul kungi miting chog‘ida otilgan o‘qlardan biri Donald Trampning o‘ng qulog‘ini yaralangan. Otishma boshlanganida AQSh Maxfiy xizmati xodimlari siyosatchini o‘z tanalari bilan to‘sishgan, keyin esa uni sahnadan olib ketishgandi. Trampning salomatligiga hech qanday tahdid yo‘q, uning o‘zi maxsus xizmat agentlari faoliyatiga yuqori baho bergan. FQB versiyasiga ko‘ra, sobiq prezidentga 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks AR-15 rusumli yarimavtomatik miltiqdan o‘q uzgan. Otishma vaqtida mitingga kelganlardan biri, o‘t o‘chiruvchi Kori Komperator halok bo‘lgan, yana ikki tomoshabin og‘ir tan jarohati olgan. Kruks ilk daqiqadayoq mergan tomonidan otib tashlangan.
Guvohlardan biri BBC muxbiri bilan suhbatda otishma boshlanishidan biroz avvalroq tomda qurollangan shaxsni ko‘rgani va bu haqda politsiya xodimlarini ogohlantirganini aytib bergan. «Men o‘zimcha o‘yladim: „Nima uchun Tramp hali ham chiqish qilishda davom etmoqda, nima uchun uni sahnadan olib ketishmayapti?“ Va shunda beshta o‘q ovozi eshitildi», — degan guvoh. Keyinroq Batler okrugi sherif Maykl Slup The Washington Post bilan suhbatda politsiya shubhali shaxs to‘g‘risidagi xabarni tekshirganini aytdi. Sherifning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachi bino tomiga chiqqanida, o‘qotar uni payqab qolgan va miltiqni ofitserga yo‘naltirgan. Politsiyachining quroli bo‘lmagan, shuning uchun u ortga tisarilishga majbur bo‘lgan.
Mavzuga oid
18:07 / 22.12.2024
FT: AQSh Tramp prezidentligining birinchi kunida JSSTdan chiqishini e’lon qilishi mumkin
08:38 / 21.12.2024
FT: Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishga va’da berdi
09:55 / 20.12.2024
Shols va Tramp telefon orqali Ukrainadagi urushni muhokama qildi
17:34 / 18.12.2024