Sport | 21:38 / 19.07.2024
12386
2 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor» Samvel Babayan o‘rniga yangi bosh murabbiyni e’lon qildi

«Navbahor» klubi iste’foga chiqqan Samvel Babayan o‘rniga yangi bosh murabbiyni rasman e’lon qildi.

Sergey Lushan

Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sergey Lushan Namangan jamoasi bosh murabbiyiga aylangan. U bungacha Odil Ahmedov futbol akademiyasida direktor lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

«Bugun oqshomda jamoamiz qarorgohiga Namangan viloyati hokimi, Namangan viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkatjon Shokirjanovich Abdurazzoqov  tashrif buyurib, futbolchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida viloyatimiz rahbari «Navbahor» jamoasi murabbiylar shtabi vakillari va futbolchilarga Sergey Lushanni bosh murabbiy sifatida tanishtirdi», - deyiladi xabarda.

Sergey Lushan 1973 yilning 14 iyunida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Sergey Ivanovich murabbiylik faoliyati davomida O‘zbekiston U19 jamoasi (2014 yil), «Bunyodkor» (2014-2017 yillar), «So‘g‘diyona» (2018 yil), «Dinamo» (2020 yil) jamoalarini boshqargan. Bundan tashqari, Belarusning «Shaxtyor» (Soligorsk, 2021-2022 yillar), «Shaxtyor» (Petrikov, 2023 yil) jamoalarida ishlagan.

Ma’lumot uchun, «Navbahor» Superliga 1-davrasidan keyin 19 ochko bilan 7-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa birinchi davradan keyin dastlab Samvel Babayan bilan xayrlashgan bo‘lsa, so‘ng uning yordamchisi Grigoriy Kolosovskiy ham iste’foga chiqarilgandi.

Mavzuga oid