OTMga qabul kvotalari tasdiqlandi
Kvotalar oliy ta’lim muassasalari kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida, shuningdek faqat davlat granti uchun e’lon qilindi. Kvotalar faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi, sirtqi, kechki va masofaviy uchun yo‘q.
Bakalavr va magistratura qabuli uchun jami 44 ming 203 ta davlat granti o‘rinlari ajratildi.
Prezidentning 2024 yil 19 iyuldagi 36-sonli farmoyishi bilan 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (granti) parametrlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra:
– bakalavr kunduzgi ta’lim shakliga – 34 ming 838 nafar;
– magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 9 ming 365 nafar grant o‘rinlari ajratildi.
Prezident farmoyishi bilan tasdiqlangan joriy yilgi kvotalarning avvalgilaridan bir qancha farqi bor:
- Birinchidan, kvotalar OTMlar kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida e’lon qilindi;
- Ikkinchidan, kvotalar faqat davlat granti uchun e’lon qilindi, to‘lov-kontrakt uchun yo‘q;
- Uchinchidan, kvotalar faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun e’lon qilindi, sirtqi, kechki va masofaviy uchun yo‘q.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev yangi tizim bo‘yicha ayrim tushuntirishlar berib o‘tdi.
Batafsil kvotalar qachon va kim tomonidan e’lon qilinadi?
Batafsil kvotalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi. Odatda bu yana 1 haftacha muddatni talab qiladi. Ya’ni Prezident umumiy kvotani tasdiqlagach, batafsil kvotalarni yana kutishga to‘g‘ri keladi.
Davlat qabul komissiyasi nimalarni tasdiqlaydi?
Davlat qabul komissiyasi 2024/2025 o‘quv yili uchun quyidagilarni tasdiqlashini kutish kerak:
➖umumiy qabul parametrlarini (oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida);
➖qo‘shimcha qabul parametrlarini (imtiyozga ega abituriyentlar uchun);
➖maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
➖o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish ballini;
➖umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini.
Grant kvotasi yo‘nalishlar kesimida ekan, u qanday taqsimlanadi?
Joriy yildan boshlab davlat grantlari oliygohlar uchun berilmaydi, balki yo‘nalish uchun ajratiladi. Masalan, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun aniq grant kvotasi bo‘lmaydi, 50 ta oladi, 100 ta oladi, deyilmaydi. Balki yurisprudensiya yo‘nalishi uchun umumiy grant kvotasi ajratiladi.
Bunda respublikadagi barcha oliygohlardagi yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar orasida kvota doirasida eng yuqori ball to‘plaganlari, qaysi OTMga topshirganidan qat’i nazar, grantga kiradi. Bu degani endi ayrim oliygohlarda grantga kirgan birorta talaba bo‘lmasligi mumkin.
«Joriy yilda yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 115 ta grant kvotasi ajratilgan. Masalan, TDYu, O‘zMU, QDU, SamDU va NamDUda yurisprudensiya yo‘nalishi bor. Mana shu 5 ta oliygohning yurisprudensiya yo‘nalishiga topshirgan barcha abituriyentlar ballar ketma-ketligida taxlab chiqiladi va eng yuqori ball olgan 115 nafar abituriyentga grant beriladi. Shunda, misol uchun, TDYuga 50 ta grant, O‘zMUga 25 ta grant, QDUga 20 ta grant va h.k. to‘g‘ri kelishi mumkin.
Ya’ni davlat endi falon universitetga grant beraman, degandan ko‘ra, ma’lum bir yo‘nalishga topshirgan va yuqori ball olgan aqlli abituriyentlarga grant beraman, deyapti. Bu degani endi qaysidir oliygohga 160 ball bilan kontraktga kirib, boshqa bir oliygohda xuddi shu yo‘nalishga 100 ball bilan grantga kirish degan narsa yo‘qoladi.
Faqat bitta istisno joyi bo‘ladi. Davlat grantining barcha kvotasini bitta oliygoh olib qo‘yishining oldini olish maqsadida cheklov qo‘yiladi. Masalan, 115 ta kvotaning hammasi TDYuga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Bunaqa paytda, masalan, 50 foizlik cheklov qo‘yiladi. Ya’ni TDYu faqat 115 ta kvotaning yarmini, ya’ni 57 ta grant kvotasini olishi mumkin bo‘ladi.
Hali kvotalar to‘liq tasdiqlanmadi, hozircha chala. Oliygohlar, to‘lov-kontrakt, ta’lim shakllari va tillar kesimidagi kvotalar tasdiqlanishini yana kutish kerak. Qancha kutishimiz noma’lum, bu Bosh vazir raisligidagi Davlat qabul komissiyasiga bog‘liq», deyiladi postda.
Mavzuga oid
21:42 / 22.12.2024
O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi
13:50 / 21.10.2024
Hindiston O‘zbekiston OTMda onlayn smart-auditoriyalarni tashkil etishi mumkin
15:23 / 21.09.2024
“Qo‘lingdan bitta jaket sotvolish kelmaydimi, uyatsizlar...” - TDPUda forma kiymagan talabalar bosimga uchradi
14:49 / 21.09.2024