Jamiyat | 17:22 / 22.07.2024
22212
3 daqiqa o‘qiladi

Reklamasida Ozodbek Nazarbekov ko‘rinish bergan do‘kon qonunni buzgan deb topildi

“Kingsman Uzbekistan” brendi ostida faoliyat yurituvchi “Boutique” MChJ reklamada tovarlari mansabdor shaxs – madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatgani uchun reklama qonunini buzgan deb topildi. Kompaniya moliyaviy jarima to‘laydi. Madaniyat vaziri esa ushbu keysda aybsiz deb baholandi.

Foto: Videodan kadr

Avvalroq madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kingsman Uzbekistan kiyimlar do‘koni reklama roligida ko‘rinish bergani, ushbu holat bo‘yicha raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotgani xabar qilingandi.

Qo‘mita bergan qo‘shimcha axborotga ko‘ra, maxsus komissiya tomonidan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Natijada Kingsman Uzbekistan brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Boutique” MChJ “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasini buzgan deb topilgan.

Ushbu moddaga asosan, reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganini ko‘rsatish bo‘yicha taqiq o‘rnatilgan.

“Natijada, ushbu korxonaga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi va qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu reklamadagi ishtiroki tufayli madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov aybdor emas.

“Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning reklamada ishtirokida reklama beruvchi, reklama tayyorlovchi yoki reklama tarqatuvchi sifatidagi alomatlar aniqlanmadi. Ozodbek Nazarbekov tomonidan reklamani o‘z shaxsiy ijtimoiy tarmoqlari va boshqa rasmiy tarmoqlar orqali tarqatmagani tufayli “Reklama to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, reklamaning aylanishi sohasidagi ishtirokchisi sifatida baholanmaydi”, - deyiladi xabarda.

Avvalroq madaniyat vazirligi holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, Nazarbekovning reklamadan hech qanday moddiy manfaatdorligi yoki reklama orqali naf olish maqsadi ko‘zlanmaganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i va Ipotekabankka ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi. Qo‘mitaning maxsus komissiyasi ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilgan

Mavzuga oid