Jamiyat | 22:44 / 22.07.2024
5005
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda yana katta sport bayrami: baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatiga marhamat

Osiyoda ilk bor baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati O‘zbekistonning eng tarixiy va ko‘hna shahri Samarqand shahrida 23-25 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Sil Road Samarkand turistik markazi

Nega aynan Samarqand chempionat mezboni sifatida tanlandi?

Qadimiy obidalari va boy tarixiy va madaniy osori atiqalari bilan dunyoga tanilgan Samarqand endi jahon miqyosidagi yirik sport tadbirlari o‘tkaziladigan joyga aylanmoqda. Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatining aynan shu yerda tashkillantirishdan ham bir qancha muhim maqsadlar ko‘zlangan:

  • Jahon hamjamiyati e’tiborini O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga qaratish;
  • Xalqaro sport aloqalari va hamkorlikni mustahkamlash;
  • Xalqaro arenada mamlakat nufuzini oshirish.

Yutuqlar uchun faxr

O‘zbekiston o‘zining sportning turli jabhalaridagi yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Mamlakat sharafini ulug‘lagan mashhur sportchilar orasida quyidagilarni e’tirof etish mumkin:

  • Vadim Menkov — jahon va Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlarining 4 karra chempioni. Uning yutuqlari hanuzgacha sportchilarning yosh avlodini ilhomlantirmoqda.
  • Artur Guliyev — Duysburgdagi jahon chempionatining oltin medali sohibi, 2023 yilda Vengriyada o‘tkazilgan Jahon kubogining g‘olibi.
  • Vladlen Denisov — Osiyo o‘yinlarining 4 karra chempioni.
  • Arina Tanatmisheva — Osiyo va jahon chempionatlari g‘olibasi, shuningdek, bir necha bor O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
  • Nilufar Zokirova — 2019-yilda Shanxayda o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘olibasi.
  • Yekaterina Shubina — Osiyo o‘yinlarining 2 nafar kumush va 3 nafar bronza medallari sohibasi.
  • Gerasim Kochnev — bir necha marotaba qit’a chempionatlari hamda Osiyo o‘yinlarining sovrindori. Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi.
Vadim Menkov va Artur Guliyev.
Nilufar Zokirova va Yekaterina Shubina
Artur Guliyev va Vladlen Denisov

Samarqanddagi eshkak eshish kanali bejizga musobaqa o‘tkaziladigan joy sifatida tanlanmagan — bu tarixiy maskan bunday darajadagi musobaqalar uchun mukammal mos keladi. Bu kanal jahonda shunday turdagi kam sonli sun’iy inshootlarning biridir. Xususan, u Markaziy Osiyoning bunday turdagi yagona sun’iy sport inshootidir.

Chempionatni kuzatishingiz mumkin. 1 kunlik kirish chiptasining narxi — 100 ming so‘m. 3 kunlik chiptaning narxi — 250 ming so‘m. Chiptalarni iTicket.uz saytida xarid qilish mumkin.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish butun dunyo bo‘ylab ko‘plab muxlislarni o‘ziga jalb qiladigan, juda tomoshabop va dinamik sport turidir. Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi qizg‘in musobaqalar yorqin va hayajonli daqiqalarni va’da qiladi.

Jahon chempionati O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi hamda Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) ko‘magida o‘tkazilmoqda. Tadbirning rasmiy homiysi — ushbu muhim tadbirni tashkillashtirish va o‘tkazishga katta hissa qo‘shayotgan, O‘zbekistonda sport va madaniyatni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashayotgan InfinBANKdir.

Sport va faol dam olishning barcha ishqibozlarini Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan baydarka va kanoeda eshkak eshish jahon chempionatiga tashrif buyurishni taklif qilamiz. Ushbu noyob tadbirning bir qismi bo‘lish — hayajonli muhitni his qilish va ijobiy hissiyotlarga to‘lish uchun ajoyib imkoniyatdir!

Samarqandda ko‘rishguncha!

Yangiliklarni O‘zbekiston Respublikasi Rowing&Canoe federatsiyasining Instagram sahifasida kuzatib boring.

Mavzuga oid