Jahon | 23:06 / 25.07.2024
7195
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina razvedkasi Rossiya banklariga keng ko‘lamli kiberhujum uyushtirdi

Rossiyaning bir qator banklari, to‘lov tizimlari, aloqa operatorlari, ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlari hujumga uchragan.

Foto: Getty Images

Rossiyaning yirik banklari, uyali aloqa operatorlari, shuningdek, bir qator boshqa xizmatlar, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) tomonidan uyushtirilgan kiberhujumga uchradi. Bu haqda Hromadske razvedka xizmatidagi manbaga tayanib yozdi.

Manbaga ko‘ra, «operatsiya» 3 kun oldin boshlangan va hamon davom etmoqda. Rossiyaning bir qator moliyaviy institutlari, jumladan «Alfa Bank», «SberBank», «Rayffayzen bank», VTB, «Gazprombank» va «T-Bank» hujumga uchragan.

Rossiya ommaviy axborot vositalari 24 iyul kuni ertalab banklar ishidagi uzilishlarga e’tibor qaratdi. VTB matbuot xizmatining «Interfaks»ga ma’lum qilishicha, bank chet eldan DDoS-hujumiga uchragan.

Hromadske manbasiga ko‘ra, operatsiya doirasida «Sistema bystryx platejyey» (SBP) va «Natsionalnaya sistema platejnyx kart» (NSPK) ham kiberhujumlarga uchragan. «Ukrainska pravda» nashrining Bosh razvedka boshqarmasidagi manbasi avvalroq ukrainalik mutaxassislar Rossiya to‘lov tizimlari faoliyatiga «to‘sqinlik qilish yoki ishdan chiqarishga» muvaffaq bo‘lganini da’vo qilgan edi.

Bundan tashqari, bir qancha aloqa operatorlari, jumladan, «Bilayn», «Megafon», «Ms», «Tele2», shuningdek, turli xizmatlar, jumladan, VKontakte ijtimoiy tarmog‘i va Discord messenjeri kiberhujumlarga uchragan.

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi muntazam ravishda kiberhujumlar haqida xabar beradi. Masalan, 2024 yil iyul oyi o‘rtalarida razvedka xizmati yuzga yaqin rus veb-saytlariga hujum qilingani haqida xabar bergan edi. Bundan oldin Bosh razvedka boshqarmasi harbiy razvedkaning kibermutaxassislari «Kerch FM» yangiliklar portali, «Miranda Media» aloqa operatori, shuningdek, Qrim ko‘prigida harakatni ro‘yxatga olish va nazorat qilish tizimiga hujum qilganini ma’lum etdi.

Mavzuga oid