O‘zbekiston | 09:32 / 27.07.2024
6319
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamaydi

Joriy yil 6 oyida tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2023 yilning mos davridagidan 14 700 nafarga kam bo‘ldi. 

Foto: Kun.uz

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yanvar–iyun oylarida tirik tug‘ilganlar soni 419,9 ming kishini tashkil etdi (2023 yil mos davrida 434,6 ming bola tug‘ilgan). Shundan o‘g‘il bolalar soni 218,1 ming nafar, qiz bolalar 201,8 ming nafar bo‘lgan.

Agentlik tahliliga ko‘ra, tirik tug‘ilganlar soni shaharlarda 212,3 ming kishini, qishloqlarda 207,6 ming kishini tashkil etgan.

Yarim yil davomida eng ko‘p tug‘ilishlar may oyida yuz bergan bo‘lib, bir oy ichida 38 026 nafar o‘g‘il bola, 34 865 nafar qizlar dunyoga kelgan.

Olti oy davomida tug‘ilgan chaqaloqlardan 9,9 foizining otasi 25 yoshgacha, 82,9 foiziniki 25–39 yoshlarga hamda 7,2 foizining otalari 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tug‘ilgan bolalardan 37,4 foizining onasi 25 yoshgacha, 61,3 foiziniki 25–39 yoshlar, 1,3 foiziniki 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘lgan.

Yarim yil davomida tug‘ilganlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida qayd etildi —50 360 nafar (jami tug‘ilganlarning 12 foizi). Shu bilan birga, Farg‘ona (47 004 bola), Qashqadaryo (43 909), Andijon (38 482) va Surxondaryo (37 663 ) viloyatlarida tug‘ilishlar soni nisbatan yuqori bo‘ldi.

Tug‘ilganlar sonining eng kam ulushi Sirdaryo viloyatida kuzatildi — 10 414 nafar (jami tug‘ilganlarning 2,5 foizi). O‘z navbatida Navoiy (12 365), Jizzax (18 619), Xorazm (18 708) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (18 969) tug‘ilishlar boshqa hududlarga qaraganda sezilarli kam.

Mavzuga oid