Texnika mo‘jizasi: Tarixda ilk marta yura olmaydigan odam Olimpiya mash’alasi estafetasida qatnashdi
Fransiyalik paralimpiyachi Kevin Pett Parij olimpiadasining mash’ala estafetasida robotlashtirilgan tashqi skelet bilan ishtirok etdi. Sportchi 11 yoshligida baxtsiz hodisa sabab falaj bo‘lib qolgan, 36 yoshida esa Wandercraft kompaniyasi ishlab chiqqan moslama unga piyoda yura olish imkonini berdi. Holat videosi internetda tarqalgach, millionlab odamlar Pettning quvonchiga sherik bo‘ldi.
Tashqi skelet shaklidagi karkas-moslama inson tanasiga bog‘lanadi va nogironligi bor shaxslarga muvozanatni saqlagan holda o‘tirish, turish, yurish va zinadan chiqish imkonini beradi.
Wandercraft kompaniyasiga ko‘ra, bu innovatsion ixtiro Kevin Pettni Olimpiya mash’alasi estafesida ishtirok etgan tarixdagi birinchi nogironlar aravachasidan foydalanuvchi shaxsga aylantirgan.
Holat videosida tennischi yuzida katta quvonch bilan, unga qo‘l silkiyotgan odamlar orasidan o‘tib yurib borayotganini ko‘rish mumkin. Videoga izoh yozayotgan dunyo bo‘ylab turli millat vakillari Kevin o‘z xursandchiligi bilan ularga ilhom bag‘ishlaganini aytishmoqda.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi paraatletni “sportga sadoqat timsoli” deb atadi.
Ixtiro mualliflari hozirda texnologiyani takomillashtirib, uni uy sharoitida foydalanish uchun yanada qulayroq qilish ustida ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Olimpiya mash’alasi bilan bo‘ladigan estafeta – yozgi Olimpiada o‘yinlarining uzoq yillik an’analaridan biri. Har 4 yilda bo‘ladigan o‘yinlardan oldin mash’ala Yunonistonning Olimpiya shahrida yoqiladi va Olimpiadaning mezbon-shahriga olib kelinadi.
Paralimpiya o‘yinlari mash’alasi esa 25 avgust kuni Britaniyaning Stok-Mandevill qishlog‘ida yoqiladi va 28 avgust kuni Parijga olib kelinadi. Lekin bu musobaqada Pett ishtirok eta olmaydi: mezbon sportchi Paralimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmagan.
Mavzuga oid
12:27 / 24.12.2024
O‘zi ovqatlantirib, o‘zi tozalaydi: qushlar uchun aqlli qafas taqdim etildi
18:12 / 11.12.2024
“Vertolyot kabi havoga tik ko‘tariladi” – AQShda hibrid samolyotning ilk surati namoyish etildi
18:26 / 10.12.2024
“Superkompyuterlardan ham tezroq” – murakkab muhandislik muammolarini oson hal qiladigan sun’iy idrok ishlab chiqildi
15:02 / 10.12.2024