O‘zbekiston | 10:39 / 28.07.2024
20437
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ikki shifokor mushtumzo‘r bemor va uning o‘rtoqlari tomonidan kaltaklandi

Hodisa 1-son shahar klinik shifoxonasida ro‘y bergan. Shifokorlardan biri hushidan ketgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

SSV Toshkent shahrida ikki nafar shifokor mushtumzo‘r bemor va uning o‘rtoqlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berdi.

27 iyul kuni soat 07:20 atrofida 1-son shahar klinik shifoxonasiga Sergeli tumanida yashovchi 27 yoshli fuqaro B.I. ikki nafar o‘rtog‘i — P.I. va S.B.lar hamrohligida olib kelingan.

Bemor zudlik bilan navbatchi travmatolog-shifokor A.A. tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Dastlabki tekshiruv davomida unga ikkala qo‘l-bilak sohalari, ko‘krak qafasi va qorin oldi devorining ko‘plab kesilgan jarohatlari, gemorragik shok 2−3-daraja tashxisi qo‘yilgan.

Bemorning holati og‘ir, shok holatida deya baholanib, zudlik bilan qon to‘xtatish va shokka qarshi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda qo‘shma shikastlanishlar shoshilinch bo‘limining mikroxirurgiya o‘rniga gospitalizatsiya qilingan.

Soat 07:40 da tanadagi ko‘plab kesilgan jarohatlar inobatga olinib, u darhol xirurgik amaliyot o‘tkazish maqsadida mikroxirurgiya operatsiya xonasiga olib kirilgan.

Amaliyotga tayyorlash vaqtida bemor shifokor-mikroxirurg M.X.ga jiddiy qarshilik ko‘rsata boshlagan va tibbiyot xodimiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilgan. Shuningdek, B.I.ni tinchlantirishga urinishlar samara bermagach, u operatsion stoldan tushib, shifokorni qattiq do‘pposlay boshlagan.

Shundan keyin shifokor M.X. «102» telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan navbatchi qismga ma’lumot bergan.

So‘ngra u bemorning o‘rtoqlari tomonidan ham kaltaklagan. Shu vaqtda shoshilinch xirurgiya bo‘limining navbatchi shifokori H.U. bemorga xirurgik amaliyotni bajarish uchun operatsion blokka kelgan. Yigitlar bu tibbiyot xodimini ham do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda shifokor hushidan ketib, karaxtlik-koma holatiga tushgan va zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

O‘tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlar davomida jabrlanuvchi shifokorga bosh-miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi o‘rta darajasi, 3-bel umurtqasi chap yon qanotining yopiq sinishi, bosh peshona qismi terisining shilingan jarohati, o‘ng tomonlama lab burchagining yorilishi tashxisi qo‘yilib, shoshilinch reanimatsion chora-tadbirlar ko‘rilgan.

«Soat 10:30 da bemorning holati biroz ijobiy tomonga o‘zgarib, hushiga kelgan va shok holatidan chiqarilgan. Ammo unda hali ham karaxtlik mavjud. Shu bois davo muolajalari jonlantirish bo‘limida davom ettirilmoqda.

Ikkinchi shifokor M.X.ning holati hozir nisbatan qoniqarli, lekin olgan bosh miya jarohati va ruhiy holati keskin yomonlashgani inobatga olinib, shifoxonaning qo‘shma jarohatlar bo‘limi travmatologiya qismiga gospitalizatsiya qilingan va kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilyapti», deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni paytda mazkur holat Cog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, 2 nafar shifokorga tan jarohati yetkazgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid