Sport | 14:15 / 30.07.2024
35556
9 daqiqa o‘qiladi

30 daqiqa farq bilan chempion bo‘lgan aka-singil - dzyudodagi Abelar haqida

Yozgi Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda va unda sportdan-da yuqori bo‘lgan voqealar ham kuzatilmoqda. Yaponiya faxri bo‘lgan Hifumi va Uta Abelar yana e’tibor markazida. O‘zbekistonlik chempion sababchi bo‘lib qolgan Parijdagi drama fonida 4 martadan jahon chempioni bo‘lgan aka-singilning dzyudodagi yo‘llari va yutuqlariga to‘xtalamiz.

Foto: Getty images

Ota qizining musiqachi bo‘lishini xohlagan

Hifumi va Uta Kobeda o‘rtahol oilada tug‘ilgan. Bolakay 6 yoshida katta akasidan o‘rnak olib, dzyudoga borgan. Keyinchalik akasi sport turini o‘zgartirgan, ammo Hifumi yo‘lida davom etgan. Biroz vaqt o‘tgach, singlisi Uta unga ergashdi. Qizig‘i, ularning otasi bundan xursand bo‘lmagan, chunki u qizining musiqa bilan shug‘ullanishini xohlagan. Bir qancha vaqt uydagi qarshilik davom etgan, lekin Uta dzyudodan chekinmagan va hatto akasidan o‘zib ketishni maqsad qilgan.

«Hifumi doim mendan oldinda yurardi. U men uchun harakatlantiruvchi kuchdir», — degandi Uta.

Ikkalasi ham tezda rivojlana boshlashdi. Hifumi 17 yoshida Tokiodagi «Katta dubulg‘a» turnirida g‘alaba qozonib, erkaklar o‘rtasida eng yosh g‘olibga aylandi. Keyinchalik u turli musobaqalarda yana ko‘p marotaba zafar quchdi, to‘rt marta jahon chempioni bo‘ldi. Uta esa 15 yoshida Dyusseldorfda Gran-prini yutib, tarixga kirdi. Keyin «Katta dubulg‘a» musobaqalarida muvaffaqiyatlar va akasi kabi 4 bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Olimpiadani yutish emas, unga chiqish qiyin bo‘ldi

Aka va singil doim katta turnirlarda bir kunda g‘olib bo‘lishni orzu qilishardi, ammo bu reja amalga oshmasligi ham mumkin edi. Tokio Olimpidasi oldidan Hifumi 66 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida o‘z mamlakati sharafini himoya qiladimi yoki yo‘qmi, bu aniq emasdi. Vaziyatga oydinlik kiritishi kerak bo‘lgan Yaponiya chempionati esa Kovid-19 tufayli bekor qilindi. Natijada Yaponiya dzyudo federatsiyasi jahon reytingida 3-o‘rinni egallab turgan Hifumi va 2-pog‘onadagi Hoshiro Maruyama o‘rtasida jang o‘tkazishga qaror qildi. G‘olib Olimpiadaga yo‘llanma olardi.

Hifumi 2017 va 2018 yilgi, Maruyama esa 2019 yilgi jahon chempioni edi. Ularning o‘zaro to‘qnashuvlarida tenglik qayd etilayotgandi — 2:2.

Bellashuvni butun dunyo jonli tomosha qildi. Ular deyarli 24 daqiqa kurashishdi. Maruyama ikki marta shido oldi va hujumga urinishlarining birortasini ham muvaffaqiyatli yakunlay olmadi. Taxminan 20-daqiqalarda Abe «oltin ochko»ni qo‘lga kiritdi. U o‘ng oyog‘i bilan raqib oyog‘ini ilib, Maruyamani tanasi bilan qattiq turtib yubordi va vazari ishladi.

Bahsdan so‘ng g‘olib bir necha daqiqa yig‘ladi, u hatto intervyu hududida ham tinchlana olmadi.

«Bu uzoq davom etgan kurash bo‘ldi. Hissiyotlar jangi bo‘lishini bilardim va o‘z yo‘nalishimdan qaytmaslikka qaror qildim. Natija yakunda keldi, chunki men o‘z fikrimdan qaytmadim va oxirigacha o‘z dzyudo uslubimni namoyish qildim. Endi singlim Uta bilan olimpiya jamoasiga qo‘shilaman va aytishim mumkinki, biz Olimpiada oltini uchun birga boramiz. Uning akasi sifatida yutqazishga haqqim yo‘q edi. Hali maqsadga erishilgani yo‘q va men yeng shimarib, g‘alabaga intilaman», — dedi Hifumi jangdan so‘ng darhol.

Aka-singilning orzusi amalga oshdi

Hifumi so‘zida turdi va Tokio Olimpiadasida nafaqat singlisini, balki butun mamlakatini xursand qildi. Dastlab Uta 52 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida finalda fransiyalik Amandin Busharni mag‘lub etdi. Keyinroq -66 kg vaznda Hifumi tatamiga chiqdi va finalda gruziyalik Vaja Margvelashvilidan ustun keldi. Shu tariqa aka-singil bir kunda — 30 daqiqalik farq bilan Olimpiya chempioni bo‘lishdi va bu borada rekord o‘rnatishdi.

«Singlim birinchi bo‘lib oltin medalni qo‘lga kiritdi, lekin men hech qanday bosimni his qilmadim, chunki g‘alaba qozonishga ahd qilgandim! Bugun ikki orzum birdaniga amalga oshdi. Bu — mening hayotimdagi eng esda qolarli lahzalar», — degandi Hifumi.

O‘z navbatida Uta ham uning g‘alabasiga Hifumi sababchi bo‘lganini tan oladi: «Men buni akamsiz qilolmasdim. Agar u bo‘lmaganida, men dzyudo bilan shug‘ullangan bo‘larmidim yoki yo‘q, buni ham bilmayman.

Jahon chempionligidan so‘ng odamlar menga boshqacha qarashni boshlashdi. Bu ruhiy charchoqni keltirib chiqaradi, lekin hozir bu — hayotimning ajralmas qismi, shuning uchun bunga qarshi emasman. 52 kg vazn toifasida men hech kimni ta’qib qilmayman. Avvalo, bu — o‘zim bilan kurash: men o‘zimdan ustun turishim va har kuni o‘sishim kerak. Agar siz o‘z sportingiz qirolichasi bo‘lsangiz, xato qilishga haqqingiz yo‘q», — deydi chempion qiz.

Uta yana chempion bo‘lmoqchi edi, ammo...

2023 yil may oyida Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida 22 yoshli Uta Abe 4-bor tengsiz dzyudochiga aylandi. U finalda o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorovani mag‘lubiyatga uchratdi.

Uta nafaqat g‘alabalar uchun kurashadi, o‘z kuchini ko‘rsatish uchun ishlashdan charchamaydi. Ba’zi sharhlovchilar uni «Yaponiyaning eng yoqimli sportchisi» deb atashgan, ammo Abe boshqacha «toj» kiyishga qaror qilgan: «Men ularni «kuchli», «dzyudo yirtqichi» sifatida tasavvur etishlariga majbur qilaman!»

Jahon miqyosidagi ko‘plab ajoyib yutuqlardan so‘ng Utaning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nmadi. Sportchi Parij Olimpiadasida muvaffaqiyatni takrorlashga umid qilardi va bu haqda gapirishdan to‘xtamadi: «Agar biz oldimizga qo‘yilgan vazifaga e’tibor qaratsak, akam va men yana g‘alaba qozonishimiz mumkin. Lekin birinchi navbatda o‘zimga e’tibor qaratishim kerak. Men g‘oliblik his-tuyg‘ularini yana boshdan kechirishni xohlayman. Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritganimda his qilganlarimni qaytadan jonlantirish istagi — mening asosiy motivatsiyam».

Ammo Abe qatorasiga 2-bor Olimpiada chempionligiga erisha olmadi. U Parij-2024da ikkinchi bosqichda Diyora Keldiyorova bilan to‘qnash keldi va o‘zbekistonlik dzyudochi jahon chempionati finalidagi mag‘lubiyat uchun revansh olib, kuchli raqibini turnirdan chiqarib yubordi.

Abe mag‘lubiyatdan so‘ng o‘ziga kelishga qiynaldi — tatamida yig‘lab yubordi va uni uzoq vaqt tinchlantira olishmadi.

Utaning akasi Hifumi esa -66 kg vaznda chempion bo‘ldi. 27 yoshli dzyudochi ikki karra chempionlikdan so‘ng shunday dedi: «Singlim yutqazganida, shokka tushdim va kun bo‘yi o‘zimni yomon his qildim. Ammo kurashishim kerak edi. Singlim uchun ham oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman».

Singilning ko‘z yoshlari, akaning o‘zida kuch topib chempion bo‘la olgani Parij olimpiadasining dramalaridan biriga aylandi. Tokioda bir kunda chempion bo‘lgan aka-singillar bu safar bir kunda shohsupaga ko‘tarilishmasa-da, voqealar markazida bo‘lishdi.

Uta endigina 24 yoshda. Diyoradan uchralgan mag‘lubiyat uni yanada o‘z ustida ishlashga va kuchli bo‘lib qaytishga undashi aniq. Bu o‘zbekistonlik chempion uchun ham o‘ziga xos chaqiruv bo‘ladi.

A’zamjon Izzatillayev

Mavzuga oid