O‘zbekiston | 20:16 / 30.07.2024
25300
2 daqiqa o‘qiladi

«Onasini emsin» - Toshkentda noodatiy reklama bannerlari paydo bo‘ldi

Bu Butunjahon emizish haftaligi (1–7 avgust) uchun axborot kampaniyasining bir qismi ekani ma’lum bo‘ldi. Tashabbuskorlar shu tariqa haqorat so‘ziga aylangan iboraga «asl ma’no»ni qaytarishga qaror qilgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrida o‘tgan bir sutka ichida LED-ekranlarda paydo bo‘lgan «Onasini emsin» jumlasi ko‘pchilik e’tiborini tortdi. O‘rganishlar davomida bu «Go‘daklarni ko‘krak suti bilan boqishni qo‘llab-quvvatlash butunjahon haftaligi» dorasidagi axborot kampaniyasining bir qismi ekani ma’lum bo‘ldi. Tashkilotchilar shu orqali so‘kinishga aylanib ketgan jumlaga «birlamchi ma’nosi»ni qaytarishga uringan.

Har yili 1-7 avgust kunlari «Go‘daklarni ko‘krak suti bilan boqishni qo‘llab-quvvatlash butunjahon haftaligi» deb e’lon qilinadi.

Bunday tadbirlar JSST va YuNISEF tashkilotlarining 1990 yilda qabul qilingan Innochent deklaratsiyasi asosida go‘daklarni ko‘krak suti bilan boqishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida deyarli yer yuzining 170 dan ortiq mamlakatlarida har yili tashkil etiladi. 

O‘zbekistonda sut o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish qonun hujjatlarida taqiqlanganiga qaramay, bunday mahsulotlar reklamasi va ularni internetda targ‘ib qilish davom etmoqda, bu esa ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarga bo‘lgan talabni sun’iy ravishda oshirishga xizmat qilyapti.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit ofisi ona suti bilan oziqlantirishning afzalliklari haqida axborot kampaniyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan. Kampaniyaning maqsadi — chaqaloq va ona uchun emizishning foydalari haqidagi bilimlarni oshirish, yosh ota-onalarni emizishni boshlash hamda davom ettirishga undashga yordam beradi.

Axborot kampaniyasining maqsadli auditoriyasi yosh ota-onalar bo‘lgani sababli, uning elementlaridan biri «Onasini emsin — bu so‘kinish emas, shifokor tavsiyasi» yozuvi bilan tizer bannerlar edi.

Mavzuga oid