Jamiyat | 19:41 / 01.08.2024
29391
7 daqiqa o‘qiladi

Anor ta’mli “Royal” ichimligi mashmashasi: Davlat idoralari nega qarama-qarshi fikrda?

Texnik regulyatsiya inspeksiyasi bu ichimlik tarkibida “azorubin E 122” nomli rang beruvchi modda me’yordan ortiqligini aniqlagan (bu modda bolalarning faolligi va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin). Sanepidqo‘m esa hammasi risoladagidek ekanini aytmoqda. Kun.uz holat yuzasidan surishtiruv olib bordi.

31 iyul kuni Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi “Royal” brendi ostidagi anor ta’mli ichimliklar borasida o‘z o‘rganishlari natijalarini OAVga taqdim etdi.

Inspeksiyaga ko‘ra, laboratoriya xulosasiga asosan ichimlik tarkibida “azorubin E 122” moddasi belgilangan me’yordan ortiqligi ma’lum bo‘lgan.

UzTR.490-022:2017 “Oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament”ning 36-bandiga muvofiq, tarkibida rang beruvchilar (E122 azorubin, E sariq xinolin, FCF E110 sariq “quyosh botishi”, AC E129 qizil maftunkor, 4R E124 ponso va E102 tartrazin) mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun “Tarkibida rang beruvchi (rang beruvchilar) mavjud, ular bolalarning faolligiga va diqqatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin” degan ogohlantiruvchi yozuv yozilishi kerak”, – deyiladi rasmiy izohda.

Inspeksiya, yuqoridagilarni inobatga olib, bir qancha qonunlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini bajarmaslik qonunbuzilishiga olib kelishini eslatgan.

Kun.uz so‘roviga asosan, inspeksiyaning bu xulosasiga asos bo‘lgan sinovlar bayonnomasi taqdim etildi.

Bayonnomada “Royal” savdo brendi ostidagi anor sharbati tarkibida “azorubin E 122” moddasi 126,4 mg/kg miqdorda chiqqani, me’yor esa 57 mg/kg ekani ko‘rsatilgan.

Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan mahsulotni O‘zbekistonga “Tash Royal Drink” MChJ import qiladi. Korxona vakillarining Kun.uz'ga bildirishicha, bu mahsulot turini sertifikatlash Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakolatiga kirmaydi. Mahsulot uchun Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining tegishli bo‘linmasi tomonidan sanitariya-epidemiologiya xulosasi olingan.

Importyorga ko‘ra, bu ichimlik O‘zbekistonga 2019 yildan buyon import qilinadi. Va mana shu davr ichida ko‘p marotaba tegishli tashkilotlardan muvofiqlik sertifikatlari olingan.

Kun.uz saytiga taqdim etilgan yana bir hujjatdan ko‘rinishicha, O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi joriy yil iyul oyida “Royal” brendi ostida ishlab chiqarilgan, gazlangan, alkogolsiz, tarkibida Ye-122 bo‘yoqlari mavjud bo‘lgan (“Zolotaya jizn”, Pure, Royal, Paradise, Shahd Ara, Piramida) ichimliklarni xavflilik darajasi kam mahsulotlar sifatida qabul qilgan.

Shunga muvofiq, joriy yil 15 iyul kuni qo‘mitaning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan Royal ichimligi uchun sanitariya normalari va qoidalariga mos kelishi haqida 456241-sonli xulosa taqdim etilgan.

15 iyul kungi xulosa – bu ichimliklarni takroriy tekshirish mahsuli hisoblanadi. Sanepidqo‘mning 5 iyul kungi axborotida, Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan, anor ta’mli ichimliklarning har bir partiyasiga ijobiy xulosa berilgani, shunday bo‘lsa-da, takroriy tahlillar o‘tkazilishi ma’lum qilingandi.

Kun.uz Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati xodimi Sherali Sattorov bilan bog‘lanib, nima uchun ikki tashkilotning xulosalarida keskin qarama-qarshilik yuzaga kelgani bilan qiziqdi.

Uning aytishicha, lobaratoriya sinovlari tashkilot xodimlarining bozorda olib borgan nazorat tadbirida sotuv rastasidan tanlab olingan ichimlik ustida o‘tkazilgan. Inspeksiya xodimiga ko‘ra, Sanepidqo‘mda “azorubin E 122” moddasi miqdorini tekshirish imkoniyati mavjud emas.

2019 yildan buyon import bo‘layotgan mahsulot nega endi (2024 yilga kelib) sifat nazoratiga tekshirilgani haqidagi savolga Sherali Sattorov avval tashkilotda bunday vakolat bo‘lmagani, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 1 iyuldagi 370-son qarori bilan tashkilotga nazorat qilinadigan mahsulotlar ko‘rsatkichlarini belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish maqsadida tashkilotlarda realizatsiya qilinadigan va saqlanadigan (import bo‘yicha olib kelinadigan va mahalliy ishlab chiqarilgan) mahsulotlarni nazorat xaridini o‘tkazish yo‘li bilan davlat nazoratini amalga oshirish vakolati berilganini ma’lum qildi.

Inspeksiya holat bo‘yicha endilikda qanday yo‘l tutmoqchi? Sherali Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, idora jamoatchilik va OAVni ham jalb etgan holda takroriy tekshiruv o‘tkazadi. Agar takroriy tekshiruvda ham birlamchi xulosa tasdiqlansa, u holda tegishli chora ko‘rish uchun inspeksiya tomonidan Sanepidqo‘mga murojaat qilinadi.

Kun.uz bu boradagi savollarni Sanepidqo‘mga ham yubordi.

Azorubin E 122” moddasi nima?

Azorubin (karmuazin, E122) – oziq-ovqat bo‘yoqlari-qo‘shimchalari guruhiga kiruvchi sintetik modda. Odatda termik ishlangan mahsulotlarga rang berish yoki rangini tiklash uchun ishlatiladi. Azorubin, karmuazin oziq-ovqat qo‘shimchalarining xalqaro tasnifida Ye122 indeksiga ega.

Azorubin, karmuazin – sintetik azobo‘yoq, suvda yaxshi eriydigan qizil yoki to‘q qizil mayda granulalar yoki kukun. Azorubin inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan toshko‘mir qatroni hosilasidir. Ye122 oziq-ovqat qo‘shimchasi kanserogen sifatida tan olingan va salomatlikka xavf tug‘diradi.

Azorubin, karmuazin – bu jiddiy oqibatlarga, hatto bo‘g‘ilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan kuchli allergen, jumladan, bronxial va aspirinli astma (harorat tushiradigan vositalarga allergiyasi bor) bilan og‘rigan odamlar ayniqsa ehtiyot bo‘lishi kerak.

Tarkibida Ye122 bor mahsulotlarni iste’mol qilish konsentratsiyani pasaytiradi va bolalarda giperaktivlikni oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Azorubin buyrak usti po‘stlog‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatib, rinit va ko‘rish qobiliyatining loyqalanishini keltirib chiqaradi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ye122 moddasining maksimal ruxsat etilgan sutkalik dozasi 4 ml/kg dan oshmasligi kerak.

Turli mamlakatlarda (jumladan, O‘zbekistonda) Ye122 Azorubin, karmuazin iste’mol standartlariga qat’iy rioya qilgan holda oziq-ovqat bo‘yoqlari qo‘shimchasi sifatida foydalanish uchun ruxsat etilgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning ayrim hududlarida anor ta’mli ichimliklarning bir qancha turlari, xususan Royal savdo belgisi ostidagi ichimliklar sotuvdan chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Mavzuga oid