Jahon | 07:57 / 01.08.2024
14367
3 daqiqa o‘qiladi

The New York Times: Eron Isroilga zarba berishga tayyorlanmoqda

Eron oliy rahbari oyatulloh Xomanaiy Tehronda HAMAS rahbarining o‘ldirilishiga javoban Isroilga qarshi zarba berishni buyurdi, deb yozadi Amerikaning The New York Times gazetasi.

Foto: Zuma/TASS

Eron Isroilga zarba berish niyatida. Tegishli buyruqni Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xomanaiy berdi, deb yozadi The New York Times 31 iyul, chorshanba kuni. Xomanaiy bu buyruqni chorshanba kuni ertalab Milliy xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida, HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay bergan, dedi Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) a’zosi bo‘lgan uch nafar yuqori martabali amaldor anonimlik sharti bilan.

Eron Isroilni Haniyani o‘ldirishda aybladi. «Ushbu qilmishi bilan sionistik rejim qattiq jazoga yo‘l ochdi», - deya oyatulloh Xomanaiydan iqtibos keltirdi Irna davlat axborot agentligi. O‘z navbatida, Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon X ijtimoiy tarmog‘ida uning mamlakati o‘z «hududiy yaxlitligini» himoya qilishini va «terrorchi bosqinchilarni qo‘rqoq harakatlaridan pushaymon qildirishini» yozdi.

Isroil Haniyaning o‘ldirilishiga izoh bermadi

Gazeta manbalariga ko‘ra, Eron Tel-Aviv va Hayfa yaqinidagi harbiy nishonlarga qaratilishi mumkin bo‘lgan raketalar va uchuvchisiz uchoqlar bilan birgalikda zarba berish variantini ko‘rib chiqmoqda, shu bilan birga, tinch aholi nishonlariga hujumlardan qochish rejalashtirilgan. Yana bir variant esa maksimal samaraga erishish uchun Eron ittifoqdoshlari, jumladan Yaman, Suriya va Iroq bilan kelishilgan hujum bo‘ladi.

Isroil HAMAS yetakchisining o‘ldirilganiga izoh bermadi. Chorshanba kuni kechqurun televideniyeda chiqish qilgan Isroil bosh vaziri Haniyaga qilingan hujum haqida hech qanday izoh bermadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil so‘nggi kunlarda o‘zining barcha «dushmanlari»ga «buzg‘unchi zarbalar» berdi. «Bizga zarar yetkazgan har bir kishidan o‘ch olamiz, - dedi Netanyahu. - Kim bizning bolalarimizni o‘ldirsa, fuqarolarimizni o‘ldirsa, mamlakatimizga zarar yetkazsa, uning boshi olinadi».

HAMAS yetakchisi Qatarda dafn etiladi

HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilgani haqida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) va HAMAS 31 iyul kuni ertalab xabar qildi. Haniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘lgan. 30 iyul kuni Haniya Tehronga keldi va Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy va mamlakatning saylangan prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi, shuningdek, uning inauguratsiya marosimida ishtirok etdi.

Haniyaning o‘ldirilishi munosabati bilan Eronda uch kunlik motam e’lon qilindi. Payshanba kuni Tehronda Haniya uchun maxsus marosim bo‘lib o‘tdi va u juma kuni o‘zi yashagan Dohada (Qatar) dafn etiladi.

Mavzuga oid