Jahon | 11:37 / 02.08.2024
5809
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml: F-16 qiruvchilari yetkazib berilishi Ukrainaga yordam bermaydi

Ta’minot frontdagi voqealar rivoji dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmaydi, dedi Dmitriy Peskov.

Foto: AP

F-16 qiruvchilarining Ukrainaga yetkazilishi ukrain qurolli kuchlariga yordam bermaydi.

Bu haqda jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb xabar beradi 1 avgust, payshanba kuni Rossiya davlat OAV.

«Bu yerda hech qanday «sehrli tabletka», panatseya yo‘q. Kiyev rejimining qurolli kuchlarida bu panatseya bo‘lmaydi, ular buni bilishlari kerak. Bu samolyotlar paydo bo‘ladi, ularning soni asta-sekin kamayadi, urib tushiriladi, yo‘q qilinadi, lekin, albatta, bu ta’minotlar frontdagi voqealar rivoji dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmaydi», - dedi u.

Kreml vakilining aniqlik kiritishicha, rossiyalik harbiy xizmatchilarga F-16'ni yo‘q qilganliklari uchun mukofotlar allaqachon taklif etilgan.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni hozircha Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlari yetkazib berilishini tasdiqlovchi rasmiy bayonotlarni ko‘rmagan.

«Bu hozircha manbalar ma’lumoti, bu borada hech qanday bayonotlar bo‘lmadi. Ammo xabarlar kuzatildi», — dedi u Kiyevga qiruvchilarning o‘tkazilishi ehtimolini izohlar ekan.

Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis avvalroq Ukrainaga F-16 qiruvchilarining birinchi partiyasi yetib kelganini ma’lum qilgan edi.

«F-16 Ukrainada. Yana bir imkonsiz narsa mutlaqo mumkin bo‘lib chiqdi», — deb yozgan vazir. Ukraina hukumati xabarlarga hali izoh bermadi.

AQSh, Daniya va Niderlandiya yetakchilari Jo Bayden, Mette Frederiksen va Dik Sxoof 10 iyul kuni Ukraina yozda ilk F-16 samolyotlarini olishini tasdiqladi.

Mavzuga oid