Jahon | 11:14 / 02.08.2024
9774
3 daqiqa o‘qiladi

«Qamoqda o‘lishimga amin edim» - Kara-Murza samolyotdan qizi va Baydenga telefon qildi

U bu dunyoda insonlar hayotini saqlab qolishdan muhimroq ish yo‘qligini aytib, Baydenga minnatdorchilik bildirgan.

Foto: Videodan kadr

AQSh prezidenti ma’muriyati Oq uyning Oval kabinetida olingan videoni namoyish etdi. Unda Rossiyadan ozod etilgan, AQSh fuqaroligi yoki Amerika grin-kartasiga ega bo‘lganlarning Jo Bayden va o‘z yaqinlari bilan telefon orqali muloqoti aks etgan.

Videoyozuvda jurnalistlar Evan Gershkovich va Alsu Kurmasheva, sobiq dengiz piyodasi Pol Uilan (barchasi — AQSh fuqarolari), shuningdek rossiyalik muxolif siyosatchi Vladimir Kara-Murza (unda grin-karta bor)ning ovozlari eshitilgan. Bu muloqot vaqtida ular hali AQSh tomon uchayotgan samolyotda bo‘lgan.

O‘z oila a’zolari bilan suhbat chog‘ida Kara-Murza ro‘y berayotgan voqealarga ishona olmayotganini aytgan.

«Men shunchaki munosib so‘zlarni topa olmayapman, qamoqxonada o‘lishimga amin edim. Bo‘layotgan ishlarga ishona olmayapman. Xuddi sening ovozingni eshitmasdan, hamon Omskda kameramda uxlayotgandekman», — degan o‘z qiziga Vladimir Kara-Murza.

U shuningdek prezident Baydenga murojaat qilgan: «Aytishni istardimki, siz katta ishni bajardingiz, juda ko‘p odamlar hayotini qutqardingiz. Menimcha, bu samolyotda 16 kishimiz. <...> Men shunchaki aytishni istardimki, bu dunyoda insonlar hayotini qutqarishdan muhimroq ishlar bor deb o‘ylamayman».

Ozod etilganidan keyin Vladimir Kara-Murza qayerga yuborilgani oxirigacha ma’lum emas. Oldinroq Oq uy e’lon qilgan boshqa bir videoyozuvda Merilendga qo‘ngan samolyotdan faqat Amerika fuqarolari Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Pol Uilan tushib kelgani aks etgandi.

  • Rossiya va G‘arb mamlakatlari 1 avgust kuni keng ko‘lamli mahbuslar almashuvini o‘tkazdi. Rossiya Germaniya va AQShga ularning fuqarolarini, shuningdek siyosiy moddalar bilan qamalgan rossiyalik muxolifatchilarni topshirdi. Buning evaziga G‘arb Rossiyaga RFning sakkiz fuqarosini qaytardi, ular qotillik, josuslik va kompyuter tarmoqlarini buzish kabi jinoyatlar uchun qamalgandi.

Mavzuga oid