Jahon | 08:54 / 03.08.2024
6782
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: HAMAS yetakchisi o‘ldirilishi Netanyahuning muzokaralardan manfaatdor emasligini ko‘rsatdi

Isroilning Haaretz nashri asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati nolga teng ekanligini ta’kidladi.

Foto: TASS/Zuma

Falastinning HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaga uyushtirilgan suiqasd Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kun tartibida asirlar almashinuvi mavzusi asosiy o‘rin tutmasligini ko‘rsatdi, deb yozadi Isroilning Haaretz («Haarets»)gazetasi.

Haniyaga suiqasd uyushtirish bilan bir qatorda, Bayrutda «Hizbulloh» qo‘mondonlaridan biri o‘ldirilishi haqidagi xabarlar va Isroil armiyasining Falastin HAMAS harakati harbiy qanoti «Izzaddin Al-Qassam brigadalari» rahbari Muhammad al-Dayf «yo‘q qilingani» haqidagi bayonotlari mintaqada yangi tartibsizliklarni keltirib chiqardi, deyiladi isroillik jurnalist Amos Xarel maqolasida.

Isroil Eron va «Hizbulloh» harakati tomonidan ehtimoliy javob zarbasiga tayyorlanmoqda, deya qayd etadi maqola muallifi.

Mintaqadagi hozirgi voqealar hisobga olinsa, Tel-Aviv ma’muriyati va HAMAS o‘rtasida asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati deyarli nolga teng, deyiladi matnda.

Maqolada ta’kidlanishicha, ehtimoliy hujumlar «bir necha kun» davom etishi mumkin va Isroil qarshi hujum bilan javob berishi kutilmoqda.

Nashr Haniyaning o‘ldirilishi Isroil va HAMAS o‘rtasida asirlarni almashish bo‘yicha bilvosita muzokaralar davom etgan davrda sodir bo‘lganiga e’tibor qaratadi.

«Bosh vazir Binyamin Netanyahuning o‘z rejalari borligi va asirlarni uyga qaytarish uning eng muhim dasturi emasligi aniq», deyiladi matnda.

Muallifning ta’kidlashicha, Netanyahu «ikki tomonlama» harakat qilmoqda.

O‘tgan hafta Isroil bosh vaziri Qo‘shma Shtatlarda mahbuslarning oilalariga muzokaralarda olg‘a siljish borligini aytdi, biroq bu bayonotdan ko‘p o‘tmay u kelishuvga to‘sqinlik qiladigan yangi shartlarni e’lon qildi, deya yozadi gazeta.

Mavzuga oid