Jahon | 09:01 / 03.08.2024
5969
2 daqiqa o‘qiladi

Xolid Mashal: HAMAS muzokaralar olib bormaydi, yon bosmaydi va Isroilni tan olmaydi

O‘ldirilgan Haniya Falastin, uning xalqi va Quddus uchun haqiqiy yetakchi sifatida xizmat qildi, dedi Mashal.

Foto: Picture Alliance

HAMAS tashqi siyosati rahbari Xolid Mashal HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniyaning dafn marosimida «muzokaralar olib borilmaydi, yon bosilmaydi va Isroil tan olinmaydi», dedi. 

Mashal Qatar poytaxti Dohada imom Muhammad bin Abdulvahhob masjidida uyushtirilgan dafn marosimida nutq so‘zladi. 

Unga ko‘ra, Haniya G‘azo shahridagi Shati qochqinlar lagerida o‘z xalqi orasida yashab, xalqining dardi va quvonchiga sherik bo‘lgan. «Aziz birodarimiz, yo‘lboshchimiz, qo‘mondonimiz Abu al-Abd Ismoil Abdussalom Haniya yetakchi bo‘lib yashab, yetakchi bo‘lib o‘limga duch keldi», dedi Mashal. 

O‘ldirilgan Haniyaning Falastin, o‘z xalqi va Quddusga haqiqiy yetakchi sifatida xizmat qilganini ta’kidlagan Mashal shunday qo‘shimcha qildi: «Haniya bosh vazir vazifasini bajardi. U boshidanoq xalqi orasida edi». 

Haniya ketdi, uning o‘rnini boshqalar egallaydi 

Mashal: «Isroil sodir bo‘lgan voqeadan hech qanday saboq olmadi. Ular bir asr davomida bizning rahbarlarimizni o‘ldirishdi. Haniya ketdi, uning o‘rnini boshqalar egallaydi, shuning uchun xalqimiz ozodlik yo‘lida davom etadi», deya ma’lum qildi.

Bu Falastin xalqini faqat kuchaytirib borayotganini iddao qilgan Mashal shunday davom etdi: «Ular bilishlari kerak, biz hammamiz bunga tayyormiz. Biz kurashimizni davom ettiramiz». 

Mavzuga oid