Jahon | 07:12 / 06.08.2024
9196
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS va «Hizbulloh» qo‘mondonlari o‘ldirilganini ma’lum qildi

Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMAS qo‘mondoni va Livan janubida «Hizbulloh» qo‘mondoni o‘ldirilgani haqida xabar berdi.

Foto: AP / Hussein Malla

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 5 avgust, dushanba kuni G‘azo sektorida HAMAS harakatining batalion qo‘mondoni Jobir Aziz o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bir necha soat o‘tib TsAHAL Livan janubidagi havo hujumida «Hizbulloh» harakati qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javod ham halok bo‘lganini bildirdi.

Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Jobir Aziz bir kun avval, 4 avgust kuni G‘azo sektoridagi HAMAS qo‘mondonlik punkti joylashgan Hasan Salamiya va Nosir maktablariga berilgan zarba natijasida halok bo‘lgan. Qo‘mondon bilan birga «boshqalar» ham yo‘q qilindi. Aziz 2020 yildan beri HAMASning «Al-Furqon» batalioniga qo‘mondonlik qilib keladi. U 2023 yil oktyabr oyida Isroilga qarshi teraktlar rejalashtirgan va ularda ishtirok etgan, deydi TsAHAL.

Livan janubidagi Ebba hududida «Hizbulloh»ning «Radvan» maxsus kuchlari qo‘mondoni Ali Jamol Aldin Javod ham o‘ldirilgan. TsAHAL xabarga hujum aks etgan videoni ilova qilgan. Unda Isroil armiyasi harakatlanayotgan mashinaga hujum qilgani tasvirlangan. 

Isroilning Bayrutga zarbasi

30 iyun kuni Isroil Bayrut chekkasiga zarba berib, 70 dan ortiq odamni jarohatlagan edi. TsAHALning bildirishicha, zarbada Majdal Shams qishlog‘iga uyushtirilgan hujumda 12 bola va o‘smir o‘limiga javobgar bo‘lgan «Hizbulloh» qo‘mondoni nishonga olingan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 39 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid