Jamiyat | 10:26 / 06.08.2024
42150
8 daqiqa o‘qiladi

O‘ylamasdan qilingan ish tufayli sodir bo‘lgan fojia haqida hayotiy hikoya

Uyimizda bir fotosurat bor. Unda onamning yonida chiroyli bir kelinchak jilmayib turibdi. Suratning orqa qismida “Sabohat va men, 198... yil” degan yozuv bor. Onamning aytishicha, ular bu suratga Sabohat yanga endi kelin bo‘lib kelgan paytlarda tushgan ekan. Har gal oilaviy suratlarni ko‘rganimda shu suratni ham obdan tomosha qilaman va bolalik paytlarimni, Sabohat yangani eslayman...

Foto: Kun.uz

“Hayotiy hikoyalar” ruknidan berilayotgan navbatdagi hikoyada keltirilgan voqealar 1980-yillar boshlarida sodir bo‘lgan. Unda kimningdir o‘ylamasdan qilgan ishi oqibatida erta vafot etgan yosh ayol fojiasi hikoya qilinadi.

“Sabohat vafot etibdi, janoza soat ikkida ekan”. Otam ertalab shu xabarni onamga aytganida eng avval men ajablandim. Mening bolalarcha o‘lchovimda inson qarib vafot etishi kerak. Sabohat yanga esa juda yosh edi.

Men yosh bola bo‘lsam ham u ayolni yaxshi tanirdim. Mahallamizga qo‘shni mahalladan kelin bo‘lib tushgandi.

Sabohat yanga juda chiroyli edi. O‘shanda biz unga o‘xshagan opamiz yoki yangamiz bo‘lishini juda xohlaganmiz. Bolalar bilan u kelin bo‘lib tushgan xonadonga tez-tez borib turardik. Shunda yanga biz bilan suhbatlashar, qand bilan mehmon qilardi.

Sabohat yanga birin-ketin ikki o‘g‘il tug‘di. Shundan so‘ng biz uchun uning bolalari ovunchoq bo‘lib qoldi. Yanga ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lganida biz uning bolalariga qarab turardik.

Turmush o‘rtog‘i Omon aka ham ochiqko‘ngil yigit edi. U Sabohat yangani juda yaxshi ko‘rar va shu sababli ham biz yanganing atrofida qancha o‘ralashsak ham indamasdi.

Aytishlaricha, Omon aka Sabohat yangani yaxshi ko‘rib qolgach, qo‘shni mahalla yigitlari bilan ko‘p marta to‘qnashgan, birida ustun kelgan bo‘lsa, boshqasida kaltak yegan, biroq ortga qaytmagan ekan.

Kattalar Sabohat yangani kelin qilib tushirib kelishda qo‘shni mahalla yigitlari yo‘lni to‘sgani va kuyovnavkar bo‘lib borgan yigitlar bilan katta janjal bo‘lganini hanuzgacha aytib yurishadi.

O‘shanda mahallamiz yigitlari yo‘lni ochish uchun qo‘shni mahalla yigitlari bilan basma-basga mushtlashishgan va yengib chiqishgan. Ertasi kuni to‘yda biri ko‘zi, boshqasi yuzi ko‘kargan holda qatnashgan.

Farzandlari tug‘ilgan paytda Omon aka va Sabohat yanga alohida bo‘lib chiqishgan edi. Ular Omon akaning ota hovlisiga yaqin joyda uy tiklashgandi. Omon aka va Sabohat yanganing oilasiga, hayotiga barcha havas qilardi. Biroq bunday totuv hayot uzoq davom etmadi.

Omon aka bahordan kuzgacha kolxozda mehnat qilar, qishda Toshkentga borib ishlab kelardi. Ana shunday kunlarning birida, eri uyda yo‘qligida Sabohat yanga vafot etdi. Eri Omon aka uning janozasiga yetib kela olmadi.

Omon aka Toshkentda o‘zi yashaydigan kvartiraning telefon raqamini qoldirgan ekan. Biroq u paytlarda qishloqlarda telefon yo‘q edi. Tuman markaziga chiqib o‘sha raqamga telefon qilishsa uy egasi u ishga chiqib ketganini aytibdi.

Omon aka ishdan tunda qaytgan. Kvartira egasi shumxabarni aytganda qishloq ahli Sabohat yangani ko‘mib kelib bo‘lgandi. Omon aka ertasi kuni ertalab yetib keldi.

Sabohat yanganing janozasiga men ham bormoqchi bo‘ldim, biroq oyim qo‘ymadi. “Yosh bolasan, qo‘rqishing mumkin”, dedi.

Yanganing tobutini uyimiz oldidan ko‘tarib o‘tishayotganda g‘alati bo‘lib ketdim. To‘n kiyib belini bog‘lab olgan erkaklar “vo jigarim” deb dodlab ketishardi.

Kechki payt otam va onam gaplashib o‘tirishganda Sabohat yanganing o‘limi tafsilotlarini eshitdim.

Ma’lum bo‘lishicha, Sabohat yanga eri Toshkentga ketadigan kunlarda bolalari bilan qaynotasinikiga borib yashab turar, Omon aka safardan qaytgach yana o‘z uylariga o‘tisharkan.

Kecha tunda Sabohat yanga uxlashdan avval tashqariga chiqibdi. Qarasa uyidan tutun ko‘tarilayotganmish. Shunda “uyimiz yonyapti” deb baqirib uyi tomonga yuguribdi. Shu holda ikki yuz metrcha joyni bosib o‘tib, uyining supasiga kelib yiqilibdi.

Uning baqirganini eshitgan qaynotasi, qaynonasi, qaynisi tashqariga chiqishgan va yanganing ortidan chopib borishgan. Yanga ularning ko‘z o‘ngida yiqilgan.

O‘sha paytda rostdan ham uyning bir burchagidan tutun chiqayotgan ekan. Qaynota tutunga e’tibor bermay qo‘shnining mashinasida avval kelinini shifoxonaga olib boribdi.

Shifokorlarning tashxisiga ko‘ra yanga vahimaga tushib, qattiq qo‘rqqan va qon bosimi juda ko‘tarilib ketgan. Oqibatda yurak atrofidagi asosiy qon tomirlari uzilib ketgan.

O‘shanda u nimagadir qoqilib emas, qon tomirlari uzilib ketganidan madorsizlanib yiqilgan ekan. Shifokorlar yangani saqlab qolishning iloji yo‘q deyishibdi. U shifoxonada jon beribdi.

Tutunni tekshirib ko‘rishsa, u mo‘ri uchun o‘rnatilgan va orqa devordan chiqarib qo‘yilgan quvurdan chiqayotgan ekan.

Yozda qushlar uya qurmasin deb quvurga zich qilib eski latta tiqib qo‘yilgan ekan. Qaysidir noinsof ko‘chadan sigaret chekib o‘tayotib, qoldig‘ini o‘sha quvurga tiqib ketgan. Oqibatda eski latta tutab, Sabohat yangaga o‘sha tutun ko‘ringan ekan.

Sabohat yanganing o‘limi qishloq ahliga qattiq ta’sir qildi va odamlar bir necha kun mo‘riga sigaret qoldig‘ini tiqib ketgan odamni qidirib ko‘rdi. Biroq natija bo‘lmadi va yanganing o‘limiga sababchi bo‘lgan odam baribir topilmadi.

Sabohat yanganing vafot etganiga ham 40 yildan oshdi. O‘shandan buyon mahallamizdan juda ko‘p odam olamdan o‘tdi. Lekin na o‘tganlardan, na tirik yurganlardan biron kishi o‘shanda sigaret qoldig‘ini mo‘riga men tiqqandim demadi.

Ko‘p o‘tmay Omon akaning qaynotasi nabiralarim begonaning qo‘liga tushib xor bo‘lmasin deb yana bir qizini unga nikohlab berdi. Biroq Omon aka Sabohat yangani unuta olmadi. Yanganing ikki o‘g‘li ulg‘aydi, Omon aka ularni uylantirdi. Hozir nabiralari ham katta bo‘lib qolishgan.

Uyimizda bir fotosurat bor. Unda onamning yonida chiroyli bir kelinchak jilmayib turibdi. Suratning orqa qismida “Sabohat va men, 198... yil” degan yozuv bor.

Onamning aytishicha, ular bu suratga Sabohat yanga endi kelin bo‘lib kelgan paytlarda tushishgan ekan. Har gal oilaviy suratlarni ko‘rganimda shu suratni ham obdan tomosha qilaman va bolalik paytlarimni, Sabohat yangani eslayman.

Ba’zida uni tushlarimda ko‘raman, biz bolalarga konfet tarqatayotgan bo‘ladi ...

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid