X kompaniyasi reklama beruvchilarni «boykot» uchun sudga berdi
Ilon Maskka tegishli X kompaniyasi reklama beruvchilarni ijtimoiy tarmoqqa «noqonuniy boykot» e’lon qilgani uchun sudga berdi.
Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli X kompaniyasi ijtimoiy tarmoqni «noqonuniy boykot» qilgani uchun reklama beruvchilar uyushmasi va bir qator alohida kompaniyalarni sudga berdi. Reklama beruvchilar boykoti AQShning monopoliyaga qarshi qonunlarini buzishi aytiladi. Bu haqda 6 avgust, seshanba kuni Financial Times nashri xabar berdi. «Biz ikki yil davomida tinchlikni saqlashga harakat qildik, ammo hozir urush boshlandi», dedi Ilon Mask sudga qilingan murojaatga.
X ijrochi direktori Linda Yakkarinoning aytishicha, da’vo brendlar va reklama agentliklari koalitsiyasi bo‘lgan Mas’uliyatli media global alyansi (GARM), shuningdek, Unilever va CVS kabi GARM a’zolariga qarshi qo‘zg‘atilgan.
X AQSh Vakillar palatasi yuridik qo‘mitasining iyun oyida e’lon qilingan hisobotidan keyin sudga murojaat qildi. Unda, boshqa narsalar qatori, GARM a’zolari Twitter platformasi Ilon Mask tomonidan sotib olinganidan so‘ng «barcha pulli reklamalarni to‘xtatish» uchun til biriktirgani da’vo qilingan. GARM asoschilaridan biri Rob Rakovits buni rad etdi.
Yakkarinoning so‘zlariga ko‘ra, bu boykot ta’siri «X foydalanuvchilarini «global shahar maydonchasi»dan mahrum qilishga urinishdir». «Sodda qilib aytganda, odamlar g‘oyalar bozori buzilgani va ba’zi qarashlar bir xil darajada moliyalashtirilmaganidan azob chekishadi», - deya qo‘shimcha qildi X ijrochi direktori.
GARM «noqonuniy yoki zararli» kontent monetizatsiyasiga qarshi
GARM - Butunjahon reklama beruvchilar federatsiyasi (WFA) tomonidan 2019 yilda tashkil etilgan tarmoqlararo tashabbus. GARM yaratilishiga bevosita sabab Kraystcherch masjidlaridagi otishma bo‘lib, terrorchi uni Facebook platformasida jonli efirda namoyish etgan. Yirik reklama beruvchilarni birlashtirgan tashabbusning maqsadi - mualliflar monetizatsiya qiladigan «noqonuniy yoki zararli» kontent yonida reklama joylashtirishni rad etish .
X’da natsizm va antisemitizm bo‘yicha mojarolar
Media Matters notijorat tashkiloti o‘tgan yilning 16 noyabrida Apple, Oracle va IBM kompaniyalarining X’da Hitler va natsizmni madh etuvchi postlar yonida ko‘rsatilgan reklamalariga e’tibor qaratdi. Shundan so‘ng Mask kompaniyasi rahbariyati Media Matters ko‘rsatgan akkauntlar «tozalangani» va ularga reklamadan pul ishlash taqiqlangani haqida xabar berdi. Bu akkauntlardagi natsistlarni qo‘llab-quvvatlovchi postlar «sezgir kontent» sifatida belgilangan.
Yana bir janjal 2023 yil 15 noyabr kuni Mask yahudiy jamoalarini «oq tanlilarga nisbatan nafrat»ni tarqatishda ayblagan boshqa foydalanuvchining tvitini qo‘llab-quvvatlaganidan keyin boshlandi. Yahudiy xalqi «o‘z mamlakatining cho‘kib ketishini qo‘llab-quvvatlovchi ozchilik qo‘shinlari ularni unchalik ham yoqtirmasligini tashvishli anglab yetmoqda», deb aytilgan foydalanuvchi postida. Mask: «Siz mutlaq haqiqatni aytdingiz», deb javob berdi. Shundan so‘ng Mask antisemitizmga qarshi kurashuvchi Amerika yahudiy NNT bo‘lgan Antidiffamatsion ligani «oq tanlilarga qarshi irqchilik, osiyoliklarga qarshi irqchilik yoki har qanday irqchilikni amalda targ‘ib qilishda» aybladi.
Mavzuga oid
20:07 / 16.12.2024
WSJ: Ilon Mask o‘z kompaniyasi AQSh harbiylari va razvedka topshirig‘i bilan kosmosga nimalar jo‘natayotganini bilmaydi
22:55 / 11.12.2024
Ilon Mask 400 milliard dollardan ortiq boylikka ega dunyodagi birinchi odamga aylandi
17:25 / 03.12.2024
Sud Tesla kompaniyasiga Ilon Maskka 56 mlrd dollar to‘lashni taqiqladi
21:33 / 24.11.2024