Jamiyat | 17:44 / 12.08.2024
8126
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda 7-sinf qizi farzand ko‘rdi. U maktab o‘quvchilari tomonidan zo‘rlangani aytilmoqda

Shovot tumanidagi maktablardan birining 8- va 10-sinf yigitlari qizaloqni zo‘rlagani, shundan so‘ng u farzand ko‘rgani aytilmoqda. Voqea ortidan 2 nafar sinf rahbari va bir psixolog ishdan bo‘shatilgan. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davom olib borilmoqda.

Tarmoqlarda Xorazmning Shovot tumanida yashovchi 13 yoshli qizaloq farzand ko‘rgani haqida xabarlar tarqaldi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat haqiqatan ham hududdagi maktablardan birida tahsil oluvchi 7-sinf qizi bilan sodir bo‘lgan. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qiz bilan bir maktabda o‘quvchi 8- hamda 10-sinf bolalari gumonlanuvchi sifatida ishga jalb etilgan.

Boshqarmaga ko‘ra, qizcha kamgap va yuvosh xarakterga ega, o‘qish davomida maktabning barcha tartib qoidalariga rioya qilgan, biror marotaba dars qoldirmagan. O‘rganishlar davomida o‘quvchi qiz doimiy ravishda yerga qarab, boshini ko‘tarmay, o‘ta kamgap va tengdoshlariga kam aralashgan holatda maktabga kelib yurgani ma’lum bo‘lgan.

Faoliyati davomida beparvo bo‘lgani sabab maktabning ikkita sinfi rahbarlari hamda maktab psixologi ishdan bo‘shatilgan.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan shu yil 19 iyul kuni Joniyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish yuzasidan tergov harakatlari davom etayotgani, ayni vaqt 13 yoshli qizning sog‘lig‘i nazoratdaligi, unga vaziyat yuzasidan ijtimoiy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi. Qo‘shimcha axborot berilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid