Jahon | 20:45 / 13.08.2024
10032
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi urush va garovdagilar taqdiri. Netanyahu va mudofaa vaziri o‘rtasida bahs yuzaga keldi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Gallant G‘azoda ushlab turilganlarni ozod etish uchun o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgani borasida bir-birini tanqid qildi.

Foto: Reuters

Gallant Netanyahuning Hamas ustidan to‘liq g‘alabaga erishish maqsadini «safsata» deb atagan, Netanyahu bunga javoban mudofaa vazirini Isroilga qarshi ritorikada ayblagan.

Bu kelishmovchilik mintaqadagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli bo‘yicha xavotirlar ortayotgan pallada yuzaga keldi: Isroildagilar Tehronda Hamas siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya va Bayrutda «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondoni Fuad Shukr o‘ldirilganiga javoban Eron hamda uning Livandagi proksi guruhi tomonidan javob qaytarilishini kutmoqda, AQSh esa Yaqin Sharqdagi harbiy mavjudligini oshirmoqda.

«Garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolishiga qisman Isroil sababchi bo‘ldi», — deya Gallantning dushanba kuni parlament qo‘mitasi uchun yopiq brifingda aytgan so‘zlaridan iqtibos keltirgan Isroil nashrlari.

Gallant Isroil qarshisida turgan, mamlakat shimolida «Hizbulloh» va G‘azoda Hamas bilan mojaroga barham berishi mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv hamda urushda keskinlikni kuchaytirish bo‘yicha tanlovlarni muhokama qilgan.

«Men va butun mudofaa vazirligi birinchi variantni qo‘llaymiz», — degan u va Netanyahu urush maqsadi sifatida G‘azoda Hamas ustidan to‘liq g‘alabaga erishishni belgilab olganini «bema’nilik» deb atagan.

Gallantning so‘zlari OAVda paydo bo‘lganidan bir necha soat o‘tib Netanyahu javob chiqishini amalga oshirdi, uning kanselyariyasi e’lon qilgan bayonotda Gallant garovdagilarni ozod etish bo‘yicha kelishuvni xavf ostiga qo‘yishda ayblanadi.

«Gallant Isroilga qarshi ritorika bilan chiqqanida, u kelishuvga erishish imkoniyatlariga zarar yetkazadi», — degan Netanyahu va Hamas yetakchisi Yahyo Sinvar — «kelishuv yo‘lidagi yagona to‘siq bo‘lgani va shunday bo‘lib qolayotgani»ni aytgan.

Netanyahu Isroil uchun urushdagi maqsad «to‘liq g‘alaba», Hamasni yakson etish va o‘tgan yil 7 oktyabrida garovga olinganlarning qolganlarini ham ozod etish ekanini ta’kidlagan.

«Bu bosh vazir Netanyahu va xavfsizlik kabinetining aniq ko‘rsatmasi bo‘lib, u barcha uchun, jumladan Gallant uchun ham majburiydir», — deyiladi bosh vazir idorasi bayonotida.

«Bugun Tashqi ishlar va mudofaa qo‘mitasida o‘tkazgan xavfsizlik masalalari bo‘yicha brifing vaqtida men urushning maqsadlariga erishish, Hamas yo‘q qilinmagunicha va garovga olinganlar qaytarilmagunicha kurashni davom ettirish niyatida ekanimni qayd etdim», deyiladi Gallantning bunga javoban berilgan bayonotida.

U shuningdek urush boshlanganidan buyon tinmayotgan, jumladan dushanba kuni ham ro‘y bergan «axborot sizib chiqishi»ni qoralagan.

Netanyahuning «Likud» partiyasi a’zosi bo‘lgan Gallant bundan oldin ham bosh vazir bilan nizolashgan.

O‘tgan yili u ommaviy namoyishlar kelib chiqqanidan keyin Netanyahu hukumatini Isroil sud tizimini qayta tashkil etish bo‘yicha taklifni amalga oshirishni to‘xtatishga chaqirgandi.

May oyida Gallant G‘azoni urushdan keyin boshqarish bo‘yicha reja yo‘qligi Isroilni anklavni doimiy ravishda egallab turishga majbur qilishi mumkinligi, bu esa «hech qanday maqsadsiz qon to‘kilishi va qurbonlar»ni talab qilishini aytgandi.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, isroillik mulozimlardan biri shaxsi sir qolishi sharti bilan, Netanyahu o‘ziga qarshi chiqqaniga qaramay, Gallantni mudofaa vaziri lavozimidan ozod etmoqchi emas.

Hamas siyosiy byurosi a’zosi Izzat al-Rishk «Gallantning iqrori (…) biz doim aytib kelgan gaplarni tasdiqlaydi» degan.

«Netanyahu butun dunyoni va garovdagilarning oilalarini aldab keladi, uni garovdagilarning hayoti tashvishga solmaydi va u kelishuvga erishishni istamaydi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Dam olish kunlarida minglab isroilliklar garovdagilarning oila a’zolari bilan birgalikda bosh vazir Binyamin Netanyahuga qarshi namoyishga chiqib, zudlik bilan garovdagilarni ozod etish hamda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishni talab qilishdi

Hamas vakillari, Isroildagi ayrim tahlilchilar va tanqidchilar bir necha marta Netanyahuni o‘zining siyosiy foydasi uchun harbiy harakatlar uzoq cho‘zilishiga intilishda ayblagandi.

Isroil va Hamas o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bir necha bor turli sabablarga ko‘ra barbod bo‘ldi.

Vositachilar ishtirokida muzokaralarning navbatdagi bosqichi 15 avgust kuni Doha yoki Qohirada boshlanishi kutilmoqda. Shu kunlarda Hamas yangi rejalarni ishlab chiqishga vaqt sarflamasdan, AQSh prezidenti Jo Bayden may oyida taklif qilgan rejaga qaytishni istayotganini ma’lum qilgandi.

O‘tgan haftada Bayden, shuningdek, Misr va Qatar yetakchilari uchrashuvda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha «yakuniy» taklifni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Netanyahuning idorasi Isroil uchrashuvga muzokarachilar jamoasini yuborishini ma’lum qilgan. Uchrashuvda Hamas vakillari ham ishtirok etishi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Yakshanba kuni Hamas o‘z bayonotida urchashuvda ishtirok etishdan manfaatdor emasligini xabar qilib, tashkilot avvalroq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rozilik berganini qo‘shimcha qilgandi.

Bu haftada Bayden ma’muriyatidagi bir qancha yuqori martabali mulozimlar G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga undash, Eron yoki uning tarafdorlarining Isroilga ehtimoliy hujumlarining oldini olish maqsadida Yaqin Sharqning turli mamlakatlariga tashrif buyurdi, deb xabar bergan Amerikadagi manbalar.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns Qatarga borgan, Baydenning Yaqin Sharq bo‘yicha koordinatori Brett Makgurk Misrda ham, Qatarda ham bo‘lgan, Oq uyning katta maslahatchisi Amos Xoxshteyn Livanga tashrif buyurgan.

Dushanba kuni Oq uy Baydenning Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya rahbarlari bilan birgalikdagi qo‘shma bayonotini e’lon qildi, unda ular o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan va shunday deyishgan: «Endi behuda vaqt sarflash kerak emas».

Siyosiy yetakchilar shuningdek «Eronni Isroilga harbiy hujum uyushtirish bo‘yicha doimiy tahdidlarini to‘xtatish»ga chaqirgan.

Bu vaqtda esa isroillik harbiylar G‘azo janubi-g‘arbidagi Xon Yunus shahri atrofida yashovchi tinch aholi vakillariga «gumanitar zonalar»ga evakuatsiya qilishni buyurib, o‘z yurishini davom ettirmoqda. Ammo, ko‘plab falastinliklarning so‘zlariga ko‘ra, isroillik harbiylar gumanitar zonalar sifatida belgilagan hududlarda ham yashash uchun eng zarur bo‘lgan vositalar yetishmayapti.

Mavzuga oid