O‘zbekiston | 19:47 / 15.08.2024
27574
4 daqiqa o‘qiladi

Ikkita mashina, uchta uy va naqd pullar – sobiq vazirning bir nechta mulki davlatga yetkazgan zararini qoplash uchun xatlangan

7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan sobiq Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Muzaffar Soliyev jinoiy sheriklari bilan 5 mln AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilganlikda ayblandi. Davlatga yetkazilgan zarar summasini qoplash uchun sobiq vazirning bir nechta mulklari xatlangani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mulklarning ayrimlari uning turmush o‘rtog‘i nomida bo‘lgan.

Foto: Nurafshon shahar hokimligi

Sobiq Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri va Nurafshon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan Muzaffar Soliyev 7 yilga qamaldi. U davlat mulkini talon-toroj qilish va mansab soxtakorligi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi.

Sud hukmida keltirilishicha, Muzaffar Soliyev Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri lavozimida ishlab kelib, mansabdor shaxs bo‘lgan holda jinoiy sheriklari bilan katta miqdordagi davlat mablag‘larini talon-toroj qilgan. U vazirlik huzuridagi «Kommunxizmat» agentligi, «Sirdaryo suv ta’minoti» MChJ, Jahon banki loyihalarini muvofiqlashtirish guruhi, Janubiy Koreyaning «Hyunsang Constructon Co.Ltd», Ozarboyjonning «Caldash» va «Texno-Atinak LTD», Xitoyning «China Petroleum Pipeline Engineering Co. Ltd», Birlashgan Arab Amirliklarining «Constanta limited», Shvetsariyaning «Eler New energy power AG» korxonalari hamda «Texno-Atinak Tashkent» MChJning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari bilan til biriktirgan.

Jinoiy guruh talon-torojlikni asosan «Sirdaryo viloyatining Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Sardoba va Oqoltin tuman markazlarini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash» loyihasi doirasida amalga oshirgan. Mazkur loyiha qiymati 138,65 mln (Jahon banki tomonidan 88 mln, davlat budjetidan 51 mln) AQSh dollari bo‘lib, u Jahon banki ishtirokida amalga oshirilgan. Loyiha doirasida Sirdaryo viloyatining 155 ta qishloq aholi punktlarida yashovchi 354 ming aholini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi, quvvati 154 ming metr kub/sutka bo‘lgan suv olish inshooti, 1 064 km suv tarmog‘i, 57 ta suv tarqatish inshooti, 35 ta suv minorasi qurish rejalashtirilgan.

Muzaffar Soliyev va uning jinoiy sheriklari ushbu loyiha doirasida 10 ta holatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish va boshqa shakllarda jami 5 mln AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilib, taqsimlab olishgan. Ularning eng katta “ishi” 2 mln dollar bo‘lgan: jinoiy guruh 2 mln 8 455 ming dollar miqdoridagi ish turlari amalda bajarilmagan bo‘lsa-da, soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritilgan to‘lov sertifikatlari va to‘lov buyurtmanomalarini tuzib, ularni Jaxon bankiga taqdim qilgan. So‘ngra ushbu mablag‘ni «China Petroleum Pipeline Engineering Co. Ltd» korxonasiga o‘tkazishga erishib, naqdlashtirgan holda o‘zaro taqsimlab olgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, dastlabki tergov davrida Muzaffar Soliyevning bir nechta mulklari xatlangan. Jumladan, uning nomidagi Lada mashinasi (149 mln so‘mlik), Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Mirobod mahallasidagi uy (1 mlrd 976 mln so‘mlik), turmush o‘rtog‘ining nomida bo‘lgan Tracker mashinasi (204 mln so‘mlik), Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi (1 mlrd 229 mln so‘mlik) hamda Mirobod tumanidagi (1 mlrd 846 mln so‘mlik) xonadonlar, shuningdek, Soliyevning uyidan olingan 14 600 AQSh dollari xatlanib, yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan.

Shuningdek, Muzaffar Soliyevning jinoiy sheriklari tomonidan topshirilgan pul mablag‘lari ham davlat foydasiga o‘tkazilgan.

Mavzuga oid